Muzeyshunos: Samarqandga muzey-qo‘riqxona kerakmi? Agar kerak bo‘lsa hukumat qarori ijrosini ta’minlash zarur
“Ayni paytda Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi fondidagi mavjud 235 ming eksponatdan bor-yo‘g‘i 7 mingtasi viloyatdagi mavjud 11 ta muzeyda namoyish qilinayapti. Qolgan 228 ming ashyo fondlarda qolmoqda...
Samarqand shahar Sadriddin Ayniy ko‘chasi 6-uyda joylashgan Ashratxona me’moriy yodgorligi ayni paytda qo‘riqlanmaydi hamda muzeylashtirilmagan. Ushbu obidaga ham sayyohlar keladi va katta qiziqish bildiradi. Biroq sayyohlar uchun birorta xizmat yo‘lga qo‘yilmagan. Ba’zi uzuq-yuluq ma’lumotlarni hisobga olmaganda yodgorlik haqida tayyorlangan ekskursiya matni ham mavjud emas”.
Muzeyshunos Mahmudxon YuNUSOV quyidagi maqolasida yuqoridagi misollar hamda yana bir qator holatlarga to‘xtalarkan, sohadagi kamchiliklarni sanash bilan bir qatorda ularni keltirib chiqargan omillar va yechim haqda o‘z mulohazalarini bildiradi.
Muzey-qo‘riqxonalar ma’lum hududdagi muzeylar bazasida tashkil etilib, mamlakat yoki mintaqaning tarixiy-madaniy va tabiiy merosini saqlab qolish uchun muhim bo‘lgan me’moriy, tarixiy va tabiiy yodgorliklarni o‘z ichiga olgan ochiq osmon ostidagi muzeyning bir turi hisoblanadi. Ushbu yodgorliklarni himoya qilish uchun davlat bunday muzeylarga qo‘shimcha ravishda qo‘riqxona huquqiy maqomini beradi.
Muzey-qo‘riqxonalar hududlarni, ansambllarni, majmualarni hamda tarix, madaniyat va tabiatning alohida yodgorliklarini muzeylashtirish asosida tashkil etiladi. Qo‘riqxona maqomi unga kiritilgan hududlarni va ob’yektlarni saqlash va ulardan foydalanishning maxsus usullarini o‘z ichiga oladi.
Muzey-qo‘riqxonalar tarixiy-badiiy, tarixiy-me’moriy, tarixiy-arxeologik, tarixiy-madaniy, harbiy-tarixiy, adabiy-memorial, ilmiy-texnik, ishlab chiqarish yo‘nalishlarida tashkil etiladi. O‘zbekistonda birinchi muzey-qo‘riqxonalar XX asrning 80 yillarida tashkil etilgan. Bular Samarqand, Buxoro va Ichan qal’a (Xiva) muzey qo‘riqxonalaridir.
Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 maydagi “Sarmishsoy”, “Shahrisabz”, “Termiz” va “Qo‘qon” davlat muzey-qo‘riqxonalari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroridan so‘ng respublikamizdagi muzey-qo‘riqxonalar soni yettitaga yetdi. Albatta, bu madaniy meros obidalarini saqlash yo‘nalishida muhim qadam hisoblanadi.
Muzey-qo‘riqxonalar haqiqatdan ham madaniy meros obidalarini “qo‘riqlayaptimi”?
Ushbu savolga Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi misolida javob topishga harakat qilamiz.
Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi O‘zbekiston hukumatining 1982 yil 26 maydagi 397-sonli qarori bilan tashkil etilgan. Uning tarkibiga Samarqand viloyati hududidagi barcha me’moriy yodgorliklar va tarixiy hududlar kiritildi. Umumiy muhofaza etiladigan hududlar 798 gektarni tashkil etib, shundan Afrosiyob shaharchasi 218 gektar, o‘rta asr Samarqand shahri (eski shahar) 320 gektar va “Yangi shahar” 260 gektarni tashkil etgan. Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi tashkil etilganidan bir yil o‘tib, ya’ni 1983 yilda 1642 ta moddiy madaniyat yodgorliklari davlat muhofazasiga olingan. Muzey-qo‘riqxona xodimlari tomonidan mazkur yodgorliklarni ilmiy-tadqiq etish bilan birga ularni saqlovchilari bilan shartnomalar tuzilgan. Yodgorliklarning pasportlari shakllantirilgan.
Biroq vaqt o‘tishi bilan muzey-qo‘riqxona tarkibidagi madaniy meros obidalari uning tarkibidan chiqarilib, turli tashkilotlar ixtiyoriga o‘tkazila boshlandi. Samarqand viloyati hokimining 1991 yildagi qarori bilan Registon ansambli mustaqil dereksiyaga aylantirilgan bo‘lsa, 2003 yildagi qarori bilan Shohizinda ansambli diniy idora tasarrufiga o‘tkazilgan.
Imom Motrudiy maqbarasi, Hazrati Dovud g‘ori (ziyoratgohi) va Chorchinor ziyoratgohlari Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 4 noyabrdagi “2011-2012-yillarda Samarqand viloyatida turizm sohasini rivojlantirish va turizm xizmatlarining eksport salohiyatini oshirish chora-tadbirlari manzilli Dasturi” va Samarqand viloyat hokimining 2011 yil 27 dekabrdagi qarori bilan Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi balansiga topshirilgan.
2018 yilda esa davlatimiz rahbari va hukumatning qarorlari bilan Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi tasarrufidagi Xo‘ja Doniyor ziyoratgohi, Hazrati Xizr masjidi, Hazrati Dovud ziyoratgohi, Imom Moturudiy majmuasi, Chorchinor ziyoratgohi 2024 yil 1 yanvarga qadar “Vaqf” jamoat fondiga bepul ijara asosida berildi.
Shuningdek, Prezident qarori asosida 13 ta madaniy meros ob’yekti (Afrosiyob qal’asi, Afrosiyob muzeyi, Imom Motrudiy maqbarasi, Bibixonim masjid majmuasi, Saroy Mulkxonim maqbarasi, kirish darvoza va madrasa qoldiqlari, Ruhobod majmuasi (maqbara, madrasa, masjid va minora), O‘smatboy madrasasi (aslida O‘smatlik Do‘stmatboy madrasasi bo‘lishi kerak), Oq saroy maqbarasi, Amir Temur maqbarasi, Ulug‘bek rasadxonasi, Xazrati Xizr masjidi, Xo‘ja Doniyor maqbarasi) Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi balansiga olingan.
2021 yil 3 martdan Vazirlar Mahkamasining “Moddiy madaniy meros ob’yektlari va YuNESKOning umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlar muhofazasini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori kuchga kirdi. Ushbu qarorga muvofiq jami 29 ta madaniy meros obidalari operativ boshqaruv huquqi asosida Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi tasarrufiga o‘tkazilishi belgilandi (ularning aksariyati ayni paytgacha ham muzey-qo‘riqxona tasarrufida bo‘lgan).
Umuman, “Samarqand” davlat muzey-qo‘riqxonasi tasarrufidagi madaniy meros ob’yektlari soni 30 taga yetishi kerak edi.
Davlatimiz rahbarining 2021 yil 6 apreldagi “Turizm va sport sohalarida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq “Madaniyat vazirligi tizimidagi davlat muzeylari, muzey qo‘riqxonalar va uy muzeylari, moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’yektlari va “Moziydan sado” jurnali mavjud shtat birliklari va moddiy-texnika bazasi bilan to‘liq hajmda, moliyalashtirish, mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirishning amaldagi tartibini saqlab qolgan holda Madaniy meros agentligiga o‘tkazilishi” belgilandi.
Ayni paytda “Moddiy madaniy meros ob’yektlari va YuNESKOning umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlar muhofazasini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasining 119-sonli qarori ham kuchini yo‘qotmagan. Bundan kelib chiqadiki, madaniy meros agentliga bo‘ysunuvchi muzey-qo‘riqxonalar 119-sonli qarorda ko‘rsatilgan egalik huquqini to‘liq saqlab qolgani holda madaniy meros agentliga bo‘ysunadi.
Biroq shuncha vaqt o‘tishiga qaramasdan mazkur qaror ijrosi paysalga solib kelinmoqda. Oqibatda Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi tarkibida Afrosiyob muzeyi, Bibixonim masjid majmuasi, Saroy Mulkxonim maqbarasi kirish darvoza va madrasa qoldiqlari, Amir Temur maqbara majmuasi, Ulug‘bek rasadxonasi Nodir Devonbegi majmuasi singari 13 ta madaniy meros ob’yekti saqlanmoqda. Qolgan 17 ta ob’yekt madaniy meros obidalarini saqlash faoliyati bilan shug‘ullanmaydigan turli tuzilmalar va idoralar tarkibida qolmoqda.
Ayni paytda Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligining Samarqand viloyat boshqarmasi va muzey-qo‘riqxona bitta vazifasini bajaruvchi ikkita tashkilotdek tasavvur uyg‘otadi. Biroq agentlik hududiy boshqarmasi madaniy meros ob’yektlarini saqlash va restavratsiya qilish ishlarini muvofiqlashtirib boradi. Muzey-qo‘riqxona esa obidalarni ilmiy tadqiq qilish, muzeylashtirish, turistik nuqtai nazardan marketing tadqiqotlarini olib borish va nihoyat o‘zining asosiy funksiyasi qo‘riqlashni amalga oshiradi. Obidalarni saqlashning asosiy shartlaridan biri ularni ilmiy tadqiq etish ekanligini ham yoddan chiqarmaslik kerak.
Birgina misol, Samarqand shahar Sadriddin Ayniy ko‘chasi 6-uyda joylashgan Ashratxona me’moriy yodgorligi ayni paytda qo‘riqlanmaydi hamda muzeylashtirilmagan. Ushbu obidaga ham sayyohlar keladi va katta qiziqish bildiradi. Biroq sayyohlar uchun birorta xizmat yo‘lga qo‘yilmagan. Ba’zi uzuq-yuluq ma’lumotlarni hisobga olmaganda yodgorlik haqida tayyorlangan ekskursiya matni ham mavjud emas. Ayni paytda hukumatimiz yangi turistik yo‘nalishlar xususida bosh qotirib turganda, Ashratxonaday mashhur obidalar muzeylashtirilmasdan tursa ajablanarli.
Ayni paytda Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi fondidagi mavjud 235 ming eksponatdan bor-yo‘g‘i 7 mingtasi viloyatdagi mavjud 11 ta muzeyda namoyish qilinayapti. Qolgan 228 ming ashyo fondlarda qolmoqda.
Endi haqli savol tug‘iladi – Samarqandga muzey-qo‘riqxona kerakmi? Agar kerak bo‘lsa, “Moddiy madaniy meros ob’yektlari va YuNESKOning umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlar muhofazasini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasining 119-sonli qarori ijrosi qachon ta’minlanadi?
Mahmudxon YuNUSOV,
Muzeyshunos.