Mutaxassis tavsiyasi: Siz to‘g‘ri ovqatlanyapsizmi?
Ochig‘i, ko‘pchilik ovqatlanishni muhim ilmiy izlanishlar qatoriga qo‘shmaydi. Ular hayot uchun ratsional ovqatlanish faqat mahsulot miqdoriga bog‘liq, deb hisoblaydi.
Aslida undan emas. Buni azaldan olimlar turli xil taomlarning davolovchi xususiyatlari haqida ilmiy asarlar yozganidan ham bilish mumkin. Ular to‘g‘ri ovqatlanishni sog‘liq, kuch, yaxshi kayfiyat va chiroylilik manbai, deb hisoblaganlar. Bu tushunchalar o‘z kuchini ham saqlab kelmoqda va ilmiy asoslanib, yanada rivojlantirilmoqda.
Dunyo olimlari fikricha, inson qariganda ko‘zga aniq ko‘rinmaydigan kasalliklarning 99 foizi noto‘g‘ri ovqatlanish bilan bog‘liq bo‘lar ekan. Bu esa ovqatlanishning odam sog‘lig‘i uchun ahamiyati yuqoriligidan dalolat beradi.
Ovqatning maksimal darajada foydali bo‘lishi, bolalar sog‘lom va kuchli o‘sishi, inson mehnatga yaroqli bo‘lib, uzoq umr ko‘rishi uchun ratsional ovqatlanish qonunlarini bilish zarur va ovqatlanish ilmi hammaga tushunarli bo‘lishi kerak. Afsuski, hatto ilm-fan rivojlangan hozirgi davrda ham ratsional ovqatlanishning elementlari haqida faqat ayrim kishilargina to‘g‘ri tushunchaga ega.
Xo‘sh, ratsional ovqatlanishning o‘zi nima?
Ratsional ovqatlanish – insonning rivojlanishi va yashashi uchun zarur, tarkibida turli ozuqaviy moddalar optimal miqdorda bo‘lgan, yaxshi tayyorlangan sifatli va mazali taom bilan organizmni o‘z vaqtida ta’minlash degani.
Ratsional ovqatlanish inson organizmiga zarur bo‘lgan vitaminlar, mikroelementlar va ko‘p sonli almashinuv jarayonini yo‘naltiruvchi boshqa elementlarni o‘z vaqtida yetkazib berishni ta’minlaydi.
Ratsional ovqatlanish ma’lum ovqatlanish rejimini talab qiladi, ya’ni kun davomida ovqatlanish vaqtlariga amal qilishni, mo‘’tadil haroratiga e’tibor berish kabilarni. Demak, ratsional ovqatlanish organizmni asosiy ozuqaviy moddalarga bo‘lgan fiziologik talabini o‘z vaqtida to‘liq qondirishni ta’minlaydi. Bu esa insonning ishlash qobiliyatini maksimal darajada bo‘lishini, uzoq yillar hayot faoliyatida yuqori harakatchanligini, tetik va hayotdan bahra olib yashashiga yordam beradi.
Organizmga alohida ozuqaviy moddalarning kirishi va ayrim moddalarning sintez hosil bo‘lishi bilan uning parchalanishi va chiqarilib yuborilishidagi tengsizlik organizmda modda almashinuvini buzadi. Modda almashinuvining buzilishi esa hozirgi vaqtda keng tarqalgan o‘ta semizlik, otereskleroz, tuzlar to‘planib qolishi va boshqa qator kasalliklarning kelib chiqishiga sabab bo‘ladi.
Oziq-ovqat tarkibidagi uglevodlar, yog‘lar va oz darajada oqsillarning organizmda to‘xtovsiz o‘tayotgan biologik oksidlanish jarayoni, inson uchun energiya manbai hisoblanadi. Yog‘lar yuqori potensial energiyaga ega bo‘lib, 1 gramm yog‘ – 9,3 kilokaloriya (kkal), 1 gramm oqsil va uglevodlar – 4,1 kkal energiya beradi.
Yog‘larni ovqatlanish ratsionida surunkali yetishmovchiligi odam organizmi immunitetini keskin pasayishiga olib keladi. Organizmda mahsulotlar almashinuvi to‘g‘ri borishi uchun ma’lum miqdorda va nisbatda oqsillar, yog‘lar, uglevodlar, mineral moddalar, vitaminlar va suv bo‘lishi kerak.
Oqsillar nisbatan muhim ozuqaviy mahsulot hisoblanadi. Ular tirik to‘qimalarning asosiy tarkibiy qismi hisoblanadi. Oqsillarning yetishmovchiligi turli kasalliklarni keltirib chiqaradi.
Oqsillarning aminokislotalar tarkibi jihatidan oziq-ovqat mahsulotlari to‘la qiymatli va to‘la qiymatli bo‘lmagan turlarga bo‘linadi. To‘la ozuqaviy qiymatli oqsillar go‘sht va go‘sht mahsulotlari, tuxum, baliq, sut va sut mahsulotlari va ayrim o‘simlik mahsulotlaridan esa mosh, grechka, loviya, no‘xatda mavjud. Shunga ko‘ra, go‘sht mahsulotlarini ozuqaviy qiymati uning kimyoviy tarkibi bilan aniqlanadi. Go‘shtning tarkibida bo‘lgan oqsillar, yog‘lar, uglevodlar, ekstraktiv moddalar, makro va mikroelementlar, jumladan, oqsil aminokislotalari va yog‘ning tarkibidagi yog‘ kislotalari miqdori mahsulotning qiymatini belgilaydi. Shu jihatdan oqsil manbai go‘sht va go‘sht mahsulotlari hisoblanib, go‘shtning turiga qarab uning miqdori 16-22 foizni tashkil etadi. Agar alohida hayvonot turiga qarab solishtiradigan bo‘lsak, mol go‘shtida 18-22 foiz, qo‘y go‘shtida 16-20 foiz, cho‘chqa go‘shtida 14-16 foiz va parranda go‘shtida 16 foizni tashkil etadi.
Xalqaro sog‘liqni saqlash tashkiloti ko‘rsatmalariga binoan ozuqaviy moddalarning odam organizmida parchalanishi natijasida ma’lum darajada energiya ajraladi. Asosiy almashinuv hayvonotning yoshiga, jinsiga, tana massasiga va organizmning holatiga bog‘liq. Odam organizmida bir gramm oqsil moddasi parchalanganda 4,1 kkal energiya ajraladi. Xuddi shunday oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish natijasida organizmga tushgan yog‘ moddasi (1 gramm) parchalanganda 9,3 kkal energiya ajraladi. Uglevod moddasi parchalanganda esa ajralgan energiya oqsil moddasiga o‘xshab 4,1 kkal.ga teng bo‘ladi.
Shuni aytish lozimki, go‘sht mahsulotlaridagi yog‘lar o‘simlik mahsulotidagi yog‘lardan farq qiladi. Ularning aktivligi hujayralarni tiklashda qurilish materiali sifatida o‘simlik yog‘lariga nisbatan 10-20 barobar yuqori turadi. Yog‘ moddasi parchalanganda oqsil va uglevod moddalariga nisbatan ikki barobar, ya’ni 9,3 kkal energiya ajratadi. Kimyoviy tarkibi jihatidan go‘sht mahsulotlarini balanslashtirishni hisoblashda mahsulotdagi yog‘, oqsil, uglevodlar va suv miqdorini bilish zarur. Balanslashtirilgan ovqatlanish kunlik me’yorlari ishlab chiqilgan bo‘lib, unda oqsilning ulushi 80-100 gramm, yog‘ 80-100 gramm va uglevod 400-500 grammga to‘g‘ri keladi.
Eritilgan hayvonot yog‘larida yog‘ning miqdori 99,7 foizni tashkil etadi, qolgan 0,3 foiz esa suv moddasi hisoblanadi. Hayvonot yog‘larini hazm bo‘lish foizi qo‘y yog‘i uchun 80-90 foizni, mol yog‘i uchun 80-81 foizni va cho‘chqa yog‘i uchun 96-98 foizni tashkil etadi.
Darvoqe, ovqatlanish ratsionida sabzavotlarni iste’mol qilish organizmni ekstraktiv moddalar, mineral tuzlar va turli xil vitaminlar bilan ta’minlash bilan birga taomning hazm bo‘lishini yaxshilaydi.
Navbatdagi maqolada oziq-ovqatdan olinadigan energiya, yoshga qarab iste’mol qilinadigan taomlar xususida so‘z yuritamiz.
Abdumalik Xudoyberdiyev,
Najmiddin Mo‘minov,
dotsentlar.