Muallim ta’rifida

(Birinchi o‘qituvchim - mehnat faxriysi Hamid aka Oripovga)

 

Dunyoga toj erur ustozlar abad,

Sizga shogird erur har qanday olim.

Taxtlar talosh bo‘lgan paytlarda minba’d -

Shahzodalar suygan Sizni, muallim!

 

Kamalak tusida tarix turlanar,

Muarrixlar shon, deb bitgaydir doim.

Siz aytgansiz: baland uchar turnalar -

Ziyo sochganga qanot bermish Xudoyim.

 

Lahza sayin olam tovlanar ajab,

Urug‘ yerga tushsa - unishi ma’lum.

Ne-ne lahzalardan umrlar asrab -

Dunyoga tikkansiz ko‘zni, muallim!

 

Hayot Sizdek boshim silaydi devdim,

Loqaydligim sabab ezilgay dilim.

Men chala o‘qibman, dangasa edim,

Men kechroq ochibman ko‘zni, muallim!

 

Kimdir otga mingan, kimdir piyoda -

Poygada yugurar davru davronlar.

Iqboli balanddir, tole ziyoda -

Ustozidan duo olgan yoronlar!

 

Otam, onam kabi mehribonim - Siz,

Shaytonlar sabog‘i bezdirdi ko‘nglim.

Ko‘kka tikilsam gar, Siz osmonimsiz -

Tik bo‘l, deb suyaysiz bizni muallim!

 

Sizdan o‘rnak bizga yurish-turishlar,

Oq ko‘ylak kiy, degan sarishtamdirsiz.

Vatanni she’r demas vatanfurushlar -

Siz she’rni hidlatgan farishtamdirsiz!

 

Sehrgar atasam, fahmim yetmagay,

Siz sabab g‘ururga to‘ladir dilim.

Avliyo desam gar haqim ketmagay -

Sizdan oldim VATAN so‘zin muallim!

 Bahriddin SADRIDDINOV,

Navoiy shahri.