Mudhish qotillik fosh etildi: "Qo‘qon-Toshkent" yo‘nalishi bo‘ylab qatnovchi haydovchini mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi o‘ldirgani aniqlandi

Joriy yilning 5 yanvar kuni Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida yashagan 1962 yilda tug‘ilgan marhum Kamoljon Yuldashev o‘ziga tegishli bo‘lgan “Cobalt” avtomashinasida «Qo‘qon-Toshkent» yo‘nalishi bo‘ylab kira qilish maqsadida yashash xonadonidan chiqib ketib, qaytib kelmagan. Bedarak yo‘qolgan K.Yuldashev boshqaruvida bo‘lgan bo‘lgan “Cobalt” avtomashinasi 8 yanvar kuni Toshkent viloyati Ohangaron shahri, Yangiobod mahallasi hududida, uning murdasi esa tan jarohatlari bilan “Angren” daryosi qirg‘og‘idan topilgan edi.

Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmasi hamda prokuratura xodimlari tomonidan olib borilgan qidiruv surishtiruv ishlari davomida mazkur mudhish jinoyat ishi fosh etildi.

Ushbu jinoyatning 1998 yilda tug‘ilgan, mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi U.Yo. tomonidan sodir etilganiga yetarli ma’lumot va dalillar to‘planib, Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «i» bandi bilan gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan. Gumonlanuvchi U.Yo. aybiga iqrorligini o‘z arizasida ham bayon qilgan.

Shuningdek, surishtiruvlar davomida gumonlanuvchi U.Yo.ning Ohangaron va Olmaliq shaharlarida sodir etgan boshqa (o‘g‘irlik) jinoyatlari ham fosh etilgan.

Toshkent viloyati IIBB axborot xizmati xabariga ko‘ra, hozirda mazkur jinoyat ishlari yuzasidan Ohangaron shahar IIB TB tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.