Mudofaa ishlari bo‘limi mavsumga tayyormi?
Payariq tumani mudofaa ishlari bo‘limi faoliyati bilan yaqindan tanishish jarayonida ushbu fikrning naqadar haqiqatligiga amin bo‘ldik.
Tegishli binolarning xarob ahvoldaligini tan olgan tuman mudofaa bo‘limi mutasaddilari bergan ma’lumotlarga qaraganda, tashkilotning ma’muriy binosi 1937 yilda asalarichilik xo‘jaligida foydalanish uchun bunyod etilgan. 1950 yilda bu yerga tuman mudofaa ishlari bo‘limi ko‘chirib o‘tkazilgan. Hozirga kelib, binoning ahvoli o‘ta achinarli holatga kelgan. Yog‘ingarchilik kunlari bino tomidan chakka o‘tadi. Chunki salkam 70 yil mobaynida shifer va pollar o‘z muddatini o‘tab bo‘lib, chiriy boshlagan.
Issiqlik ta’minoti, kanalizatsiya tizimi mavjud emas. Xonalarda ishchi-xizmatchilar faoliyati uchun umuman sharoit yaratilmagan. Safarbarlik ishlarini olib borish uchun boshqaruv, nazorat va umumlashtirish guruhi xonalari yo‘q.
2008 yilda qurilishi boshlanib, sakkiz yildan keyin foydalanishga qabul qilingan chaqiruv punkti binosining ahvoli ma’muriy binodagidan-da xarob. Bo‘lim xodimlarining aytishicha, 2010 yilda chala bitgan binoni o‘sha paytdagi mudofaa bo‘limi boshlig‘i qabul qilmagan. Sababi, bino chiqindilar bilan to‘ldirilgan eski hovuz o‘rnida barpo qilingan bo‘lib, hali bitmasidan poydevori cho‘ka boshlagan. Bino qurilishiga mas’ul idora rahbari esa qayergadir g‘oyib bo‘lgan.
– Binolarimiz, umuman, tashkilotimizdagi shart-sharoit chaqiruvni sifatli amalga oshirish talablariga javob bermasligi borasida tuman hamda viloyat hokimligining harbiy masalalar bo‘yicha mutasaddilariga bir necha bor murojaat qilganmiz, – deydi tuman mudofaa ishlari bo‘limi bo‘linma boshlig‘i Sh.Shakarov. – Ayni paytda 30 xonadan iborat ma’muriy binoning 13 ta, ikki yil oldin foydalanishga qabul qilingan yangi chaqiruv punkti binosidagi mavjud 30 ga yaqin xonalarning 15 tasidan foydalanib kelyapmiz, xolos.
Aslida, 20 nafarga yaqin xodim ishlayotgan xonalar ham avariya holatida. Har yili xodimlarimiz o‘z hisobidan xonalarini ta’mirlashga majbur bo‘lishyapti. Yiliga 4 mingdan ziyod harbiy xizmatga chaqiriluvchilar, kuniga yuzlab aholiga xizmat ko‘rsatuvchi muassasamizning bugungi ahvolidan o‘zimiz ham uyalamiz.
Darhaqiqat, tuman mudofaa bo‘limi hovlisiyu pastqam binolari, hatto xonalardagi mebel jihozlari o‘tgan asrning 50-yillarida suratga olingan fotolavhalar, kinolarda ko‘rganlarimizni eslatadi. Ma’muriy binodagi qaysi xonaga kirmang, zax hidi anqiydi. Xonalar sovuq, aksariyat xonalarning poli beton. Ilma-teshik bo‘lib ketgan taxta polli xonalarga kirgan kishi qadamini o‘ylab bosmasa, qulab tushadi. Eski binoning tomi qulash arafasida turibdi. Tuman hokimligi bundan uch yil avval "sovg‘a qilgan" birgina kompyuterni aytmasa, muassasada mavjud 11 ta kompyuterning aksariyati foydalanishga yaroqsiz (olinganiga 10 yildan oshgan) holga kelib qolgan. Ajablanganimiz, muassasada xonalar tozaligini ta’minlovchi xodim ham ajratilmagan. Har kim xonasini o‘zi yoki ishchi yollab tozalar ekan.
Ikki yil burun tuman va viloyat mutasaddilarining qistovi bilan foydalanishga majburan qabul qilingan chaqiruv punkti binolarida hosil bo‘lgan yoriqlar tufayli xodimlar yuragini hovuchlab ishlayotganliklarini ta’kidlashdi.
Sababi avval mavjud bo‘lgan hovuz naridan-beri chiqindi aralash tuproq tortib ko‘milib, uning ustida barpo etilgan binoning tayanch devorlarida yirik yoriqlar paydo bo‘lgan. Hatto pollar cho‘kishi sabab o‘ydim-chuqur bo‘lib, beton plitalar qo‘porilib ketgan. Buning oqibatida eshik-derazalar qiyshayib, me’yorida ochilib-yopilmaydigan holatga kelib qolgan. Eskiyu yangi binolarning shifer va tunuka tomining ayrim qismlari shamol tufayli ko‘chib tushgan.
– 1978 yili xuddi shu joydan armiyaga ketganman, – deydi To‘polos mahallasida yashovchi E.Mamatov. – O‘sha paytlarda bu yerda fayz bor edi. Bugun bo‘lim binolari xarobligini, shart-sharoitlarning yo‘qligini ko‘rib, achinib ketdim.
Xullas, bunday achinarli holat bilan payariqlik yoshlarda harbiy-vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirish masalasini hal etib bo‘lmaydi, albatta. Yoshlarda harbiylikka havasni uyg‘otish, Vatanimiz xavfsizligini mustahkamlash, uning mudofaa qobiliyatini kuchaytirishdek g‘oyat muhim maqsadlar ro‘yobida mudofaa ishlari bo‘limlarining ham munosib o‘rni borligi inobatga olinsa, tuman hokimligi hamda sohaga tegishli mutasaddi idoralar masalaga jiddiy yondashadi, degan umiddamiz.
Abdug‘ofur ShERXOLOV,
«Zarafshon» muxbiri.