Mutaxassislar "qora halak" kasalligidan ogohlantirishmoqda
Isomiddin AHMEDOV, Qo‘shrabot tumani.
– Qadimdan xalqimiz orasida "Qora halak" deb atalgan Qrim-Kongo gemorragik isitmasi insoniyat uchun xavfli kasalliklardan hisoblanadi. Uning viruslari asosan, chorva mollari qonini so‘rib yashovchi kanalarda bo‘ladi. Har yili yozning issiq oylarida jahonning ayrim mintaqalarida gemorragik isitma kasalligi bo‘yicha murakkab epidemik va epizootik vaziyat yuzaga keladi.
Yirik va mayda shoxli hayvonlarda uchraydigan iksod kanalari kasallik virusini yuqtiruvchi vositachilardir. Kasallik kana chaqqanda va uni qo‘l bilan ezib, yo‘q qilganda yuqadi. U bilan ko‘proq cho‘ponlar, veterinariya xodimlari, sutni qayta ishlovchi korxonalarda ishlovchilar va uyida chorva mollari bo‘lgan kishilar kasallanishi mumkin.
Kasallikning oldini olish maqsadida cho‘pon va chorva egalari hayvon junini qirqishda maxsus himoya vositalaridan foydalanishi, qo‘yxonalar, qo‘ra-qo‘tonlarda kanaga qarshi dezinfeksiya tadbirlarini muntazam olib borishi lozim. Ixtisoslashtirilgan fermer xo‘jaliklarida qirqim mavsumida cho‘ponlarni jun oladigan mashinkalar, maxsus himoya kiyimlari, dori qutilari bilan to‘liq ta’minlash talab etiladi.
Qilich QO‘LDOShEV,
viloyat DSENM bo‘lim boshlig‘i.