Murakkab jarrohlik amaliyoti tumanlarda bajarildi
Nurobod tumani tibbiyot birlashmasi markaziy shifoxonasida akademik Yo.To‘raqulov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali mutaxassislari tomonidan murakkab jarrohlik amaliyoti bajarildi.
– Prezidentimizning 2022 yil 26 yanvarda qabul qilingan “Endokrinologiya xizmatini takomillashtirish va ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida aholiga ko‘rsatilayotgan endokrinologiya xizmatini tashkil etishning “markaz – hududiy tibbiyot muassasalari – tuman (shahar) tibbiyot muassasalari” tizimini yo‘lga qo‘yish va uning uzviy bog‘liqligini ta’minlash vazifasi belgilab berilgan edi, – deydi respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali jarrohi O‘tkir Teshayev. – Ana shu tizim asosida yil davomida birgina Nurobod tumanida uchta murakkab jarrohlik amaliyoti mahalliy mutaxassislarga mahorat mashg‘uloti sifatida shu yerda tashkil etildi. Yilning so‘nggi kunlarida to‘rtinchi shunday amaliyot – Ag‘ron mahallasida yashovchi 32 yoshli bemorda tugunli bo‘qoq tashxisi bilan qalqonsimon bez o‘ng bo‘lagi rezeksiyasi operatsiyasi o‘tkazildi. Operatsiya muvaffaqiyatli o‘tdi va ayni paytda bemorning holati yaxshi. Bunday jarrohlik amaliyotlari tumanlardagi hamkasblarimiz uchun mahorat sabog‘i vazifasini o‘tamoqda.
Davlatimiz rahbarining qarorida sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘inida endokrin kasalliklar profilaktikasi, ularni barvaqt aniqlash va boshqarish dasturlarini amaliyotga joriy etish ham belgilangandi. Shundan kelib chiqib, o‘tgan yil aprel oyidan filial xodimlari tumanlarga borib, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush targ‘ibotini amalga oshirdi. Birlamchi skrining amalga oshirilib, aholi ko‘rikdan o‘tkazildi.
– Noyabr oyida xalqaro diabetga qarshi kurashish oyligi doirasida viloyatning olis hududlarida homilador ayollar, 40 yoshdan oshgan, ortiqcha tana vazni va semizligi bo‘lgan bemorlar orasida qandli diabet va qalqonsimon bez kasalliklarini erta aniqlash va oldini olish maqsadida qator skrining tadbirlari olib borildi, – deydi respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali rahbari Gulzoda Negmatova. – Tekshirishlar natijasida 515 nafar fuqaroda semizlik, 259 nafar fuqaroda qalqonsimon bez kasalliklari va 145 nafar fuqaroda qandli diabet 2-tip kasalliklari aniqlandi. Bemorlarga belgilangan davolash standartlari asosida kerakli tavsiyalar berildi. Bundan tashqari, shu paytgacha faqatgina markazimiz va filialda amalga oshirilgan murakkab jarrohlik amaliyotlari tumanlarda ham bajarilib, bemorlar va ularning yaqinlari uchun qulaylik yaratildi. Birgina 2022 yilda Nurobod, Payariq, Paxtachi, Kattaqo‘rg‘on, Bulung‘ur, Urgut, Past Darg‘om, Narpay tumanlarida 18 nafar bemorda shunday operatsiyalar tumanlarda bajarildi.