Hukumat qarori ijrosida sustkashlikka yo‘l qo‘ygan rahbarlar ogohlantirildi
Bugun viloyatdagi boshqarma va tashkilotlarda davlat tilida va lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida ish yuritilyaptimi? Bu haqda xalq deputatlari viloyat Kengashining yettinchi chaqiriq, beshinchi sessiyasida ko‘rib chiqildi.
Sessiyada “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qarori ijrosini ta’minlashda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali, “Samarqand suv ta’minoti” AJ, viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi, viloyat Avtomobil yo‘llari boshqarmasi, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Samarqand hududiy filiali, viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi, Davlat kadastrlar agentligi viloyat boshqarmasi, viloyat transport boshqarmasi rahbarlari ogohlantirildi.
Xalq deputatlari Samarqand viloyati kengashining qaroriga ko‘ra, yuqoridagi korxona va tashkilotlar o‘z tizimidagi xodimlarini davlat tilida ish yuritishga va lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida o‘qitishga doir malakasini oshirish yuzasidan o‘qitish choralarini ko‘rish, tuman (shahar) hokimliklari, viloyat boshqarma va tashkilotlari tizimdagi korxona va tashkilotlar binosidagi barcha peshlavha, kirish eshiklaridagi yozuvlar, axborot oynalari va boshqa yozuvlarni o‘rnatilgan tartibda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida bo‘lishini ta’minlash choralarini ko‘rish kabi vazifalar topshirildi.