Murojaatnoma sport faxriylarini ham ruhlantirdi

Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida jismoniy tarbiya va sportni yanada ommalashtirish aholi salomatligini ta’minlashda muhim omil ekanligini ta’kidladi. Jumladan, joriy yilda 70 ta jismoniy tarbiya va sport muassasasi, 16 mingta bog‘cha va maktablarni sport jihozlari bilan ta’minlashga 100 milliard so‘m ajratiladi. Shuningdek, barcha tuman markazlari va shaharlarda piyodalar va velosiped yo‘laklari barpo etiladi. Aholini ommaviy sport turlariga keng jalb qilish orqali 2021 yilda qamrov hozirgi 19 foizdan 25 foizgacha yetkaziladi.

Yaqinda Osiyo Olimpiya Kengashi 2025 yilda Yoshlar o‘rtasida Osiyo o‘yinlarini Toshkent shahrida o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qildi. Bu mamlakatimizga ko‘rsatilgan katta ishonch, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Ayni vaqtda, buning mas’uliyati ham katta ekanini, o‘ylaymizki, barchamiz yaxshi tushunamiz. Qit’amiz miqyosidagi ushbu musobaqaga hozirdan boshlab tayyorgarlik ko‘rishimiz lozim...

Ayniqsa, 2021 yil - Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili deb e’lon qilinganligi barchamizni g‘ururlantirdi. Demak, kelgusi yilda ham yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va respublikamiz aholisining sog‘ligini mustahkamlash borasidagi ishlar bundan-da rivojlantiriladi.

Biz, faxriy o‘qituvchilar Prezidentimiz oldimizga qo‘ygan barcha vazifalarni sidqidildan bajarishga va respublikamiz aholisining sog‘ligini yanada mustahkamlashda o‘z hissamizni qo‘shishga, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo va Navoiy viloyatlaridan kelib bizda malaka oshirayotgan umumiy o‘rta ta’lim maktablarining jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari, sport turlari bo‘yicha murabbiylar va maktabgacha ta’lim tashkilotlarining jismoniy tarbiya instruktorlariga yetarli bilim berishni yanada takomillashtirishga astoydil harakat qilamiz.

Salom HAKIMOV,
jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni ilmiy-metodik ta’minlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi Samarqand filiali o‘qituvchisi.