Mutolaa: Eynshteyn bilan uchrashuv. Hikoya
Oktyabr oqshomlarining birida ish kunidan so‘ng Albert Eynshteyn Prinston xiyoboni bo‘ylab yolg‘iz yurar edi. G‘alati voqea yuz berib, to‘satdan va hech qanday sababsiz uning fikrlari bir shakldan ikkinchisiga erkin yugura boshlagan bir paytda butun umri davomida orzularida behuda harakat qilgan narsalarni anglab oldi. Eynshteyn o‘z atrofida egri bo‘shliqni ko‘rdi va uni har tomondan sinchiklab ko‘rishga muvaffaq bo‘ldi.
Idrok bo‘shliqning egriligini anglay olmaydi – bu nafaqat uzunlik, kenglik, chuqurlik, balki boshqa bir sirli to‘rtinchi o‘lchov; garchi u insonning tushunish doirasiga kirmasa-da, uning mavjudligi isbotlangan. Na Pifagor, na Platon, hatto Dante ham agar ular hali tirik bo‘lganida uni yenga olmagan bo‘lardi, chunki bu haqiqat bizning miyamizga to‘g‘ri kelmaydi.
Ba’zi bir olimlar koinotning bu tushunarsiz cho‘qqisini bir necha lahza bo‘lsa ham (go‘yoki, qandaydir kuch ularni tubsizlikka ko‘tarib, darhol orqaga qaytarganday) zabt etishga muvaffaq bo‘lgan. Har holda afsonalarda shunday deyilgan.
Odatda bu hodisa ovoza qilinmaydi va hech kim qahramonlarni qutlamaydi. Hech qanday shov-shuv, intervyu va esdalik medallar berilmagan, negaki bu g‘alaba mutlaqo shaxsiy xususiyatga ega, kishi bor-yo‘g‘i men egri bo‘shliqni ko‘rishga musharraf bo‘ldim, deyishi mumkin. Axir bu haqiqat ekanligini isbotlovchi hujjatlar, fotosurat va shunga o‘xshash dalillari yo‘q-da.
Donishmand Eynshteynni dunyoviy shon-shuhrat qiziqtirmasa-da, o‘sha paytda u xuddi tilanchining cho‘ntaklari birdan oltinga to‘lganini payqab qo‘yganday o‘zini boshqalardan ustun his qildi.
Shu zaylda jazo sifatida, bu sirli haqiqat paydo bo‘lgan zahoti yo‘q bo‘lib qoldi. Shunda Eynshteyn turgan joyi o‘ziga umuman notanish ekanligini payqadi. U ikki tomondan to‘siqlar bilan o‘ralgan uzun xiyobon bo‘ylab yurdi; atrofda uylar, villa va kulbalar yo‘q edi. Faqat tepasida shisha shar porlab turgan chiziqli qora va sariq yo‘l-yo‘l ranglarga bo‘yalgan yoqilg‘i quyish shoxobchasi bo‘lardi, uning yonidagi yog‘och o‘rindiqda ish kombinezoni va qizil beysbolkada mijozlarni kutib bir qoratanli o‘tirardi.
Eynshteyn o‘tib ketmoqchi edi, lekin qoratanli o‘rnidan turdi va unga qarab bir necha qadam tashladi.
- Janob, - dedi u.
O‘rnidan turganida bu odam baland bo‘yli, yuzlari silliq, xushqomat va afrikalik uslubda kelishganligi ko‘zga tashlandi. Tungi sokinlikda uning oq tishli tabassumi yiltillab turardi.
- Janob, sizda uchqun topilmaydimi? - dedi qoratanli va sigaretasi bilan unga yaqinlashdi.
- Men chekmayman, - javob berdi Eynshteyn.
Shunda qoratanli so‘radi: “Balki menga ichkilik uchun biroz pul berarsiz?”
Eynshteyn cho‘ntaklarini titkiladi.
- Bilmadim... menda hech nima yo‘q... men... juda afsusdaman..., - dedi va yo‘lida davom etmoqchi bo‘ldi.
- Shunisiga ham rahmat, - dedi qoratanli, - ma’zur tutasiz...
- Senga yana nima kerak? - so‘radi Eynshteyn.
- Menga siz keraksiz. Shu uchun bu yerga keldim.
- Men? Nima uchun?
- Menga siz keraksiz, – dedi qoratanli yana takror, - bir maxfiy ish uchun. Men bu haqda faqat qulog‘ingizga aytaman.
Notanish kishining oppoq tishlari yanada ko‘proq yiltillardi, negaki yanayam qorung‘ulashgandi. U Eynshteynning qulog‘iga egildi:
- Men Iblisman, – dedi u sekingina. – Men o‘lim farishtasiman va bu yerga sizning joningizni olgani keldim.
Eynshteyn bir qadam orqaga tashladi: “Menimcha... menimcha siz keragidan ko‘proq ichgansiz”.
- Men o‘lim farishtasiman, - takrorladi u. – Qarang.
U butalar oldiga bordi, bir novdani sindirdi va bir lahzada undagi barglar rangini o‘zgartirdi, qurib qoldi, so‘ng butunlay kul rangga aylandi. Puflagan edi, hamma narsa - barglar, novdaning o‘zi mayda changga tarqab ketdi.
Eynshteyn boshini quyi egdi.
- Jin ursin! Demak, bu oxiri... lekin qanday qilib – bu yerda, kechqurun... ko‘chada?
- Menga shunday topshirilgan.
Eynshteyn atrofga ko‘z yugurtirdi, hech qayerda birorta jon topilmadi. U osmonga qaradi – havo ochiq, barcha yulduzlar o‘z joyida porlab turar, Venera endigina ufqqa qadam qo‘yayotgan edi. U qoratanliga qarab dedi:
- Menga bir oy muhlat bering. Bir ishni tugatib turay, deb turgan paytimda paydo bo‘lganingizni qarang. Iltimos, atigi bir oy.
- O‘zingiz uchun kashf etmoqchi bo‘lganingizni u yerda tezroq bilib olasiz, faqat men bilan yuring.
- Bu boshqa-boshqa narsalar: biz keyingi dunyoda osongina bilib oladigan bo‘lsak, unda qimmat qolarmikan? Qilayotgan ishim juda jiddiy. Men uning ustida o‘ttiz yildan beri ishlayman. Endi, juda oz qolgan bir paytda...
Qoratanli miyig‘ida kulib qo‘ydi:
- Bir oy deng... Xo‘sh, yaxshi, lekin muddat tugashi bilan yashirinishga urinib ko‘rmang. Agar o‘zingizni eng chuqur shaxtaga ko‘msangiz ham sizni topa olaman.
Eynshteyn savol bermoqchi bo‘ldi, lekin suhbatdoshi g‘oyib bo‘ldi.
Bir oy – bu yaqin odamni kutish uchun uzoq, o‘lim xabarchisini kutish uchun esa juda qisqa muddat. Hatto havodan ham qisqa. Lekin u ham o‘tdi. Nihoyat kechqurun Eynshteyn belgilangan joyga bordi. Xuddi shu yoqilg‘i quyish shoxobchasi, o‘sha o‘rindiqda, o‘sha qoratanli faqat kombinezoni ustiga eski harbiy shinel kiygan edi. Negaki, sovuq havo tushgan edi.
- Men keldim, - dedi Eynshteyn uning yelkasiga tegib.
- Xo‘sh, ishingiz nima bo‘ldi? Tugatdingizmi?
- Yo‘q tugatganim yo‘q, - dedi olim afsuslanib. – Menga yana bir oy bersangiz! Ont ichaman, bu safar yetadi. Ishoning, men kechayu-kunduz tinim bilmay ishladim, lekin baribir ulgurmadim. Juda oz qolgandi...
Qoratanli o‘girilmasdan yelka qisdi:
- Barchangiz biz xilsiz. Siz hech qachon qoniqmaysiz. Qo‘shimcha vaqt so‘rab olish uchun tizzangizda turishga tayyorsiz. Bahonangiz ham har doim tayyor...
- Ammo men qilayotgan ish juda qiyin. Hali hech kim...
- Ha, bilaman, bilaman, - gapini bo‘ldi o‘lim farishtasi. – Siz koinot kalitini izlayapsiz, shunday emasmi?
Ikkovlon sukut saqladi. Qishning tumanli, chuqur zulmati noqulaylik tug‘dirardi. Bunday kechalarda kishi hatto ko‘chaga chiqishni xohlamaydi.
- Nima qil deysiz? – so‘radi Eynshteyn.
- Mayli, bora qoling. Lekin bilib qo‘ying, bir oy tez o‘tadi.
Darhaqiqat, u butunlay sezilmasdan uchib o‘tdi. To‘rt hafta davomidagi vaqt hech qachon bu qadar g‘ayrat bilan yutilmagan edi. O‘sha dekabr oqshomida muzli shamol esib, asfaltga tushgan so‘nggi barglarni shitirlatardi. Olimning bereti ostidan chiqib turgan kulrang sochlari shamolda hilpirardi. Yoqilg‘i quyish shoxobchasi joyida turar va uning yonida qoratanli kishi bo‘lardi: u boshiga quloqchin kiyib, cho‘kka tushib, mudrab o‘tirardi.
Eynshteyn unga yaqinlashib, ohista yelkasiga tegdi:
- Men keldim.
- Ha, keldingizmi, - sovuqdan tishlarini g‘ijirlata so‘radi qoratanli kishi, demak tugatdingiz.
- Ha, Xudoga shukur, tugatdim.
- Asr kashfiyoti qilindimi? Xo‘sh izlagan narsangizni qanday qilib topdingiz? Koinotni suyakchalarga bo‘lib tashladingizmi?
- Ha, - dedi Eynshteyn tabassum bilan, - qaysidir ma’noda olam yaxshilandi deb aytsa bo‘ladi.
- Demak, ketsak bo‘ladi? Siz bu safarga tayyormisiz?
- Albatta, axir shunday kelishgandik-ku.
Shunda Iblis o‘rnidan turdi va baland ovozda kulib yubordi. O‘ng qo‘lining ko‘rsatkich barmog‘i bilan Eynshteynning qorniga sanchdi; u zo‘rg‘a oyog‘ida tura oldi.
- Mayli qari firibgar, uyga qayt, yugurib bor, agar o‘pkangni shamollatamoqchi bo‘lmasang... endi sen menga kerak emassan.
- Meni qo‘yib yuboryapsizmi? Bu... nima uchun kerak edi?
- Sen ishingni tugatib olishing uchun. Bori shu. Va men bunga erishdim. Qo‘rqitmaganimda kim biladi, yana qancha cho‘zgan bo‘larding.
- Meni ishim? Sizga nima uchun kerak bo‘ldi?
Qoratanli kuldi:
- Menga bunga hojat yo‘q... Ammo xo‘jayinlarga, pastdagi katta shaytonlarga... sizning birinchi kashfiyotlaringiz... ularga katta xizmat ko‘rsatgan deb aytishadi. Bunga siz aybdor bo‘lmagan, lekin shunday. Istaysizmi-istamaysizmi, aziz professor, do‘zaxda bundan foydalanishdi. Endi yangilariga mablag‘ ajratilyapti.
- Bema’nilik, - g‘azablandi Eynshteyn. – Dunyoda bundan zararsiz narsa bo‘lmasa kerak. Bu shunchaki formulalar, sof mavhumlik, juda ob’yektiv...
- Ofarin! – qichqirib yubordi Iblis yana olim qorniga barmog‘ini sanchib. – Barakalla! Demak, ular meni bu yerga behuda yuborishipti-da. Sizningcha, ular noto‘g‘ri ish qildimi? Yo‘q, yo‘q, siz yaxshi ishladingiz. Ular xursand bo‘ladi! Oh, agar bilsangiz...
- Agar bilsam, nima?
U g‘oyib bo‘ldi. Yoqilg‘i quyish shoxobchasi ham, o‘rindiq ham yo‘q bo‘ldi. Faqatgina tunda, shamolda va avtomobillarning uzoqdagi xira chiroqlari ko‘rinardi. Nyu-Jersi shtatida. Prinstonda...
Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.