Sudya tarozisidagi ko‘rinmas pallalar

Ularni sahna yoki davralarning to‘rida ko‘rmaysiz. Jamiyat oldidagi xizmatlarini pesh qilib, alohida hurmat yoki ehtirom ham talab qilishmaydi. Sudya lavozimiga loyiqlik mezonining asosiy shartlaridan biri ham shu. Shundanmi, barchamiz sudya kim ekanligini bilamiz-u sudyalik qilish mas’uliyati haqida tasavvurga ega emasmiz.

Tajribali huquqshunos, viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi Farrux Samatov bilan noodatiy suhbatimiz orqali sudyalar hayoti va faoliyatining o‘ziga xos jihatlarini ochiqlashga harakat qildik. 

- Suhbatni umumiy savoldan boshlasak. Sizningcha, bugungi kun sudyasi kim?

- Dunyoda kasblar ko‘p va ularning har birida o‘ziga yarasha mashaqqat va qiyinchiliklar bor. Sudyalik esa ayni kasblarning eng murakkabi va o‘z navbatida mas’uliyatlirog‘i deb o‘ylayman. Sababi, sudyaning faoliyati natijasida insonlar taqdiri hal bo‘ladi. Buni anglash, o‘zini tarbiyalab voyaga yetkazgan, bilim va mansab bergan xalqi oldidagi javobgarlik hissini tuyish sudyalikning bosh mezoni hisoblanadi.

To‘g‘ri, sudda barchani rozi qilib bo‘lmaydi. Lekin sudya hech kimning tarafkashi ham bo‘lolmaydi. Tarozi ushlab turgan Femida siymosining ko‘zlari yopiqligi sababi ham shunda. Ya’ni, hukm chiqaruvchi kimga adolat qilayotganini bilmasligi kerak.

- Bu sohaga qanday kirib kelgansiz? Afsuslanish holatlari ham bo‘lganmi?

- Oilamizda huquq-tartibot idoralarida ishlovchilar yo‘q. O‘smirligimizda sinfdoshimning prokuror otasi kiyib kelgan xizmat kiyimiga havas qilib, huquq sohasiga qiziqishim ortgan. Yillar davomida bu havas intilish, maqsadga aylanib, mayoq kabi yo‘limni yoritdi. Huquqshunos bo‘ldim, keyin sudyalik nasib qildi.

Sudyalikka o‘tish jarayoni ham tez bo‘lmagan. 11 yil davomida sudda xodim bo‘lib ishlaganman. Keyinchalik tegishli malaka imtihonlaridan o‘tib, sudyalikka tayinlandim. Albatta, tanlagan kasbim oson emas. Boshida sudya bo‘lganimdan afsuslangan vaqtlarim ham bo‘lgan. Lekin qiyinchiliklarni o‘z ustimda ishlab, tajriba orttirib, yengib kelyapman.

- Faoliyatingizdagi eng murakkab ishni eslang. U sizga nimani o‘rgatdi?

- Faoliyatimdagi eng murakkab va yodimdan chiqmaydigan ish sudyalik vazifasiga endi tayinlangan vaqtlarimga to‘g‘ri keladi. Soxta tadbirkorlik bilan bog‘liq iqtisodiy jinoyatni ko‘rib chiqqanman o‘shanda. Juda uzoq davom etgan ish. Hali amaliy tajribam kam bo‘lgani uchun xato qilishdan qo‘rqqanman.

Bu ish menga katta maktab bo‘lgan. Egnimdagi yupqa matoli mantiya qancha “yuk” bosishini o‘shanda anglaganman. U orqali sudya ishida nafaqat huquq, balki iqtisod, hatto maktabdagi oddiy matematika fanidan olingan bilim ham asqotishini, sudya o‘qib-izlanishdan to‘xtamasligi kerakligini anglab yetdim.

- Hukm o‘qishda nimalar e’tiborga olinadi? Aytaylik, sudlanuvchining qaramog‘ida oilasi, ota-onasi bor. Sud esa jazo muqarrarligini ta’minlashi kerak.

- Jinoyat kodeksida ayb uchun javobgarlik va javobgarlik muqarrarligi, degan tamoyillar bor. Avvalo, fuqarolar ham qonunni buzgani uchun javobgarlik borligi va bu javobgarlik muqarrar ta’minlanishini anglashi kerak. Shunda jinoyatlar soni kamayadi.

Sud masalasiga kelsak, unga jazolovchi idora sifatida qarash noto‘g‘ri. Sudning maqsadi adolatni qaror toptirib, kelgusida sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarning oldini olish hamda adashganlarni to‘g‘ri yo‘lga qaytarish uchun ta’sir choralarini belgilashdir. Shu bois sudya ishni ko‘rib chiqayotganda barcha omillarni e’tiborga oladi. Qaror chiqarishda yuqorida aytilgan natijaga erishish uchun qonunchilikda belgilangan eng maqbul yo‘lni tanlaydi. Aytish joizki, bugungi qonunchiligimizda jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar aniq belgilangan bo‘lsa, jazoni yengillashtiruvchi holatlarni qo‘llashda cheklovlar yo‘q. Sudya turli vaziyatlarni jazoni yengillashtiruvchi holat sifatida e’tirof etishi mumkin. Lekin sud qarori adolatlilik, qonuniylik va asoslilik degan uch tamoyildan chetga chiqmasligi kerak. Ya’ni, hukm sudyaning shaxsiy qarashini ifoda etmasligi lozim. Yakuniy qaror qonunda belgilangan tartibda va asosli bo‘lishi shart.

- Sudya o‘z qarorining to‘g‘riligiga ishonchi komil bo‘lmasa-chi?

- Bizda “maslahat siri” degan tushuncha bor. Ya’ni, sudya yakuniy qarorni qabul qilish uchun maslahat uyiga kirganda, sud zalida olingan barcha axborotni tahlil qiladi. Agar unda qarorining to‘g‘riligiga ichki ishonch bo‘lmasa, hukm o‘qilmaydi. Balki ish qo‘shimcha o‘rganish uchun qaytariladi.

Bu kabi holatlar tajribamizda ko‘p bo‘ladi. Sudyalik tergovchining xulosalarini tasdiqlab qo‘yadigan mansab emas. Agar ko‘rilayotgan ishni o‘rganishda kamchilik bo‘lsa yoki sudyaning boshqa biror shubhasi bo‘lsa ham qaror chiqarishga shoshilmaydi.

- Fuqaro sudyaning faoliyatidan norozi bo‘lib shikoyat qilsa, qanday choralar ko‘riladi?

- Bizda malaka hay’atlari bor. Agar sudya xizmat vazifasini lozim darajada bajarganiga shubha bo‘lsa, xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi. Va u o‘z tasdig‘ini topsa, sudyaga nisbatan qonunchilikda belgilangan choralar qo‘llaniladi.

Sud qaroridan norozilik ham sudya faoliyatini baholashning ikkinchi mezoni hisoblanadi. Bunda faqat yuqori instansiyada turuvchi sud tegishli qarorning adolatliligi, qonuniyligi va asosliligiga baho berishi mumkin.

Masalaning boshqa tomoni ham bor. Ba’zan fuqarolar hali sud ishi yakunlanmasdan turib, ijtimoiy tarmoq orqali sudya faoliyatiga e’tirozlar bildirish, uni noo‘rin ayblash yo‘li bilan sud qaroriga ta’sir o‘tkazmoqchi bo‘ladi. Buning uchun qonunchilikda javobgarlik belgilanganini unutmaslik kerak.

- Sudyalar ham inson. Ya’ni, ular ham xato qiladi. Buni sud ishining keyingi instansiyalarida to‘g‘rilash mumkindir, lekin “xato” qilish odatiy holga aylanmasligi kerak...

- Albatta, sudyalar ham xato qiladi. Buning sabablari turlicha bo‘lishi mumkin. Eng asosiylari - sudyaning tajribasizligi yoki ish hajmining ko‘pligi. Ish kunini to‘g‘ri taqsimlash orqali ish hajmini minimallashtirishning imkoni bordir, lekin tajriba vaqt bilan keladi. E’tiborlisi, bugun tajribasi kam sudyalarning ham “Ustoz-shogird” an’anasi asosida malaka oshirishi yo‘lga qo‘yilgan.

Bilamizki, sudda doim yutgan va yutqazgan tomon bo‘ladi. Yutqazgan tomon sud qaroridan rozi bo‘lishi kamdan kam uchraydi. Buni to‘g‘ri qabul qilish kerak.

- Sohaga taalluqli tadbirlardan birida “Sudya ishdan tashqarida ham sudya”, degan fikr aytilgandi. Buning ma’nosi qanday?

- Bu yerda urg‘u sudyaning qaror chiqarishiga emas, ko‘proq yurish-turish madaniyatiga berilgan. Sudyalar odobi kodeksi bor. Hujjat sudya uchun odil sudlovni amalga oshirish bilan bog‘liq kasbiy faoliyati, shuningdek, xizmatdan tashqari vaqtda amal qilinishi lozim bo‘lgan odob-axloq, xulq-atvor qoidalarini belgilaydi.

Unga ko‘ra, sudya odob va axloqning umume’tirof etilgan qoidalariga amal qilishi, har qanday vaziyatda haqiqatparvar bo‘lishi, sud hokimiyatining nufuzini tushiradigan va sudyaning obro‘-e’tiboriga putur yetkazadigan yoki uning xolisligi, mustaqilligi va beg‘arazligiga shubha tug‘dirishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlardan o‘zini tiyishi shart. Shuningdek, u muayyan sud ishi bo‘yicha huquqiy maslahat berishga va o‘z fikrini bildirishga, sudda ko‘rilgan yoki sud ish yurituvidagi ishlarni xizmatdan tashqari holatda muhokama qilishga haqli emas.

Turli vaziyatlar bo‘ladi. Aytaylik, bir davrada o‘tirgan tanishingizning ishini ko‘rib chiqishga to‘g‘ri kelishi mumkin. Yoki kimdir yaqinlaringiz orqali ta’sir o‘tkazmoqchi bo‘ladi. Bularning oldini olish uchun ham to‘g‘ri ishlash va to‘g‘ri yashash kerak. Bir so‘z bilan aytganda, sudya jamoat odami bo‘la olmaydi.

- Ochig‘i, bu kasb tasavvur qilganimizdan ham murakkabroq ekan. Bir tomonda insonlar taqdiri, ikkinchi tomonda qat’iy intizom. Ayting-chi, unda nega huquqshunoslar sudya bo‘lishga intiladi? Faqat adolatni ta’minlash uchunmasdir?

- Savolning mazmunidan kelib chiqib, birdan aytaman - sudya bo‘lib boyib ketolmaysiz. Hech milliarder sudyani ko‘rganmisiz? Yo‘q, albatta. Ishimiz qanchalik murakkab bo‘lsa, shunchalar sharafli hamdir. Sudyaning qarori bilan kimdir jazolanishi mumkin. Lekin shu qaror ikkinchi tomonning huquqlari tiklanishi, adolat ta’minlanishiga olib keladi. Tanganing ikkinchi tomonini ko‘ra biladigan, matonatli, sabrli insonlargina sudyalikka loyiq bo‘ladi.

- Sudya bo‘lishni orzu qilayotgan yoshlarga qanday maslahatlaringiz bor?

- Bugun yurtimizda sud tizimini rivojlantirishga e’tibor ortgan. Xususan, sudya bo‘lish talablari ham yengillashtirilgan. Lekin bu sudyalik qilish osonlashdi, degani emas. Yuqorida aytganimdek, boyib ketish uchun sudya bo‘laman, deydiganlar adashadi. Ularga omadini tadbirkorlikda sinab ko‘rishni maslahat bergan bo‘lardim. Modomiki, kasbga mehr qo‘ygan ekan, bunday yoshlar tinimsiz o‘qib-izlanishi, ham shaxs, ham mutaxassis sifatida kamol topishi kerak.

Asqar Barotov suhbatlashdi.