Muammolarga o‘zimiz ham sababchi, ular tizimli hal qilinishi kerak
2022 yil 15 dekabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida tadbirkorlik va sanoatni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektorda bugungi og‘ir vaziyatda elektr va tabiiy gaz tarmoqlariga noqonuniy ulanishlar, o‘g‘riliklar davom etayotgani, bunga joylardagi rahbarlar befarq bo‘layotganiga chidab bo‘lmasligi qayd etilib, bu boradagi ishlarni jadallashtirish maqsadida mutasaddilarga ikki oy davomida favqulodda rejimda ishlashga topshiriq berilgan edi.
Joriy yil yanvar oyi davomida Energetika vazirligi huzuridagi «O‘zenergoinspeksiya» va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 511 ta holatda 6,7 mln. kVt elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan. Oqibatda tizimga 5,6 mlrd. so‘m zarar yetkazilgani aniqlangan.
Bu boradagi kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida davlat rahbari huzurida 6 fevral kuni energiya ta’minoti sohasidagi nazoratning vertikal tizimini joriy etish, jumladan, elektr energiyasi va tabiiy gazni yetkazib berish va tarmoqlarga ulanishda huquqbuzarliklarga qarshi kurashni kuchaytirish va tartib-intizomni ta’minlash yuzasidan nazorat tizimini tartibga solishga bag‘ishlangan chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda energiya yetkazib berish va hisob-kitob tizimidagi muammolar tanqidiy tahlil qilindi. Ushbu videoselektor yig‘ilishidagi topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Samarqand shahar Xalq qabulxonasi, 2-sektor rahbari, Samarqand shahar elektr tarmoqlari korxonasi va boshqa mas’ul tashkilot rahbarlari ishtirokida ishchi guruh tuzildi.
Tahlillarga ko‘ra, yanvar oyida Samarqand shahar aholisidan Prezident virtual va xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlar soni 1939 tani (2022 yilda 1590 ta) tashkil etmoqda. Kelib tushgan murojaatlarning 317 tasi elektr energiyasi (2022 yilda 111 ta), 243 tasi gaz ta’minoti (2022 yilda 61 ta) bilan bog‘liq. Ushbu raqamlar ta’minot sohasida muammolar ko‘pligini ko‘rsatib turibdi.
Ishchi guruh tomonidan shahardagi Qo‘shbaqqoli mahallasidagi xonadonlar va ijtimoiy ob’yektlardagi qarzdorlik hamda elektr energiyasiga noqonuniy ulanish holatlari o‘rganilganda bir qator qonunbuzilish holatlari aniqlandi.
Jumladan, mahallaning Usta Umar Jo‘raqulov ko‘chasidagi novvoyxonaning 3 mln. 800 ming so‘m, Zehniy ko‘chasi 35-uyda yashovchi fuqaroning 18 mln. so‘m, Cho‘pon ko‘chasi 54-uyda yashovchi fuqaroning 1 mln. 500 ming so‘m, Davlatshoh Samarqandiy mahallasi Minsk 1-tor ko‘chadagi mebel ishlab chiqarish sexining 10 mln. so‘m qarzdorligi borligi aniqlanib, tarmoqdan uzildi.
Qo‘shbaqqoli mahallasi Usta Umar Juraqulov ko‘chasida yashovchi fuqaro 5 mln. so‘m, Davlatshoh Samarqandiy mahallasida yashovchi fuqaro 15 mln. so‘m qarzdorligi sababli tarmoqdan uzib qo‘yilgan bo‘lishiga qaramasdan o‘zboshimchalik bilan tarmoqqa noqonuniy ulanib olganligi aniqlandi.
Elektr energiyasidan ko‘p miqdorda qarzdorlik hamda tarmoqdan noqonuniy foydalanish respublika byudjetiga va energiya resurslarini yetkazib berish tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Oqibatda aholi orasida norozilik kayfiyati uyg‘onishiga va murojaatlar soni keskin ortishiga sabab bo‘ladi.
Shu bilan birgalikda Xalq qabulxonasi va Samarqand shahar elektr tarmoqlari korxonasi bilan hamkorlikda xonadonlarga o‘rnatilgan hisoblagichlarning soz holatda ishlayotganligi, qarzdorlik hamda tarmoqqa noqonuniy ulanganlik holatlarini aniqlash maqsadida xatlov o‘tkazilmoqda.
X.Turdiyev,
Samarqand shahridagi Xalq qabulxonasi yetakchi mutaxassisi.