Mustaqillik bayrami kunlari temir yo‘l chiptalariga chegirma beriladi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati prezidentning tegishli farmoni asosida ayrim toifadagi fuqarolar uchun bayram (ishlanmaydigan) kunlar davrida ichki yo‘nalishlardagi yo‘lovchi poyezdlari tarifiga chegirmalar borligini eslatmoqda.
Unga ko‘ra, 1-4 sentyabr kunlari temir yo‘l chiptalari uchun:
Nafaqaxo‘rlar, nogironlar, 1941-1945 yil urush qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan shaxslarga – 50 foiz;
Oliy o‘quv yurtlarining talabalari, maktab o‘quvchilari, kollej va litsey talabalari, IIV, MV, DXX, DS, DB maxsus ta’lim muassasalari talabalariga – 15 foiz;
Oilaviy (ikki yoki undan ortiq kishi – eri va rafiqasi, eri yoki rafiqasi va 18 yoshgacha bo‘lgan farzandlari, otasi yoki 18 yoshga to‘lmagan bolasi bo‘lgan ona) (nikoh guvohnomasi va qarindoshlikni belgilovchi hujjatlar nusxasi taqdim etilgan holda) – 15 foiz;
Kollektivga (4 kishidan ortiq bo‘lgan hamkasblarga, yo‘riqnoma asosida) – 15 foiz;
“Afrosiyob” tezyurar elektropoyezdlarida barcha toifadagi yo‘lovchilarga - 10 foiz chegirmalar taqdim etiladi.