Murod Muhammad Do‘st: "So‘zlarning o‘zidan manzara paydo qilish mumkin. Ba’zi so‘zlarning o‘zida manzara bor, harakat bor"
Iste’dodli adib Murod Muhammad Do‘st 1949 yil 12 aprelda Nurobod tumanining Jom qishlog‘ida tug‘ilgan.
Toshkent davlat universitetini tugatgach, Moskvadagi Adabiyot institutida tahsil olgan.
So‘ngra “O‘zbekfilm” kinostudiyasida, “Sharq yulduzi” oynomasida, O‘zbekiston Milliy axborot agentligida, “O‘zbekkino” davlat aksiyadorlik kompaniyasida faoliyat yuritgan.
Ijodiy faoliyati o‘tgan asrning 70-yillarida boshlangan. "So‘zlarning o‘zidan manzara paydo qilish mumkin. Ba’zi so‘zlarning o‘zida manzara bor, harakat bor", deya so‘zlardan ulkan manzara olgan yozuvchining ilk to‘plami 1976 yili “Qaydasan, quvonch sadosi?” nomi ostida nashr etilgan. So‘ngra uning “Mustafo”, “Iste’fo”, “Dashtu dalalarda”, “Chollardan biri”, “Bir toychoqning kuni” kabi hikoya va asarlari chop etilgan.
1983 yil “Galatepaga qaytish” nomli hikoyasini yozgan. 1988 yilda mashhur “Lolazor” romanini yaratgan.
2000 yildan O‘zbekiston Axborot agentligi bosh direktori. 2002-2005 yillar “O‘zbekkino” DAK raisi bo‘lgan. 2005 yildan Prezident apparatida maslahatchi bo‘lib ishlagan.
Quyida yozuvchining «Toshkentdan maktublar» turkumidan ikkinchi maktub - Said Ahmad haqidagi hikoyasidan parcha o‘qiysiz.
***
Said Ahmad
Ustozning to‘liq oti – Saidahmad edi. Otasining oti – Husanxo‘ja. Toshkentda tug‘ilgan. Chimkentda tug‘ilganida balki Saydamat bo‘lardi. Boshqa kasb tutganida Toshkentning o‘zida ham Saydahmat bo‘lib ketishi ham tayin edi. Lekin u otini ikkiga bo‘lib, adabiy taxallusga aylantirishga ulgurdi – Said Ahmad.
–Pirimqulga hayronman, – dedi bir kuni jahllanib, – manga nuqul Said aka deb gapiradi.
Rahmatli Pirimqul Qodirovning ne sababdan Said Ahmad ismini qisqartib olgani bizga qorong‘u. O‘zimizcha, ikkiga bo‘lingan ismning har porasini alohida va burro talaffuz etib, yana ortiga “aka”ni qo‘shishga eringan, deb tusmol qilardik.
Xullas, Said Ahmadga Pirimqul akaning qilig‘i yoqmadi. Shogirdlariga ikki–uch oy nolib yurdi. Lekin shogirdlar nima ham qila olardi. Pirimqul aka injafe’l odam, aytsang – darrov ko‘ngilga olib, salom–alikni yig‘ishtirib qo‘yishi ham mumkin.
Pirimqul aka Do‘rmon bog‘ini, bog‘ atrofidagi joylarni kezishga ishqiboz edi. Yozda ham, qishda ham shu odatini kanda qilmagan. Erta tongda – bir, tunda yana bir martadan uzoq sayr qiladi. Chamasi, yozadigan kitoblarini miyada pishitadi.
“Havo olgani chiqdim”, deyar edi yo‘lda uchragan tanishlariga. Do‘rmonda haftalab o‘tirib ijod qilgan kezlari shaharga tushib chiqqan hamkasblaridan oxirgi yangiliklarni ijikilab surishtirardi. Biladiganini bilib olgach, suhbatdoshi bilan xayr–ma’zur ham qilmasdan, qo‘lbola hassachasini do‘qillatib bir o‘zi chetga burilib ketardi: ”Men bir havo olib kelay…”
–“Padishayt vazduxom” deganimi bu? – deb o‘smoqchilardi Said Ahmad. – E’tibor bergin, bolam, Pirimqul oshxonaga kirganda nuqul “Yaxshi ishtaholar!” deb aytadi. Priyatniy appitit, deganimi bu? G‘irt o‘rischa–ku? Ishtaha emas, ishtaho! Shunday degani bilan o‘zbekcha bo‘p qoladimi? Qiziq odam ekan bu Pirimqul, meni nuqul Said aka deydi…
Nihoyat, Said Ahmad Pirimqul Qodirovga “jazo” o‘ylab topdi – o‘zi ham Pirimqul ismining “muxtasar” shakliga o‘tdi.
– Salomalaykum, Said aka!
– Vaalaykum assalom, Pir aka!
Davomi – ma’lum: havo olgani chiqibsiz–da, Pir aka? Ishtaholar yaxshimi, Pir aka? Va hokazo va hokazolar va yakkash – Pir aka.
Yangi shakl turlanishda davom etib, “Pir aka” avval “Piraka”ga aylandi, so‘ng battar qisqarib anchayin “praka” bo‘ldi va nihoyat mutlaqo mavhum “fraka” tusini oldiki, bu zamonga kelib Pirimqul Qodirov Said Ahmad ismini to‘liq va bexato aytishni odat qilib ulgurgan edi.