Murojaatchiga yetkazilgan zarar pulini undirish uchun sud qarori chiqqan. Asosiy gap MIBda qolmoqda

Telegram botimizga Samarqand shahar Farhod shaharchasi, Shirin mahallasida yashovchi fuqaro Yuldash Rahimovning murojaati yuzasidan viloyat bandlik bosh boshqarmasi quyidagilarni ma’lum qildi:
Yuldash Rahimov Farhod shaharchasi Shirin mahallasida joylashgan “Samarqand suvqurilish industriya” IChB operator bo‘lib ishlagan. Mehnat jarayonida baxtsiz hodisaga uchrab, og‘ir tan jarohati olgan. 1989 yil Tibbiy mehnat ekspertiza komissiyasi ko‘rik dalolatnomasiga asosan mehnatda mayiblanganlik bo‘yicha II guruh nogironligi muddatsiz belgilangan.
Shuningdek, Mehnat kodeksining 189-modasi 1-qismida belgilangan “Xodimning kasb kasalligiga chalinishi sababli yetkazilgan zararni ish beruvchi to‘liq to‘lashi shart”ligi to‘g‘risidagi talablar asosida “Samarqand suvqurilish industriya” IChB tomonidan 2019 yilning iyun oyiga qadar oyma-oy 793 ming 214 so‘mdan sog‘lig‘iga yetkazilgan zarar puli to‘lab kelingan.
Biroq Yuldash Rahimovga 2019 yil iyun oyidan 2020 yil 31 yanvargacha jami 4 million 997 ming 251 so‘m miqdorda mehnatda mayiblanganlik oqibatida yetkazilgan zarar puli to‘lanmagan.
Bu borada joriy yil 2 fevralda fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudiga da’vo arizasi kiritilgan.
Fuqarolik ishlar bo‘yicha Samarqand shahar sudining 19 martdagi hal qiluv qarori asosida “Samarqand suvqurilish industriya” IChBdan 2-guruh nogironi Yu.Rahimovning foydasiga undirish qaratilgan.