Mukofot muborak bo‘lsin, Suyundik bobo!

Navoiylik Suyundik Mustafo Nurotoiy saytimiz va «Zarafshon» gazetasining fidoyi obunachilaridan. Otaxon ijodkor Prezidentimiz Farmoniga ko‘ra, «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlandi.
Biz, tahririyat xodimlari Suyundik otani ushbu yuksak mukofot bilan qutlab, ijodiy ishlariga omad tilaymiz.
Quyida Suyundik Mustafo Nurotoiyning hayotiy hikoyalaridan birini e’tiboringizga havola qilamiz.
***
OT HAM YIG‘LAYDI
Qodir chavandoz to‘qsondan oshib, yuzga yuzlanganda ham ot-u ko‘pkari haqida aytganlaridan adashmay, jo‘shib yurdi. Oqtov chobarasida u kishidek so‘zidan adashmagan yana kim borligini eshitmaganman. Alqissa, deganlaridan ololgancha olganman:
Kolxoz vaqti deng. Qirq beshinchi yillar. G‘alla avj, ot avj. O‘n ikki-o‘n uch yoshli bolalarmiz. Tengi to‘shimiz bilan yoz – uch oy egardan tushmay xirmon yanchamiz. Na tinim bor, na qo‘nim. Yigitlarning sarasi frontda. Ish ham, tashvish ham bizga, yana xotin-xalajga qolgan. Boshga tushganini ko‘z ko‘radi, deganlaridek, tolmaymiz ham, charchash nimaligini bilmaymiz ham. Bolalik ekan, otning ustiga minib yolini bir silasak, yo bir lo‘killatib sug‘orib kelsak, charchog‘imiz yozilib, chiroyimiz ochilardi-ketardi.
Odamlar ham, otlar ham zo‘r edi. Qo‘shda ham ot, xirmonda ham ot deng. Beminnat jonivorning o‘zi bir xazina edi-da... Xullas, bir kuni charchagandan charchadik. Otlar cho‘zilib, ho‘pchilar (xirmon yanchuvchilar) timtik bo‘ldi. Xirmon begimiz Safarboy bobo ishorasi bilan to‘xtab, otlarni chorga (bug‘doy saralangandan keyin qoladigan qoldiq) qo‘ydik. Ular lablarini uzun cho‘zib, suvlig‘ini shiqillatib emishga tarmashdi. Men xirmonga boshimni qo‘yib, chalqancha yotgancha otlarni kuzataman. Bir vaqt deng ular birin-ketin boshini siltab ko‘tarib qiblaga burilishdi. Og‘zidagini ham chaynamay ne vaqt dong qotib turdi. Hushyor tortdim. Savol so‘raganday bo‘lib, xirmon begiga qaradim:
– Bobo, nima bo‘ldi?
– O‘takang yorilmasin, birov kelayotgandir-da.
– Qani?
– Hanovi cho‘p tovoqni ol-da, teskari qo‘yib quloq tut. Kelayotganni qulog‘ing “ko‘rsatadi”.
Ishonib-ishonmay aytganini qildim. Voqean, uzoqdan chopib kelayotgan tuyoq tovushi ravon eshitilar edi. Ko‘p o‘tmay bir qora ko‘rindi. Tanidik. Qayum mol do‘xtir. Qo‘lida belbog‘i, boshi uzra azot aylantirib jar solib kelayotir:
– Urush tugadi, og‘ayin, urush tugadi! Suyunchingni qo‘yningdan ol, urush oxir bo‘ldi, og‘ayin!..
Xursandchilik ham qiziq bo‘lar ekan. O‘rnimizdan duv turib, joy-joyimizda haykalday qotib, angrayib qolganmiz. Safarboy bobo ikki qo‘lini ko‘kka cho‘zganicha, ko‘zidan javlab oqayotgan yoshni sidirmaydi ham, atrofga qaramaydi ham. Irg‘alib-irg‘alib, chayqalib-chayqalib, shilq-shilq yig‘laydi...
Otlar adrayib qoldi. Kavshab turgan chori lablaridan oqib, quloqlari timtik bo‘ldi, ko‘zlaridan jovdirab yosh tomchiladi. Bedovda farosat bo‘ladi, deyilishi bejiz emas ekan. Mana, biz guvoh, otni odamga qo‘shilib ro‘y-rost yig‘laganini ko‘zimiz bilan ko‘rdik...
Shukrki, bu ko‘zyoshlar xursandchilikdan edi. Bola emasmizmi, bir fursat o‘tib, bir-birimizga jo‘r ovoz bo‘lib, bir-birimiz bilan quchoqlashib, bor kuchimiz bilan baqira boshladik:
– Ur-re-ye-ye, u-ru-sh tugadi-i-i-i!..