Muzlagan qiz: Tanamizning imkoniyatlarini bilamizmi?

Ba’zilar (ularni “fatalist” deb atashadi) har bir odamning yer yuzida bo‘lishida aniq muddat belgilangan, deb ishonishadi. Boshqalar esa inson o‘z taqdirini, ehtimol, o‘lim sabablarini o‘zi belgilaydi, deb o‘ylaydi.

1980 yilda hayratlanarli bir voqea sodir bo‘ldi. Shifoxonaga 30 daraja haroratda 6 soatdan ko‘p vaqt davomida qor ostida yotgan yosh qizning jasadini olib kelishdi.

Minnesota shtatida yashovchi 19 yoshli Jin Xilliard 1980 yil 20 dekabrda dugonalari uyushtirgan mehmondorchilikdan qaytib, o‘z mashinasini haydab kelayotgan edi. Jin to‘satdan boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetidagi ariqqa tushib ketdi. Baxtiga u jiddiy jarohat olmadi. Shunday sovuqda jim turish o‘lim bilan barobar ekanligini anglab olgan qiz uyi uzoq bo‘lmagan dugonasining uyiga borishga qaror qildi. Ma’lum bo‘lishicha, hodisa joyidan dugonasining uyigacha 3,5 kilometr masofa bor edi. Jin  sovqota boshladi, uni uyqu bosardi. Uyga bir necha yuz metr qolganda u harakatni yo‘qotib, qor ustiga chalqanchasiga yiqildi. Ertalab soat 7:00 da Jinning dugonasi Uelli Nelson ishga borish niyatida, uyidan chiqib bir necha yuz metr yurgandan so‘ng dugonasining qotib qolgan jasadini topdi.

Uning tanasi shunchalik muzlagan ediki, ko‘zlari ochiq holda qolgan, bir bo‘lak muzdan qilingan jussani eslatardi. Uelli qo‘rqib ketdi, lekin o‘zini yo‘qotmadi. Darhol jasadni mashinacida kasalxonaga olib bordi. Bemorni ko‘rgan shifokorlar Jinning tirik qolish imkoniyatiga shubha bilan qarashdi. Lekin uni jonlashtirishga kirishishdi. U shunchalik muzlab qolgan ediki, hamshiralar tomirga in’yeksiya qilish uchun terisini tesha olishmadi. O‘sha kuni Jinni qabul qilgan doktor Jorj Sazer: “Tana uzoq muddat yaxlatib qo‘yilgan go‘shtga o‘xshab sovuq va qattiq edi”, dedi.

Vaziyatdan chiqishning yagona yo‘li tanani isitish edi. Jinni elektr adyolga o‘rab qo‘yib, kutishdi. Bir necha soatdan keyin uning yurak urishi eshitildi. Ko‘p o‘tmay qiz nafas ola boshladi: dastlab daqiqasiga bir necha nafas chiqardi, keyinchalik barcha hayotiy belgilari normal holatga qayta boshladi.

Shifokorlar sovuq urishi natijasida uning oyoqlari amputatsiya qilinishi kerak, deb hisoblashardi. Ammo 49 kundan so‘ng Jin kasalxonadan o‘z oyoqlari bilan chiqib ketdi. Hatto barmoqlarini kesishga ham zarurat qolmagan edi. Faqat tanasidagi bir necha yara izlari unga bu voqeani eslatardi. Bir zumda yosh qiz televideniye yulduziga aylandi. Uni tok-shoularga taklif qilishar, u haqida hujjatli filmlar tasvirga olina boshlandi. Lekin hozirgi kungacha hech kim u qanday qilib omon qolganini aniqlay olmadi.

Bahora MUHAMMADIYeVA tarjimasi.