Mulohaza: Korrupsiya qayerdan paydo bo‘ladi?

Barchamiz "Biz korrupsiyaga qarshimiz", "Korrupsiya bo‘lmagan joyda adolat bo‘ladi" degan gaplarni ko‘p eshitganmiz. Televideniyeda va ijtimoiy tarmoqlarda ham korrupsion holatlarning oldi olingani hamda ularga jazo qo‘llanilgani haqidagi ko‘rsatuvlarni ko‘p kuzatamiz.

Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, o‘zi aslida korrupsiya qanday vujudga keladi? Nima sababdan shuncha choralar qo‘llaganimiz bilan yana bu holatlar takrorlanadi?

Sodda qilib aytganda, korrupsiya bu qaysidir ishni noqonuniy yo‘l bilan hal qilishdir. Shunday ekan, ko‘pincha korrupsion holatning yuz berganligi faqatgina ushbu ish hal etilmagan taqdirda oshkor bo‘ladi. Ya’ni, kimdir ishingizni hal qilib berish evaziga sizdan pul olsa va ishingizni hal qilib bera olmasa, shundan keyin sizning huquqlaringiz yodingizga tushadi va huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilasiz. 

Faqat bir narsani e’tiborga olish kerak: "Korrupsion jinoyatlar sodir etilganda, pullar davlat tomonidan musodara etiladi". Ya’ni, pora sifatida berilganda qo‘lga olingan pullar, egalariga qaytarib berilmaydi.

Korrupsiya ma’lum bir tarmoq doirasidagi illat emas, u allaqachon butun dunyoda jamiyatning barcha bo‘g‘inlari, iqtisodiy-ijtimoiy sohalarning jon tomiriga kirib ulgurgan. O‘zini hurmat qilgan, yurt taraqqiyotining ertasini o‘ylagan har bir fuqaro bu illatga qarshi turishi, yo‘liga to‘g‘anoq bo‘lishi lozim. Shunday bo‘lgan mamlakatlardagina korrupsiya darajasi kamroq.

To‘g‘ri, hozirgi kunda korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish ishlari davom etmoqda. Bir qator qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritildi va normativ hujjatlar ishlab chiqildi. Ammo, avvalambor, o‘zimiz ham korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi tushunchamizni shakllantirishimiz lozim.  

Yaqinda bir holat e’tiborimni tortdi. Taksi bilan bir joyga borayotgan edim. Yo‘lda bir ayol chamasi 8-10 yoshlardagi qizchasi bilan mashinamizga mindi. Haydovchi yo‘l bo‘yi ayol bilan suhbatlashib bordi. Ayolning aytishicha, ular ruhiy kasalliklar shifoxonasiga kasallik to‘g‘risida ma’lumotnoma va tashxis natijalarini olish maqsadida borayotgan ekan. Haydovchi ayolning gaplarini tinglab bo‘lgach:

— Opajon, ma’lumotnoma yoki tashxis natijalari uchun ertaga yoki undan keyingi kunda keling, deb aytishi mumkin. Aslida bu oddiy bir ish, bir soatga ham bormaydi, tayyor qog‘ozni to‘ldirib, muhr bosib berishadi. Agar shifokor sizga shunday deb aytadigan bo‘lsa, qo‘liga ellik ming so‘m bersangiz, darrov ishingizni hal qilib beradi. Shunday qilmasangiz bular sizni ancha sarson qilishadi. Tumandan kelayotgan ekansiz, sarson bo‘lmang deymanda, - deb javob berdi. Aslida unday bo‘lmasligi mumkin. Ammo haydovchining bunday ishonchi meni hayratda qoldirdi.

Bu korrupsiyaga moyillik ishqilib keyingi avlodga meros sifatida qolmasin-da.

Shohrux Ashurov.