Murodjon Ahmadaliyev   meksikalik raqibini nokaut qilib, chempionlik kamari uchun da’vogarga aylandi

AQShning Arizona shtatida o‘tkazilgan boks kechasida Murodjon Ahmadaliyev Kevin Gonsalesga qarshi ringga ko‘tarildi.

12 raundlik jangda o‘zbekistonlik bokschi (12-1, 8 KO) meksikalik 26 yoshli raqibini (26-0-1, 13 KO) 6-raundda ikki marta nokdaunga uchratdi.

8-raundda ham nokdaun qayd etgach, hakam Ahmadaliyevning foydasiga texnik nokautni qayd etdi. 

Shu tariqa, Murodjon navbatdagi g‘alabasiga erishib, boy bergan WBA va IBF kamarlari uchun da’vogarga aylandi.

O‘zbekistonlik bokschi Naoye Inoue va Marlon Tapales jangi g‘olibiga qarshi chempionlik uchun ringga ko‘tarilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

- Bugungi g‘alaba bilan men qaytdim. Yanada kuchli va tezkor bo‘lib qaytdim. Kim aslida chempion ekanini ko‘rsatishni istagandim. O‘sha chempion menman. Avvalgi mag‘lubyat meni yanada kuchli qildi. Kamarimni qaytarib olaman. Istalgan raqibga qarshi jang qilishga tayyorman. Kamarlar meniki. Shunchaki manzilni ayting, ringga chiqaman, - degan Murodjon Ahmadaliyev jangdan so‘ng.