Mustaqillik bayrami muborak bo‘lsin, aziz yurtdoshlar!

Ko‘pmillatli xalqimiz jonajon Vatanimiz mustaqilligining 31 yillik bayramini qalbda quvonch va shukronalik tuyg‘ulari ila nishonlamoqda.

Azal-azaldan obod shahar va qishloqlar, bog‘-u rog‘lar, betakror madaniy obidalar bunyodkori sifatida shuhrat qozongan mehnatkash va olijanob xalqimiz ushbu tarixiy sanani munosib mehnat zafarlari, ulkan yutuq va g‘alabalar bilan kutib olmoqda.

Mamlakatimizning barcha hududlarida yangi korxonalar, zamonaviy uy-joylar, ilm-fan, ta’lim, tibbiyot, madaniyat va sport maskanlari, ravon yo‘l va ko‘priklar, bog‘ va xiyobonlar barpo etilmoqda.

O‘zbekiston energetika sohasi, xususan, elektr energetika tarmog‘ida ham ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Turmush farovonligi oshib borayotgan xalqimiz — iste’molchilarni rozi qilish uchun biz, energetiklar hali juda ko‘p va samarali mehnat qilishimiz zarur.

Xalqimiz farovonligini yuksaltirish, hayot darajasi va sifatini yanada yaxshilashga qaratilgan tarmoqdagi o‘nlab yirik loyihalarni amalga oshirish — biz, energetiklar uchun dasturulamal, o‘z oldimizga qo‘ygan oliy maqsad.

Fursatdan foydalanib, o‘zim va ko‘psonli jamoamiz nomidan, barchangizni Istiqlol shodiyonasining 31 yilligi bilan samimiy muborakbod etaman!

Yurtimiz tinch-osuda, xalqimiz omon bo‘lsin! Kasb-korimizdan fayz-baraka, oilalarimizdan baxt-iqbol arimasin! Vatanimiz ravnaqi uchun ahillikda mehnat qilishdan tolmaylik!

Hurmat bilan,
“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Dadajon Isaqulov.

*Reklama o‘rnida