Mustahkam ishonch va do‘stlik ko‘prigi

Ko‘prik qurish, ko‘priksozlik qadim-qadimdan diyorimizda yaxshi an’ana aylangan.

Birgina Qarshi shahridagi ko‘prikni olaylik. Qurilganiga 700 yildan oshgan ushbu ko‘prik qadimda Qashqadaryoning ikki qirg‘og‘ida yashovchi aholini bir-biri bilan bog‘lagan, shu bilan birga xalqaro ijtimoiy-iqtisodiy aloqalarga vosita bo‘lgan. O‘rta asrlarda Nasaf orqali Eron va Hindistonni Yevropa bilan bog‘lagan muhim karvon yo‘llari o‘tgan. Shu bois bu voha asrlar davomida gullab-yashnagan.

Darhaqiqat, ko‘priklar nafaqat uzoqni yaqin, mashaqqatni yengil qiladi, balki iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyatga ega strategik inshoot ham hisoblanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020 yil dekabr oyida Xorazm viloyatiga tashrifi davomida Amudaryo ustida Xorazm viloyatini Qoraqalpog‘iston Respublikasi bilan bog‘laydigan 413 metrlik ko‘prik, Qorao‘zak tumanidan Shovot tumanigacha 79 kilometrlik temir yo‘l qurilishi bo‘yicha topshiriq bergan edi. O‘tgan davr mobaynida loyiha ishlab chiqilib, shu asosda ushbu inshoot to‘la qurib bitkazildi.

Davlatimiz rahbari joriy yil 29 fevral kuni Xorazm viloyatiga tashrif buyurib, dastlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumaniga bordi va yangi ko‘prikning ochilish marosimida ishtirok etdi. Prezidentmiz bu ko‘prik, avvalo, o‘zbek va qoraqalpoq xalqlari o‘rtasidagi mustahkam ishonch va do‘stlik, og‘zibirlik va hamkorlik ko‘prigi ekanligini ta’kidladi.

Bu ko‘prik tom ma’noda do‘stlik ko‘prigidir. Yo‘l mashaqqatini o‘ylab ikki qardosh xalq ba’zida borish-kelishni ortga surib qo‘yayotgan bo‘lishlari mumkin edi. Axir, shu paytgacha odamlar o‘tgan asrning elliginchi yillarida olib kelingan eski ponton ko‘prikdan foydalanib kelar, har bahorda muz erib, daryoda suv ko‘payishi bilan u jiddiy shikastlanardi. Bu daryoning ikki tomonidagi aholiga juda ko‘p qiyinchilik tug‘dirardi. Masalan, Amudaryo tumani aholisi avtomobilda Nukusga borish uchun Urganch va Beruniy orqali yurishga majbur edi. Buning uchun qo‘shimcha 180 kilometr yo‘l bosishga to‘g‘ri kelardi. Poyezdda esa Xorazmning sharq tomonidagi Xazorasp ko‘prigidan o‘tib kelinardi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir musulmondan mashaqqatni ketkazsa, Alloh unga butun olamni munavvar qiladigan ikki nur beradi. Uning qandayligini Allohdan boshqa hech kim bilmaydi”, dedilar». Tabaroniy rivoyati. Bu ko‘prik orqali, bir emas bir necha minglab musulmonlarning bir necha asrlar davomida mashaqqati ariydi. Inshaalloh, shunga yarasha ish egalarining noma’i amallari ham ushbu savoblardan ziynatlanib turajak.

Endi yangi ko‘prik tufayli bu qiyinchiliklar barham topadi, xalqning uzog‘i yaqin bo‘ladi. U orqali Qoraqalpog‘iston bilan Xorazmni bog‘laydigan eng yaqin avtomobil va temir yo‘l qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, aylanma yo‘llar orqali sarf etilayotgan ortiqcha xarajatlar qisqaradi. Ushbu temir yo‘l orqali Qozog‘iston va Rossiyaga ham yangi yo‘nalishlar ochilishi hamda vohaga tezyurar poyezdlarining qatnovi ham yo‘lga qo‘yilishi amalga oshiriladi.

Birgina ko‘prikning bino qilinishi mana shuncha qulayliklar, moddiy manfaat keltirmoqda. Shu sababdan ham, dinimizda yo‘l, ko‘prik qurish kabi ishlar fazilatli amal ekanligi, savobi ulug‘ ekanligi ta’kidlanadi.

Og‘ir iqlim sharoitida fidokorona mehnat qilgan mohir quruvchilarga, ko‘prikni barpo etishga munosib hissa qo‘shgan barcha insonlarga Alloh taoloning madadi va rahmati bo‘lsin. Yurtimiz bundan-da obod va farovon bo‘lishini Alloh subhanahu va ta’olo nasib aylasin! 

Zayniddin EShONQULOV,

Samarqand viloyat bosh imom xatibi.