Murojaatnomaning mazmun-mohiyatini yoshlar ham anglab yetishi zarur
Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnoma yo‘llashi yaxshi an’anaga aylandi. Davlatning yil davomidagi eng asosiy dasturiy g‘oyalari, loyihalari aynan mana shu Murojaatnomada aks etayapti.
Keyingi yillarda davlatimiz tomonidan yoshlar siyosati bo‘yicha olib borilayotgan tub islohotlar zamirida kelajak avlod kamolotini ta’minlash, ularni jamiyatning eng muhim tashabbuskori sifatida kamol toptirish kabi ezgu g‘oya yotganligi barchamizga yaxshi ma’lum. Murojaatnomada mazkur masalalarga alohida urg‘u berildi.
Aniqrog‘i, 2021 yilga “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb nom berilishi yoshlarga bo‘lgan e’tiborning yaqqol namunasidir. Mamlakatimizning demografik nuqtai nazardan yosh mamlakat ekanligi va aholining 65 foizini 35 yoshgacha qatlam tashkil qilishini hisobga oladigan bo‘lsak, bu yaxshi va puxta o‘ylangan tashabbus ekanligiga amin bo‘lamiz.
Jumladan, Murojaatnomada yoshlar masalalarida quyidagicha reja va marralar belgilandi:
– oliy ta’limga ajratiladigan davlat grantlari soni kamida 25 foizga oshirish va oliy o‘quv yurtlariga qabul qilishda ehtiyojmand oilalardagi qizlar uchun grantlar sonini 2 barobarga ko‘paytirib, 2 mingtaga yetkazish. A’lo baholarga o‘qiyotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar uchun maxsus stipendiyalar joriy etish;
– “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali yetakchi xorijiy oliy o‘quv yurtlarining magistratura va doktoranturasida o‘qishga yuboriladigan yoshlar sonini 5 barobarga oshirish. Bu dastur orqali ilk bor bakalavr yo‘nalishida chet ellarga 100 nafar o‘g‘il-qizlar yuborish. 30 ta yetakchi oliygohga o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va qabul kvotasi va moliyaviy masalalarni mustaqil hal qilish huquqini berish;
– yoshlar tadbirkorligi va bandligini ta’minlash uchun 100 million dollar ajratish;
– yoshlarning biznes loyihalarini kreditlash hamda ularni kasb-hunarga o‘qitish uchun 1 trillion so‘m va 50 million dollar ajratish;
– 900 nafar chin yetim yoshlarni uy-joy bilan ta’minlashga 50 milliard so‘m ajratish.
Albatta, davlatimiz rahbarining biz, yoshlarga qaratayotgan bunday e’tiboriga o‘z bilimimiz, aqlimiz, yurtimizga bo‘lgan muhabbat bilan javob beramiz.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan bu kabi siyosiy tashabbuslarga hamohang tarzda “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan ham yoshlarning jamiyatda o‘z o‘rnini topishi, huquqiy ongi va sog‘lom ma’naviy dunyoqarashini oshirishga qaratilgan qator tadbirlar o‘tkazilib kelinmoqda.
Xususan, o‘tgan yilda Harakatning Jizzax viloyati hududiy bo‘linmasi tomonidan turli sotsiologik tadqiqotlar, mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bilan uchrashuvlar, “Kelajakka nazar” mavzusida motivatsion muloqotlar, “Yoshlar parlamenti” a’zolari bilan yangi huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyatini o‘rganishga qaratilgan qator tadbirlar o‘tkazildi.
Joriy yilda ham ushbu yo‘nalishda ishlar bisyor. Bu borada Prezidentimiz tomonidan bildirilgan Murojaatnomaning mazmun-mohiyatini yoshlarga yetkazish asosiy ishlarimiz sirasida turibdi.
Abdug‘affor ABDURAHMONOV,
“Yuksalish” umummilliy harakati Jizzax viloyati hududiy bo‘linmasi koordinatori.