Mutolaa: Dard

(Hikoya)

 O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi Gulchehra Usmonova 50 yil jurnalistika kasbi ortidan qadr topdi. Opa «Ishtixon ovozi» gazetasida musahhihlikdan bosh muharrirlikkacha bo‘lgan mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tdi. Uzoq yillik samarali mehnatlari tufayli «Mehnat shuhrati» ordeniga sazovor bo‘ldi, «Mo‘’tabar ayol» va «Mehnat faxriysi» ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandi, qator kitoblari chop etildi.

Gulchehra Usmonova qutlug‘ yosh arafasida ham yurak qo‘rini berib yozilgan ijod namunalari bilan muxlislarni xushnud etib kelmoqda. Quyida ijodkorning hikoyalaridan birin o‘qiysiz.

 ***

Muborak opa shifoxonaga yotganiga ham uch kun bo‘ldi. Ikki kishilik palatada yolg‘iz o‘zi. Zerikmadi, aksincha, nevaralari bilan ancha toliqqan ekanmi, har kuni muolajalardan keyin ozgina mizg‘ib oladi, vaqt o‘tgani sayin kuchga engani sezila boshladi, o‘zini tetik sezib, rangi tiniqlashdi. To‘rtinchi kuni ertalab dori-darmonlarni qabul qilgandan keyin endi ko‘ziga uyqu ilinar-ilinmas, eshik sekin ochilgandek bo‘ldi. Boshini ko‘tarib qaradi. Eshikdan sal oqsoqlangancha bemor ayol, orqasidan kasallik varaqasini qo‘targancha hamshira kirib keldi. Ayolning tanasida og‘riq kuchli shekilli rang-ro‘yi bir hol, imillab oyog‘ini zo‘rg‘a bosar, beholgina engashib, tizzalarini ushlagancha o‘tirishga chog‘landi.

Ularning orqasidan shoshilgancha palataga kirib kelgan barvasta yigitning qo‘lida yelim xalta to‘la dori-darmon.

– Oyijon, hozir sizga o‘rningizni hozirlab berishadi. Bemalol joylashib olasiz, – dedi u.

Muborak opa o‘rnidan turdi-da, hali tanishib ulgurmagan hamxonasi uchun choy qo‘ydi. Biqirlab qaynagach, paxta gulli choynakka damladi-da, bir piyola uzatdi.

– Uzoq joydan kelganga o‘xshaysiz. Choy iching, biroz charchog‘ingiz bosiladi, – dedi opa hamrohini o‘ziga yaqin olib.

– Qayering og‘risa, joning o‘sha yerda, deb to‘g‘ri aytishgan ekan. Uyda o‘zimiz bilgancha dori-darmon qildik, foydasi bo‘lmadi. Oyoq og‘rig‘i qolmay, jonim azoblangach, oxiri yetib kelgan joyimiz shu yer bo‘ldi, - dedi u ko‘zyoshlarini qo‘li bilan sidirar ekan.

Muborak opaning tili shirin, chaqqongina emasmi, darhol tanishib oldi. Dilbar opa bilan ikkalasi tengdosh ekan. Ikki nafar farzandi borligini, yolg‘iz o‘g‘li shaharda turishini, qizi yaqinda farzandli bo‘lganini, unga hamroh bo‘lib kelolmaganini suhbat chog‘ida aytib o‘tdi.

Yomon dardni yiroq qilsin. Dilbar opa ikki-uch kun yotsa-da, hamon oyoqdagi og‘riq bosilay demasdi. Bu vaqtda butun vujudi bir siqimga aylanar, shunday damlarda ko‘zyoshiga zo‘r berardi. Muborak opaning xonadoshiga rahmi kelar, qaniydi dard tezroq ortga chekinsa deb iltijo qilar, qo‘lidan kelgancha ovutgisi kelardi. Yoningdagi kishi dard chekib tursa, qiyin bo‘larkan, ko‘ngling bo‘linib, diling xira tortadi. Har kuni xonadoshining choynak-piyolasini yuvar, nonushtaga taklif qilib, o‘z vaqtida ovqatlanishga undardi. O‘g‘li Jasur ishdan chiqib kelib yonida o‘tirar, kerakli dori-darmonni yetkazar, gohida ikki qizalog‘ini ham olib kelganida esa hamxonasi miyig‘ida kulib qo‘yar, nevaralarini bag‘riga olganda nigohida tabassum ko‘ringandek bo‘lardi.

Muborak opa hamrohining qalbida qandaydir dardi borligini ilg‘agandek bo‘lardi-yu, shusiz ham iztirobdagi xonadoshiga achinar, dilidagini tiliga chiqargisi kelmasdi. Yuziga sochiq yopib yig‘laganida yuragi uvishib ketar, noqulay holatga tushsa-da, ovutar «Hali ko‘rmagandek bo‘lib ketasiz» degan gapni tez-tez takrorlardi. Bir kuni nonushta paytida chidab turolmadi, ko‘nglidan kechayotgan o‘ylari tiliga ko‘chdi.

– Bir-birimizga qarindoshdek yaqin bo‘lib qoldik, so‘raganning aybi yo‘q, shaharda bir qadam yo‘l bo‘lsa, shifoxonada yotganingizga ancha bo‘lsa-da, Jasurjoningizning kelinchagi biror marta xabar olmadi-ya, – dedi.

– Shifokor, ishlari juda ko‘p, – dedi u xo‘rsinib bunga javoban.

– Ha, ha. Hozirgi yoshlarning tashvishlari tugamaydi, – deb qo‘ydi.

Opa ish qanchalik ko‘p bo‘lmasin, fursat topish mumkin, degan o‘y ko‘nglidan kechsa-da, indamadi.

Shu javobdan keyin Dilbar opaning yuzini yana ko‘zyoshlari yuvdi. Ha, sekin bosh irg‘adi, o‘zini biroz tutgach, va nihoyat dilini ochdi.

– O‘n yil bo‘ldi, arzimas sabab arazlashib qoldik. Ikkimiz ham gapdan qolmadik. Shu-shu gaplashmaymiz, yuzma-yuz kelsak ham jim o‘tib ketamiz...

Muborak opa hamxonasining dardini anglagandek bo‘ldi. Ona emasmi, oyoq og‘rig‘i emas, dil og‘rig‘i bedavo dard ekanligini his etdi. Bemor shunday damlarda o‘g‘li Jasurjonning yonida kelinni ko‘rsa, uning ikki og‘izgina shirin so‘zini eshitsa, bir piyola choy tutsa, hamxonasi tezroq oyoqqa turib, sog‘ayib ketadigandek tuyuldi.

Aslida inson borki mehr kutib yashaydi va har qanday lazzatli taom shifobaxsh doridan ko‘ra shu afzalroq, undan bahra oladi. Muborak opaning xayolidan biror marta diydorlashmagan bo‘lsa-da, xonadoshining kelini ketmasdi. Xuddi «onajon» degan so‘zini eshitgan zahoti Dilbarxon sog‘ayib ketadigandek, nigohiga tabassum yoyiladigandek bo‘lib ko‘rinaverdi.

Shifokorlar ancha tetiklashib qolgan Muborak opaga uyiga ketish uchun ruxsat berishdi. Ammo ketar kuniga qadar Dilbarxonning kelinidan darak bo‘lmadi. Ikki dugona bir-birini bag‘riga bosgancha xayrlashar ekan, ich-ichidan qandaydir iztirobni his etdi. Kelinga insof, qaynonaga sog‘lik tilagancha ko‘ngli allaqanday xira bo‘lib turganida eshikda o‘g‘li va kelini ko‘rindi.

– Oyijon, sizni olib ketamiz....

Ular Muborak opani bag‘riga olishdi. Opa hamxonasi bilan xayrlashdi. Ammo ko‘nglining bir burchidagi xiralik sira tarqamadi.

Qisqa vaqt bir-biriga hamroh bo‘lishgan bo‘lsa-da, ko‘ngillar tutashgan ikki dugonaning biri shodlansa, ikkinchisining ko‘nglini dardli xayollar chulg‘ab olgan edi. Nima xato qildim, mendan o‘tdimi yoki kelinning erkaligimi, xayolan ming tahlil qilsa-da, o‘zi ham tushunmas holatda edi. Balki kelinni kechirish kerakmidi... Axir achchiq bilan olishib bo‘lmas, kechirimli bo‘lganida bunchalikka borishmasmidi... Onaning oromi yo‘qolgan, o‘zicha qalbida sarhisob qilardi.

Gulchehra USMONOVA.