Murojaatlar tinglandi
Xususan, Qo‘shrabot tumani Buloqboshi mahallasida yashovchi Shahnoza Qarshiyeva uy-joy masalasida yordam ko‘rsatishini so‘rab murojaat etdi. Urgut tumanida yashovchi fuqaro Mavjuda Xudoyberdiyeva qizining umurtqa pog‘onasida o‘sma suyak borligi va qizini jarrohlik amaliyoti yo‘li bilan davolashda amaliy yordam so‘radi. Ushbu murojaatlar tegishli idoralar vakillari bilan muhokama qilinib, ijobiy hal etiladigan bo‘ldi.
S.Otamuratov viloyatdagi ona va bola skrining hamda perinatal markazlarida bo‘lib, u yerda ona va bola sog‘lig‘ini saqlash, salomatligini mustahkamlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Yolqin OQBO‘TAYeV.
***
Shu kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylov okruglari hududlarida iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ob’yektlari ahvolini o‘rganmoqda.
Nurobod tumanidagi o‘rganishlar chog‘ida aniqlanishicha, 5 va 6-maktabgacha ta’lim muassasalarining binosi bugungi kun talablariga javob bermaydi, 8-maktabgacha ta’lim muassasasini esa zamonaviy yangi jihozlar bilan ta’minlash zarur.
– Joylardagi ahvolni yaxshilash, tizimli muammolarni bartaraf etish yuzasidan zarur chora-tadbirlarni belgilash va amalga oshirish maqsadida hududlardagi ahvolni o‘rganyapmiz, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati A.Pardayev. – Shuningdek, qonun hujjatlarining amaldagi tatbig‘ini ko‘rib chiqib, zarurat bo‘lganda ularni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish uchun aholi turmush sharoitini yaxshilashga xizmat qiladigan yo‘nalishlar, ya’ni tibbiyot va ta’lim muassasalari faoliyatiga ko‘proq e’tibor qaratyapmiz.
Deputatlar tuman markaziy shifoxonasida bemorlar bilan muloqot qildilar.
«Milliy tiklanish» DP viloyat kengashi matbuot xizmati.
***
Samarqand shahrida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi viloyat, shahar, tuman kengashlari raislari hamda partiya faollari ishtirokida Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 22 dekabr kuni Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomasini o‘rganishga bag‘ishlangan amaliy seminar o‘tkazildi.
Yig‘ilishda davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalar va ularning ijrosini ta’minlash mas’uliyati haqida so‘z yuritildi.
O‘z muxbirimiz.