Mutaxassislar tavsiyasiga amal qilsak, tojdor virusni yengamiz!

Butun dunyoni tashvishga qo‘yib, insonlarning halovatini bo‘zgan koronavirus keltirgan talafotlar ko‘lami kengaymoqda. Ushbu pandemiya har bir davlat, insoniyatga o‘zini-o‘zi himoya qilishi kerakligini, aks holda, qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini isbotladi.

Ayniqsa, oziq-ovqat zaxirasini yaratishga e’tiborning muhimligi ushbu jarayonda bilinib qoldi. Inson eski kiyimda yoki avtomobilsiz yurishi mumkin. Biroq oziq-ovqat maxsuloti iste’molisiz yashay olmaydi.

Prezidentimiz hamda Hukumat tomonidan olib borilayotgan oqilona siyosat, ushbu kasallikka qarshi kurashish yo‘lida belgilab olingan chora-tadbirlarning o‘z vaqtida hamda to‘g‘ri ekanligining natijasi o‘laroq, yurtimizda bu borada birmuncha natijalarga erishilmoqda. Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash bo‘yicha Paxtachi tumanida ham shtab tuzilgan bo‘lib, Respublika maxsus komissiyasi qarorlarining ijrosi bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Ammo guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, joriy yilning 28 aprel holatiga tumanda karantin qoidalarini buzgan 381 nafar fuqarolarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, choralar ko‘rildi. Bir nafar fuqaroga nisbatan 30 sutkalik ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanildi.

Tuman markazi, aholi gavjum joylar, ko‘chalar va jamoat maskanlarida, ijtimoiy soha, qurilish ob’yektlari hamda mulkchilik shaklidan qat’iy nazar barcha tashkilot-korxonalarda muntazam ravishda DSEOM xodimlari hamda ko‘ngilli yoshlardan iborat guruhlar tomonidan dezinfeksiya ishlari amalga oshirilmoqda.

Bunday og‘ir damlarda matonat ko‘rsatayotgan shifokorlarga, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi, ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlari hamda barcha ko‘ngillilar xalqimizning minnatdorchiligi, olqishlariga sazovor bo‘lishmoqda.

Mutaxassislar tomonidan tavsiya etilgan ko‘rsatmalarga barchamiz birdek amal qilsak, yaqin kunlarda bu dardni birgalikda albatta, yengamiz!

Jasur BOLTAYeV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi tinglovchisi, Samarqand viloyati Paxtachi tumani hokimi o‘rinbosari.