Mutaxassislar Yer aholisi soni XXII asrda qanchaga yetishini hisoblab chiqdi

Bir guruh olimlar dunyo aholisi soni oshishining taxminiy hisobini chiqarishdi. Eng yuqori nuqta 2064 yilda qayd etiladi va 2100 yilga kelib aholi soni 8,8 milliardgacha qisqaradi. Bu haqda Lancet jurnalida chop etilgan ilmiy maqolada keltirilgan.

Maqolada ta’kidlanishicha, XXII asr boshida aholi soni BMT taqdim etgan hisobotdan ikki milliardga kam bo‘ladi. “Kontratsepsiya (saqlanish) vositalarining ko‘payishi, ayol va qizlarning ta’lim olishi va mehnat bilan band bo‘lishi evaziga tug‘ilish soni kamayib ketadi”, deya hisoblashmoqda mutaxassislar.

Taxminlarga ko‘ra, 2100 yilga kelib aholisi eng ko‘p davlatlar Hindiston, Nigeriya, Xitoy, AQSh va Pokiston bo‘ladi. Vashington universiteti tibbiyot maktabi qoshidagi sog‘liqni saqlash va baholash instituti (IHME) tadqiqotchilarining hisob-kitoblaricha, 2100 yilga kelib 195 mamlakatdan 183 tasi tug‘ilishning umumiy koeffitsiyentiga erishadi.

Ushbu koeffitsiyent bir ayoldan 2,1 nafar farzand tug‘ilishiga to‘g‘ri keladigan tug‘ilish sonining oshishidan past bo‘ladi. Bu holat esa o‘z-o‘zidan mazkur mamlakatlarda aholi sonining qisqarishiga olib keladi. Biroq migratsiya (muhojirlik) jarayoni kamchilikni to‘ldirishi mumkin.

Bundan tashqari, 2100 yilga kelib Yaponiya, Tailand, Italiya, Ispaniya kabi 20 dan ortiq mamlakatda aholi soni 50 foizga kamayishi taxmin qilinmoqda. Shu bilan birga Xitoy aholisi 48 foizga kamayadi.

Mutaxassislar yosh borasidagi ulkan siljishlarni ham taxmin qimoqda. Ya’ni, 2100 yilga kelib dunyoda yoshi 65 yoshdan katta odamlar soni 2,37 milliard nafarni tashkil etadi. 20 yoshgacha bo‘lgan odamlar esa 1,7 milliard nafarga yetadi.

Oldinroq Birlashgan Millatlar tashkiloti (BMT) taxminiy hisobot taqdim etgan edi. Unga ko‘ra, XXI asr oxiriga kelib yer yuzida 11 milliard odam istiqomat qiladi. 2027 yilga kelib Hindiston aholisi Xitoydan o‘tib ketadi.