Muammolarga barham berishda qonun ijodkorligi ham muhim
Unda 2017 yilda amalga oshirilgan ishlarning yakuni, jumladan, xalq bilan muloqot qilish, uning dardu tashvishlari, hayotiy muammolarini o‘rganish va ularni samarali hal etish bo‘yicha yangi tizim yaratilgani alohida ta’kidlandi.
Murojaatnomada 2018 yilda mamlakatni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari keltirilgan bo‘lib, ular 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq ishlab chiqilgan va uni amalga oshirishga qaratilgan.
Davlatimiz rahbari 2018 yilga Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili deb nom berishni taklif etgani mamlakatmizda biznes faoliyatini innovatsion, ya’ni zamonaviy yondashuvlar, ilg‘or texnologiya va boshqaruv usullari asosida rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Murojaatnomada ko‘pgina sohalarda o‘z yechimini kutayotgan masalalarning mavjudligi hamda to‘liq ishga solinmagan salohiyat haqida alohida so‘z yuritilganligi bilan ham ahamiyatlidir. Prezidentimiz vakillik organlari faoliyatiga xolisona baho berar ekan, islohotlarimiz samarasini oshirishda senator va deputatlarning o‘rni sezilarli darajada oshishi lozimligiga e’tibor qaratdi.
Xususan, deputatlarning nafaqat nazorat-tahlil faoliyati, balki qonun ijodkorligi faoliyati ham joylardagi muammolarni bartaraf etishga yo‘naltirilishi lozim. Biz bu vazifani mas’uliyatni his qilgan holda bajaramiz.
Davlatimiz rahbari tomonidan Murojaatnomada bayon qilingan reja va loyihalar, hech shubhasiz, mamlakatimiz taraqqiyotini, xalqimiz farovonligini yangi, yanada yuksak bosqichga ko‘tarishga xizmat qilishiga ishonamiz.
Sahobiddin ARZIQULOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.