Mo‘ynoqda Qizil kitobga kiritilgan 13 bosh jayron noqonuniy ovlangan
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat inspeksiyasining “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq hududida suv ob’yektlarini muhofaza qilishga ixtisoslashgan tezkor nazorat guruhi” xodimlari tomonidan 2019 yil 23 sentyabr, kechasi soat 3:00 da Mo‘ynoq tumani Qozoqdaryo OFY hududidan oqib o‘tuvchi “Aqshadaryo” kollektori atrofida o‘tkazilgan tungi reyd natijasida UAZ-469 rusmli davlat raqami 95 V 654 DA avtomobili to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda ichida ikki dona ov miltig‘i va o‘n uch bosh jayron borligi aniqlandi.
Brakonerlar T.B. “TOZ-63” va P.A. “IJ-18” rusumli ov miltig‘i yordamida “O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobi”ga kiritilgan 13 bosh jayronlarni 2019 yil 22 sentyabrda, kunduzgi soat 15:00-17:00 orasida noqonuniy ov qilganliklari aniqlandi.
Ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ayni damda noqonuniy ov bo‘yicha barcha hujjatlar to‘planib, Orol tabiatni muhofaza qilish prokuraturasiga yuborilmoqda.