Mutolaa: Qaytmagan qarz yoki bir dollar hangomasi. Hikoya Stiven Likok

Do‘stim Todd mendan bir dollar qarzdor.

U bir yil oldin qarz olgandi, endi uni menga qaytarib berishiga umid qilmasam kerak. Har safar uni ko‘rganimda qarzini berishini unutib qo‘yganiga amin bo‘laman. U meni hali-hamon samimiy tabassum bilan kutib oladi. Lekin mening dollarim uning xayolidan butunlay chiqib ketgan. Aniqki, men uni qaytarib ololmayman.

Shu bilan birga menga yana bir narsa ayon – butun hayotim davomida Todd menga bir dollar qarzdorligini eslab yuraman. Ishonchim komilki, ushbu holat bizning do‘stligimizni hech bo‘lmaganda buzmaydi, lekin men bu haqiqatni hech qachon unutolmayman. Boshqalarni bilmadimu, lekin men, agar kimningdir mendan bir dollar qarzi bo‘lsa, toki tirik ekanman, bu haqda o‘ylamasligim mumkin emas.

Ijozatingiz bilan sizga hammasini tartib bilan birma-bir aytib bersam. Todd bu dollarni o‘tgan yilning 8 aprelida mendan qarz olgandi (har ehtimolga qarshi sanani aytib qo‘yay, ehtimol bu satrlar do‘stim Toddning ko‘ziga tushib qolsa).  Bermud orollariga ketishidan oldin. Taksi pulini to‘lash uchun unga bir dollar kerak edi, men unga o‘sha dollarni qarzga berdim. Hammasi oddiy, tabiiy ravishda sodir bo‘lgan va men faqat amal bajarilganidan keyingina o‘zimga kelganman. “Menga bir dollar berib tursang”, dedi u. “Marhamat, - javob berdim men. – Bir dollar kamlik qilmaydimi?”.

O‘ylaymanki, yo‘q. Aminmanki, albatta Todd bu dollarni mendan olganida, qaytarib berish niyatida bo‘lgan.

U Bermud orollaridagi Gamiltondan menga xat yubordi. Konvertni ochar ekanman, ichida dollarim bo‘ladi, deb umid qilgandim. Ammo yo‘q edi. Todd shunchaki havo deyarli 100 daraja issiq bo‘lganini yozgan va bu raqam meni bir lahzaga sergak torttirdi.

U uch haftadan so‘ng qaytib keldi. Men uni vokzalga kutib olish uchun chiqdim – yo‘q, dollar uchun emas, balki shunchaki uni juda hurmat qilishim bois. Menimcha, uch haftalik safardan so‘ng platformada kimdir uni kutib turganini ko‘rish unga xush keladi.

- Taksi buyurtma qilamiz, klubga boramiz, - dedim.

U javob berdi:

- Yo‘q,  yaxshisi piyoda bora qolaylik.

Oqshomni Bermud orollari haqida suhbat bilan birga o‘tkazdik. Men faqat o‘z dollarim haqida o‘ylardim, lekin bu haqda gapirmadim. Har holda bu narsani eslatish uyatli bo‘lsa kerak. Faqat Bermudda qanaqa valyuta ishlatilishi va AQSh dollari u yerda nominal qiymati bo‘yicha qanday muomalada bo‘lishini so‘radim. “Dollar” so‘ziga biroz urg‘u berdim, lekin to‘g‘ridan-to‘g‘ri unga aytishga botina olmadim.

Birmuncha vaqt o‘tib (Todd bilan deyarli har kuni klubda uchrashardik) uning qarzni umuman unutganiga amin bo‘ldim. Bir kuni men undan sayohat qancha pul talab qilganini so‘radim, u esa hisob-kitob bilan shug‘ullanmaganini aytdi. Bir necha kundan o‘tib, sayohatdan keyin hayoti o‘z oqimiga qanchalik tushganligi haqida so‘radim. U sayohatni unutishga ulgurganini aytdi. Shu tarzda hammasi tugadi – men buni tushunib yetdim.

Shunga qaramay Toddga qarata sovuq munosabatda bo‘lganim yo‘q. Shunchaki uni mendan qarzdor bo‘lgan va bu haqda unutganlar ro‘yxatiga qo‘shib qo‘ydim. Endi ular juda oz qoldi. Men ularga boshqalarga qaraganda yomon munosabat qilmayman, men faqat bir narsani – unutishni xohlayman.

Ikki kun oldin biz Todd bilan kechki ovqatda birga edik va u ehtimol hech qanday g‘arazsiz, to‘satdan Polsha haqida gapira boshladi. Uning so‘zlariga ko‘ra Polsha hech qachon qarzlarini to‘lamaydi. Shunga o‘xshash narsa unga o‘zining qarzi haqida eslatishi kerak edi, shunday emasmi?

Vaqt o‘tishi bilan bir fikr – juda og‘riqli fikr menga tinchlik bermay qo‘ydi. Agar Todd mendan bir dollar qarz olib, bu haqda umuman unutib qo‘ygan bo‘lsa, demak, nazariy jihatdan, men ham birovdan qarz olib, butunlay unutgan bo‘lishim mumkin-ku. Ehtimol, bunday odamlar juda ko‘pdir... Bu haqda qancha ko‘p o‘ylasam, o‘zimga shunchalik yoqmay ketyapti. Chunki aminmanki, agar men qarzimni berishni unutgan bo‘lsam, demak uni hech qachon bermayman, har holda bu hayotda.

Mabodo shunday bo‘lsa, men ularni bu haqda baland ovoz bilan e’lon qilishlarini so‘rayman. Faqat hamma birdan emas. O‘rtacha miqdorda va iloji bo‘lsa alifbo tartibida, shunda ularni zudlik bilan ro‘yxat qilishim mumkin. Aytish joizki, qarta o‘ynayotganimda, menga tasodifan bir dollar qarz bergan bo‘lishi mumkin bo‘lgan odamlarni ro‘yxatimga kiritmayman.

Bundan tashqari, men “Halollikka qaytish!” deb nomlangan global harakatni tashkil qilmoqchiman. Odamlar saxiylik ila qarz bergan tasodifiy dollarlarni ham qaytarib berishlarini istayman. Sizga shuni eslatib qo‘yamanki, benuqson halollik dunyodagi eng buyuk davlatlarning asosi hisoblanadi.

Va oxirgisi, men o‘zimning o‘quvchilarimdan ushbu kitobni Monreal universiteti klubi a’zosi janob Todd ko‘rishi mumkin bo‘lgan joyda qoldirmasliklarini chin dildan so‘rab qolaman.

Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.