Mulkdorlarning qachon kommunal xizmatdan ko‘ngli to‘ladi?
Bugungi kunda Samarqandda 2 mingdan ortiq ko‘p qavatli uylar bor. Ularda 225 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Har yili yana o‘nlab shunday uylar qurilyapti. Bu o‘z-o‘zidan uylarga sifatli kommunal xizmat ko‘rsatish talabini oshiradi, degani. Ammo bu talab qondirilyaptimi? Afsuski, yo‘q!
Viloyat Matbuot uyida viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi boshlig‘i Bahodir Negmatov ishtirokida tashkil etilgan matbuot anjumanida ana shu muammo xususida gap bordi.
- Odamlar ishdan charchab, uyiga kelganida, xonadoni yozda salqin, qishda issiq bo‘lsa, suv, elektr quvvatida muammo bo‘lmasa, ko‘cha, dahlizlar ozoda, tomidan chakki o‘tmasa, ana shu ularning kayfiyatini ko‘taradi, - dedi B.Negmatov. - Bizning maqsadimiz shu masalalarni joyiga qo‘yib, katta-kichik muammolar aholi kayfiyatini buzmasligini ta’minlashdan iborat. Afsuski, xususiy uy-joy mulkdorlar shirkatlari bu muammoli vaziyatlarda o‘zini oqlamadi. Ya’ni, uylardagi elektr energiyasi, tabiiy gaz tarmoqlari, aloqa-kommunikatsiya tizimlari, liftlarga xizmat ko‘rsatish, chiqindilarni tashish, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish yumushlarini amalga oshirishda kamchiliklar yuzaga keldi. Shuning uchun ular o‘rnida boshqaruv servis kompaniyalarini tashkil etishni boshladik.
“Boshqaruv servis kompaniyasining o‘zi qanday tashkilot? U ko‘p qavatli uylarda yashovchilarga sifatli xizmat ko‘rsata oladimi?”, degan savollar tug‘ilishi tabiiy. Boshqaruv servis tashkiloti - yangi xizmat ko‘rsatish shakllaridan biri. U mohiyatan mulkdorlar shirkatining bir ko‘rinishi bo‘lsa-da, oldiga qo‘yilgan maqsad va vazifalari, ish uslubi jihatidan eski tizimdan farq qiladi. Korxona o‘ziga biriktirilgan ko‘p qavatli uylardagi umumiy mulkni ta’mirlash, soz holatda ishlashini nazorat qilish, uy atrofini obodonlashtirish kabi ishlarga mas’ul. Yangi tuzilgan boshqaruv tashkilotlari o‘z hududidagi uylarni saqlash, ta’mirlash, hududni obodonlashtirish, liftlar va yerto‘la muhandislik tarmoqlarini ta’mirlash xizmatini amalga oshiradi. Shuningdek, 24 soat davomida dispetcherlik xizmati va tezkor xizmatlar orqali yuzaga kelgan nosozliklarni bartaraf etish va boshqa qo‘shimcha xizmatlar ko‘rsatishda qulayliklar tashkil etiladi.
Matbuot anjumanida shunday xizmatlarni ko‘rsatuvchi “Nur Sharq Tess” MChJ boshqaruv kompaniyasi tashkil etilganligi, u 53 ta ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholiga xizmat ko‘rsatayotgani, bu sinov samara bergani ta’kidlandi. Ayni paytda esa Samarqand shahrining Sartepa, Kimyogarlar va Farhod shaharchalari, "Mikrorayon B" hududi va atrofidagi uylarga xizmat ko‘rsatuvchi “Bio-tex Servis” MChJ faoliyat boshlash arafasida ekan.
Ochig‘i, bugun ko‘p qavatli uylarda yashovchilar xonadonida kommunal xizmat bo‘yicha biror muammo tug‘ilsa, shirkatlardan yechim topolmayotganidan xunob. Chunki ularda na mutaxassis, na kerakli asbob-uskuna bor. Odamlar elektr bilan bog‘liq muammo bo‘lsa “elektroset”ga, suv tarmog‘ida nosozlik bo‘lsa “Suvta’minot”ga qo‘ng‘iroq qilib, ta’mirlash ishini bajarishga majbur. Demak, boshqaruv xizmat tashkilotlari tashkil etish ularning bu muammosini hal eta oladi. Lekin, qachon?
Bu savolni qo‘yishimiz bejiz emas. Bugungi kunda Samarqandda bor-yo‘g‘i 2 ta shunday tashkilot bor ekan, ammo ko‘p qavatli uylar 2 mingdan ziyod. Bu uylarda yashovchi odamlarga esa kommunal xizmatlarda tezroq arzon va sifatli xizmat kerak...
Akram Haydarov.