Mutolaa: So‘nggi uchrashuv. Hikoya
Ilya Ilf, Yevgeniy Petrov
Tanaffus paytida Badiiy teatrning chekish xonasida ikki kishi uchrashib qoldi. Avvaliga ular uzoqdan bir-biriga qarab qo‘ydi, keyin ulardan biri ikkinchisiga yon tomondan qarash maqsadida katta aylanish tasvirladi va nihoyat ikkalasi ham “nahotki”, “necha yil, necha zamonlar...”, “o‘zingmisan” kabi tasodifiy hayqiriqlarni aytib bir-biri tomon shoshildi.
O‘n besh yil ichida qancha suvlar oqib o‘tgani va har xil “ha nimasini aytasan?”, “to‘g‘ri birodar”, “shunaqa gaplar, do‘stim”, “sen qarib qopsan”, “sen ham...” kabi mayda-chuydalar muhokamasi taxminan uch daqiqacha davom etdi.
Keyin suhbat boshlandi:
Demak, sen harbiy chiziq bo‘ylab ketibsan-da?
Menmi, ha ancha bo‘ldi.
Markazdami?
Yo‘q, hozirgina Uzoq Sharqdan keldim.
Yaponlar qalay? Urush olib bormoqchimi?
Ularga shundan ko‘rsatma berilgan.
Xo‘sh, xo‘sh! Petlitsangdagi unvonlar juda kammi deyman. Mana bunisi nima?
Bumi? Daraja belgisining bir turi – shpala deyiladi.
Uchtami shpalalaring? Rombchi, romb yo‘qmi?
Romb yo‘q.
Bu qanday bo‘ldi ekan?Uchtagina shpala.
Polk komandiri.
Chakki emas, qariya.
- Nega chakki emas ekan? Polk qo‘mondonligi sharafli ish. Polk bu katta birlik. Bunga ko‘p yillar o‘qib o‘rganishim kerak bo‘lgan. Yodingda bo‘lsa biz hatto arifmetikani bilmasdik. Shu o‘n besh yil davomida men o‘qidim, harbiy maktabni tugatgandan so‘ng vzvodni, keyin rotani boshqardim. Hozir polk qo‘mondoniman. Bu oson ish emas. O‘tgan yili motorizatsiya va mexanizatsiya kurslarida qatnashgandim. Hozir ham o‘qiyapman.
Biroq romblardan darak yo‘q?
Romblar yo‘q. Sen-chi, sen qaysi chiziqdasan, Kostya?
Men, Lyonya, umuman boshqa yo‘nalishdaman.
Xo‘sh...
Men mas’uliyatli xodimman.
Shuni so‘rayapman – qaysi yo‘nalishda deb?
Aytyapman-ku – mas’uliyatli xodim!
Nimaning xodimi?
Nima nimaning?
Mutaxassisliging nima, deb so‘rayapman?
Mutaxassislikning bunga nima aloqasi bor? Xudo haqi xuddi kar-soqov bilan gaplashayotganday... Men, azizim, butun bir muassasaning rahbariman. Agar harbiy jihatdan ko‘rib chiqsak, naqd ikki-uch rombga tortadi, kam emas.
Qanaqa muassasa ekan?
Qurilish trestining rahbari.
Qoyil. Demak, arxitektorsan. San’at akademiyasida tahsil olgan ekansan-da.
Tahsil? Qachon? Ishni kim qiladi? Gazeta o‘qishga vaqtim yo‘q, tahsil olishni-ku aytmasang ham bo‘ladi. Agar hamma o‘zini o‘qishga ursa, ishni kim qiladi?
Ketdik zalga kira qolaylik, yolg‘iz biz qolibmiz.
Shoshma, do‘stim. To‘rtinchi pardani tomosha qilish shartmas. Qiziqarli emas. Yaxshisi mening uyimga boramiz, uyda, bilsang, birodar go‘zal xotinim kutyapti. U-bu degandek, gazak olamiz, grammofon qo‘yib, musiqa eshitamiz.
Suhbat yo‘lda davom etdi:
Shuncha o‘qisam ham hali-beri romblardan darak yo‘q, degin.
Romblar yo‘q. Aytgin-chi menga Kostya, sen arxitektorsan, ehtimol senda amaliy tajriba bordir.
Juda katta tajriba.
Deylik, agar bino chizmasini olib kelishsa, uni bemalol o‘qiy olasanda, albatta. Hisob-kitoblar va hokazolarni tekshirasan, shundaymi?
Nega men? Buning uchun arxitektorlarim bor. Nima men ularni tekinga ushlab turibmanmi? Agar men kun bo‘yi chizmalarni titkilasam, ishni kim qiladi?
Demak, o‘z zimmangga moliyaviy tomonlarni olibsan.
Yo‘o‘o‘q, bu mayda-chuydalarni iqtisodchi va hisobchilarimga topshirganman. Ana shular kalkulyatorda kechayu-kunduz hisob-kitob qilishadi. Hatto bitta professorim ham bor.
Iqtisodchilaring biror bir bema’ni narsani qistirib ketishsa-chi? Sen mutaxassis emassan-ku.
Jur’at qilolmaydi. Bunga sezgirligim yo‘l qo‘ymaydi.
Ha, mayli, muassasangda nima bilan shug‘ullanasan? Qurilish materiallari bilanmi? Bu soha juda qiziq bo‘lsa kerak.
Qurilish materiallari meni qiziqtirmaydi.
Shoshma, sen katta tajriba egasiman, deb aytding-ku.
Juda katta. Hozirgi ishimda bor-yo‘g‘i olti oygina ishladim. Undan oldin, sutchilik bilan shug‘ullangandim.
Chorvachilik mutaxassisiman deb aytib qo‘ya qolmaysanmi?
Ha, cho‘chqa bilan qoramolni farqlay olaman. Uch oy sutchilikda, undan oldin chiqindilar utilizatsiyasida, undan oldin musiqa texnikumida ishladim, Qizil xochda xizmat qildim, butun bir bankni boshqardim, tolachilik kombinatida va kamida yana o‘nta korxonada har xil lavozimlarda ishladim. Endi hammasini eslay olmayman.
- Tushunmadim. Asosiy kasbing nima o‘zi?
- Nahotki tushuna olmasang. Men umumiy ko‘rsatma berib boshqarib turaman.
- Ha, umumiy boshqaruv degin, buni tushunaman. Yodingda bo‘lsa, o‘n besh yillar oldin men chilangar, sen esa elektromontyor bo‘lib ishlarding... Endigi kasbing shu ekan-da...
- Qiziq odam ekansan, men boshida aytdim, mas’uliyatli xodimman deb. Mana, Sasha Zaysev o‘qidi, o‘qidi, men bu vaqt ichida undan o‘zib ketdim. Ko‘plar o‘qirdi, men esa o‘qimasdan mansabchalarni egallab oldim.
Ha, mansabchalar degin. Endi tushunarli.
- Mana, sen do‘stim, harbiy odamsan, - davom etdi Kostya, - lekin ordening yo‘q. Bu yaxshi emas.
Ordenim bor.
Nahotki. Qayerdan?
Bir ishda qatnashuvdim. Xitoy mojarosida.
U yerda berisharmidi? – besaranjom bo‘ldi Kostya.
U yerda otishardi, - quruq javob berdi qo‘mondon.
Nega uni taqib yurmaysan?
Teatrga taqib boraymi?
Ha-da. Boshqa yana qayerga? Aynan teatrga, ko‘rib qolishsin-da! Eh, jangchi, uni qayerda yashirib qo‘ygansan?
Qutichada.
- Zo‘r joy topibsan. Uni ko‘rishga qiziqyapman. Mana keldik, kel do‘stim, kiraqol... Uyimizda qiziq narsalar ko‘p.
Haqiqatan ham uning uyida o‘ttiz besh yoshli keksa bola uchun kerak bo‘lgan katta o‘yinchoqlar to‘plami bo‘lardi: Polshadan keltirilgan grammofon, dinamikli radio, besh linzali, olti oyoqli va tasvirni kattalashtiradigan asbobli fotoapparat. Xotini uyda yo‘q edi.
Ajoyib fotoapparat, - dedi ko‘mondon. – Sen yaxshi suratlar tushirsang kerak.
Yo‘q, - javob berdi Kostya, - javonda ovora bo‘la turib, mendan suratchi chiqmaydi, rostini aytsam vaqtim ham yo‘q.
Ha, mayli, radioni qo‘y. U butun dunyoni qabul qilsa kerak.
Kostya radoini qo‘yib, tugmachasini aylantirgandi, qo‘lansa miyovlash eshitildi, u tezda radioni o‘chirdi.
- Bilasanmi, men bu masalada mutaxassis emasman. Bizlarnikiga Vova ismli qo‘shni bola kelib turadi. Sakkiz yoshli epchil bola Kopengagendeysanmi, Mamengagenmi, barcha stansiyalarini ushlay oladi.
- Ha, mayli, - dedi ko‘mondon xo‘rsinib, – hech bo‘lmaganda grammofonni qo‘y.
- Balki xotinimni kutarmiz. U grammofonlar mutaxassisi. Lekin o‘zing yoqib ko‘rishing mumkin.
Kostya grammofonni yoqishga kirishdi.
- Ha, do‘stim, - dedi u o‘ychanlik bilan tugmachani aylantira turib, - ko‘rib turganingdek hamma narsam bor: kvartira, radio, chiroyli xotinim, faqat ordenim yo‘q. Agar orden berishganda edi...
Shu yerda qisqa, sovuq chirsillagan ovoz eshitildi.
- Ana shunaqa, - hayron bo‘ldi Kostya, - prujina yorilib ketdi. Aytuvdim xotinimni kutaylik deb. Essiz, yaxshi gramoffon edi. Importmi, eksportmi... Endi nima qilsak ekan? Kel, yaxshisi gazak qilamiz.
U qo‘llarini artib stol tomon yaqinlashgan edi, chiroq o‘chib qoldi.
- Nima balo! – qorong‘ulikda uning ovozi eshitildi. – Endi chiroqsiz o‘tiramizmi?
- Nega chiroqsiz? – dedi qo‘mondon jahl bilan. – Oddiygina probka yongan. Olib tuzatib qo‘ysang bo‘ladi. Axir bir paytlar elektromontyor eding-ku.
- Qayoqda deysan? Men allaqachon hamma narsani unutganman. Qaysisi anod, qaysisi katod... xotinim... e... yo‘q mutaxassisni chaqirtirish kerak.
U yana ancha vaqt qorong‘ulikda inqillab, sham izlashga kirishdi.
Sham yoqilganda, xonada komandir yo‘q edi.
Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.