Mutolaa: Nima bo‘ladi? Fantastik hikoya. Frederik Braun 

- Janoblar, qarshingizda birinchi va yagona vaqt mashinasi, - deya e’lon qildi professor Jonson ikki hamkasbiga. - Bu ishlaydigan model xolos, lekin u ham og‘irligi uch funt besh unsiya bo‘lgan narsalarni o‘n ikki daqiqaga o‘tmishga yoki kelajakka ko‘chirishga qodir.

Mashina chindan ham kamtarona ko‘rinardi, u platforma va ikkita katta siferblatdan iborat edi.

Professor qo‘liga katta metall kubni oldi. 

- Biz bir funt va unsiyaning uchdan ikki qismi og‘irlikdagi bu misdan qilingan kub bilan tajriba o‘tkazdik, - dedi u. - Hozir men uni kelajakka, besh daqiqa oldinga yuboraman. 

U siferblatlardan birini ustiga egilib, millarni harakatga keltirdi. 

- Iltimos, vaqtga e’tibor bering.  

Hamkasblar bir vaqtda soatlariga nazar tashlashdi. Professor Jonson ehtiyotkorlik bilan kubni platformaga joyladi va u shu zahotiyoq g‘oyib bo‘ldi. 

Kub soniyasigacha roppa-rosa besh daqiqadan so‘ng oldingi joyida paydo bo‘ldi.

Professor kubni ohista qo‘liga oldi.

- Endi men uni besh daqiqa o‘tmishga jo‘nataman, - U boshqa siferblatdagi o‘tkazgichni harakatga keltirib soatiga qaradi. – Hozir uchgacha olti daqiqa bor. Men mashinani roppa-rosa soat uchga sozlab qo‘ydim. Demak, beshtakam uchda kub mening qo‘limdan g‘oyib bo‘ladi va men uni u yerga qo‘yishimdan besh daqiqa oldin platformada paydo bo‘ladi. 

- Qanday qilib bu holatda uni u yerga qo‘yishingizga aqlim yetmayapti, - dedi mehmonlardan biri. 

- Qo‘limni platformaga yaqinlashtirganim bilan kub yo‘qoladi va uni joylashtirishim uchun paydo bo‘ladi. Qarang!

Haqiqatan ham, kub uning kaftidan g‘oyib bo‘ldi va vaqt mashinasi platformasida paydo bo‘ldi. 

- Ko‘rdingizmi? Uni platformaga qo‘yishim kerakligidan besh daqiqa oldin u allaqachon shu yerda. 

Ikkinchi hamkasbi peshonasini burishtirib, o‘ylanib qoldi. 

- Mabodo, siz hozir platformada turgan kubni joyiga qo‘yish fikridan qaytsangiz, qo‘yishdan besh daqiqa oldin, unda nima bo‘ladi. Paradoks hosil bo‘larmikan? 

- Qiziq... – dedi professor Jonson. – Men haqiqatan ham bunday holat to‘g‘risida o‘ylab ko‘rmaganman. Keling urinib ko‘ramiz. Demak, men... 

Paradoks hosil bo‘lmadi. Mis kubi joyida qoldi. 

Ammo professor, uning hamkasblari g‘oyib bo‘ldi... 

Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.