Mutolaa: Jo‘ravoy va Qorbola (hikoya)

 

Yanvar oyining oxirida qor ko‘p yog‘di. Jo‘ravoy akasi bilan hovlida qorbola yasadi. Unga sabzidan burun, ko‘mir bo‘laklaridan og‘iz o‘rnatdi. Boshiga eski chelakni kiygizdi. Hovlida biroz yurgach, sovqota boshlashdi. Ikkalasining ham burni, yuzi sovuqdan qizardi. 

Onasi qancha tayinlamasin, panaga o‘tib, qor yeyishdi. Tarnovda osilgan sumalakni olib yalab, qarsillatib tishladi. Keyin uyga yugurdi. Kechqurun darslarini bajarmoqchi edi, erindi. Televizor tomosha qildi-da, uxlab qoldi.

Hovlida buni ko‘rib turgan Qorbola boshlarini sarak-sarak qildi:

- Eh, Jo‘ravoy! Issiqqina uyda maza qilib darslaringni tayyorlamaysanmi?

Kechasi Jo‘ravoyning issig‘i oshib, yo‘tala boshladi. Boshi qizib, alahsiradi. Qancha yotdi, bilmaydi...

***

Bir mahal eshik ochilib, xonaga Qorbola kirib keldi.

- Xo‘sh, - dedi u boshidagi chelakni olib. – Siz bolalarga qor, muz yeyish mumkin emas-da. Oying buni tayinlamaganmi?

- Aytuvdilar, - zo‘rg‘a ming‘irladi Jo‘ravoy.

- Kattalarning aytganini qilish kerak, - ta’kidladi Qorbola. – Mana, bizga ham Ayoz bobo qattiq tayinlagan – olovga yaqin borma, oqar suvga yaqinlashma, deb.

Jo‘ravoyning issig‘i oshib, boshi og‘riy boshladi.

- Men sening o‘rningda bo‘lsam, matematikadan masalalarni yechib, maktabda birinchi o‘rinni olar edim, - dedi Qorbola. - Adabiyotdan she’rlarni sharillatib yodlardim. Oyingning aytganini qilmading-a? Ana endi kasal bo‘lib o‘tiribsan. Hammaga tashvish keltirasan. Quloqsiz bola ekansan!

- Eh, sen bilmaysan-da, - dedi Jo‘ravoy. – Maktabdagi darslar rosa jonga tegdi!

- Kel bo‘lmasa, bunday qilamiz, - qo‘llarini ishqaladi Qorbola. – Ikkalamiz o‘rin almashamiz. Menga ham hovlida bir o‘zim turishim yoqmayapti.

- Qanday qilib? – boshini ko‘tardi Jo‘ravoy.

- Men sening o‘rningga maktabga boraman. Sen mening o‘rnimga hovlida turasan, - debdi Qorbola.

Jo‘ravoy biroz o‘ylanib qoldi, keyin rozi bo‘ldi. Dars qilmasa, maktabga bormasa bo‘ldi-da.

- Bo‘pti, roziman.

Ikkalasi qo‘l tashlashdi.

- Lekin bilib qo‘y, - ogohlantirdi Qorbola. – Joyingdan qimirlamaysan, uyga kirmaysan. Agar shartni buzsang, Ayoz bobo qattiq jazolaydi. Muzga aylantirib qo‘yadi.

- Bo‘pti, bo‘pti, - qo‘l silkidi Jo‘ravoy. - Dars qilmasam bo‘lgani. Ayniqsa, o‘qituvchilarning dashnomi shunchalik jonga tegdiki...

Xullas, ikkalasi o‘rin almashdi. Jo‘ravoy ertalab turib Qorbolaning joyiga turibdi. Qorbola esa Jo‘ravoyning kiyimlarini kiyib, sumkasini ko‘tarib maktabga yo‘l olibdi. Astoydil harakat qilib, darslarda o‘zini ko‘rsatibdi. Matematikadan masalalarni yechib, adabiyotdan she’rlar yodlabdi. Uyga berilgan vazifalarni bajarib, charchab uxlab qolibdi.

Jo‘ravoy esa hovlida bir soat turibdi, ikki soat turibdi. Oxiri tik turish joniga tegibdi. Qimirlasa bo‘lmaydi, va’da bergan. Tik turganicha uxlabdi. Eng yomoni kechqurun bo‘libdi. Oyisi oshxonada shirin palov damlab, uyga olib kirayotganida qorni ochligidan yig‘lab yuboribdi. Ko‘z yoshlari dumalab-dumalab, muz tomchilar bo‘lib yerga tushibdi. Uyga kirmoqchi bo‘libdi-yu, Ayoz bobodan qo‘rqibdi. Axir so‘z bergan-da. Yon-atrofidan qor olib yebdi. Ertalabgacha shu holida turibdi. Oyoqlari uvushib, hammayog‘i muz qotibdi.

“Ertalab Qorbola kelsin, avvalgi joyimga almashaman”, deb o‘ylabdi.

Tong payti Qorbola hovliga chiqqan ekan, uni Jo‘ravoy imlab chaqiribdi:

- Hoy Qorbola, buyoqqa kel!

- Ha, nima gap? – debdi Qorbola.

- Bo‘lmas ekan, kel, joy-joyimizga qaytamiz, - debdi Jo‘ravoy.

- Ey, yo‘q, - boshini silkitibdi Qorbola. – Maktabga borish maza ekan. Bolalar bilan o‘ynaysan, qiziqarli kitoblarni o‘qiysan. Bilasanmi, meni sinfda maqtashyapti. Sinf rahbari menga maqtov yorlig‘i yozmoqchi.

- To‘xta, to‘xta, - qichqiribdi Jo‘ravoy. – Nima desang, aytganingni qilaman. Faqat o‘z joyimizga qaytaylik, iltimos.

- Unda darslarni o‘z vaqtida qilishing kerak bo‘ladi, – debdi Qorbola ortiga burilib. – Oyingning aytganini ham bajarishing kerak.

- Hammasini qilaman, - qichqiribdi Jo‘ravoy.

- Yo‘q, sen o‘z gapida turmaydigan, quloqsiz bolasan, - deb Qorbola iziga qaytibdi.

- Qilaman, qilaman, - yig‘labdi Jo‘ravoy.

Uning ko‘z oldida tumanlar paydo bo‘la boshlabdi...

***

- U alahsirayapti, - dedi kimdir.

Jo‘ravoy ko‘zini ochsa, boshida oq qalpog‘i bor doktor amaki uning peshonasini ushlab turganmish.

- Uy vazifalarni ham, oyimning aytganini ham qilaman, - debdi Jo‘ravoy.

- Bu yaxshi, - debdi doktor. – Kattalarning aytganini bajarish – yaxshi fazilat. Mana bu dorilarni ichsang, tuzalib, maktabga borasan.

Jo‘ravoy boshini ko‘tarib, derazadan tashqariga qarasa, hovlida Qorbola unga qo‘l silkib turganmish.

- Issiqqina uyda yotish qanday maza-ya, - debdi u. – Endi sira ham dars qoldirmayman!

Boborahmat Muhammadiyev,

Nurobod tumanidagi 57-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi.