Mutolaa: Qasddan qilingan qotillik. Hikoya
Feliks Krivin
Qulog‘imga ba’zi bir iboralar eshitilib turardi: “Jabrlanuvchining ismi nima ekan?”, “Uning juda ko‘p ismlari bor edi”, Yoshi-chi?”, “Yetmishlar atrofida”, “Sizningcha, bu qasddan qilingan qotillikmi?”.
Sukunat. Keyin eshitdim: “Ayblanuvchini olib kiring!”
Meni olib kirishdi.
Zalda haddan tashqari ko‘p odam bor edi, faqat bitta qora kursi bo‘sh turardi. Men unga o‘tirib oldim.
- Kasbingiz?
- Yozuvchi.
- Juda g‘alati. Shunday insonparvar kasb... Sizga qo‘yilgan ayblovlar bilan tanishmisiz?
- Bilasizmi, – kasbiy odat bo‘yicha men uzoqdan boshladim. – Men hech qachon detektiv janrini yoqtirmaganman... Qotilliklarni ko‘nglim ko‘tarmaydi.
- Biroq siz qotillikda ayblanmoqdasiz!
- Bu men uchun sir bo‘lib qolyapti. Hech qanaqa qotillikka qo‘l urmaganman... U odamni hatto ko‘rganim yo‘q.
Sudya afsus bilan bosh chayqadi:
Siz u bilan tanish emas edingiz, lekin bir-biringiz haqida xabardor bo‘lgansiz. Jabrlanuvchi sizga hurmat bilan munosabatda bo‘lgan, hatto u sizga ishongan. Uchrashib turgansizlar, buni ham istisno qilmaymiz.
Shu yerda advokat sudlanuvchi vaqtini har doim ish stoli yonida o‘tkazishini, u doim uyida o‘tirishi va kamdan-kam hollarda uydan chiqib ketishi haqidagi guvohnomani taqdim etdi. Himoya tomon buni darhol tasdiqladi.
- Mana bu narsa sizga tanishmi? – sudya menga juda tanish narsani uzatdi. – Bu sizga tegishlimi?
- Ha, meniki.
- Bu narsa sizga tasodifan, qandaydir xatolik yuz berib, tushunmovchilik natijasida, boshqa birov yoki uchinchi shaxslarning aybi bilan kelgan, deb ayta olasizmi?
Men qat’iy javob bera olmadim.
- Ushbu vaziyatda bunday ayanchli oqibatlarga olib kelgan puxta o‘ylangan rejangiz oldindan mo‘ljallab qo‘yilgan ekanligini inkor qila olasizmi?
Men buni inkor eta olmasdim.
Shundan so‘ng ayblovchi o‘rnidan turdi.
- Tergov shuni ko‘rsatdiki, - dedi u, - ayblanuvchi odam o‘ldirgan. O‘z ishini qo‘pol kuch ishlatmasdan, juda nozik tarzda, makkorlik bilan qasddan uyushtirgan. Ayblanuvchi hikoya yozgan. Hikoya kulgilidir, biroq unda na bir kuladigan va na bir ibratli narsa bor. Uni o‘qigan kishi vaqtini behuda sarflaydi. To‘g‘ri, o‘qilishi o‘n daqiqadan ko‘p vaqtni talab qilmaydi, ammo u shunday katta adadda nashr etilganki, jami o‘quvchining yetmish yillik hayoti kerak bo‘ldi.
- Kimning hayoti? – so‘radi himoyachi.
- Bir necha million kitobxon hayoti.
- Lekin siz ayblanuvchi odam o‘ldirgan, deb da’vo qilyapsiz?
- Yetmish yil – bu bir kishining hayot davomiyligi. Bu hayot ayblanuvchi tomonidan olib qo‘yilgan, o‘qishga arzimaydigan narsalarni o‘qishga sarflangan yetmish yil! Demak, ayblanuvchi yotmish yoshli kishini o‘ldirgan bo‘lib chiqyapti.
- Yetmish yoshda inson tabiiy o‘lim bilan o‘lishi mumkin, - dedi himoyachi. – Agar biz shunday hisoblaydigan bo‘lsak, hikoya yozuvchisi A. birdan ellik kishini, roman yozuvchisi B. esa birdan yuz yoki ikki yuz kishini o‘ldirar ekan-da. Demak, adabiyot ularning qo‘lida ommaviy qirg‘in quroliga aylanar ekan. Mening mijozim faqatgina o‘n daqiqalik qisqa hikoyani yozgan...
Sudya guvohnoma berdi: ayblanuvchi A. va V. ishi keyingi majlislarda ko‘rib chiqiladi.
Keyin menga so‘z berishdi va men aytdim:
- Hurmatli sudyalar. Hurmatli ayblovchi, guvohlar va o‘quvchilar! Men hikoya yozdim. O‘rtacha hikoya, yaxshi emas, yomon ham emas. To‘g‘ri, u hajviya hikoya, lekin kulgili emas. Men unga hech qanday maxsus g‘oya bermadim, maxsus badiiy shakl haqida qayg‘urmadim... Men kuniga yuztalab yoziladigan o‘rtacha hikoya yozdim. Ammo men hikoyam adabiyotning ommaviy qirg‘in quroli bo‘lishi mumkinligini bilmasdim. Inson vaqti o‘ldirilganda, vaqt uni o‘ldiradi deb o‘ylamagan edim.. Meni kechiring, janob sudyalar!
Sud maslahat majlisiga chiqib ketdi.
Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.