Nafosatning qudrati, Samarqand sadosi - dunyom mening!

Xabar qilganimizdek, Pushkin nomidagi viloyat axborot- kutubxona markazida «Kitobxonlik haftaligi» doirasida viloyatimizning taniqli jurnalistlari Amirilla Ahmedovning «Samarqand sadosi»,  Gulruh Mo‘minovaning «Nafosatning qudrati»,  Jamshid Nosirovning «Dunyoyim mening»,  «Tug‘yon» kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Biz taqdimotdan so‘ng kitob mualliflaridan asarlari haqida fikrlarini so‘radik.

- 1981 yilda Samarqand teleradiokompaniyasiga ishga kirganman, - deydi Amrillo Ahmedov. - Oradan qirq yil o‘tdi. 12 yil rahbarlik qilganman. Faoliyatim davomida ko‘rgan-bilganlarimni yozdim. Bu badiy asar emas,  tarixiy asar. Radioni eslaydigan bo‘lsak, o‘sha davrda ishlagan xamkasblar biladi qiyinchiligini. Radio, televideniyening texnik jarayoni, lentalarni ulab ishlardik. «Jahon» nomli radiokanal ochgandik. Radio, televideniye tarixi jamlangan risolalar yo‘q edi. Men bu bo‘shliqni to‘ldirmoqchi bo‘lib, Samarqand televideniyesi va radiosi tarixini yozdim. Telejurnalistikaga qadam qo‘yayotgan yosh jurnalistlar uchun bu dasturiy qo‘llanma bo‘la oladi.

- Kitobga mehr oilada shakllanadi, - deydi Gulruh Mo‘minova. - Bolaligimdan kitobga mehr qo‘yganman. Jurnalistika kasbi tufayli odamlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilamiz, ishlaymiz. Maqola chiqqandan so‘ng bir kishidan fikr eshitish maqola yozish jarayonidagi qiyinchiliklarni yo‘qqa chiqarib tashlaydi. Kitob chiqarish men uchun katta voqea bo‘lgan. Chunki kitobni muqaddas deb bilganman. O‘sha muqaddas narsaga men ham hissa qo‘shishimni tasavvur ham qila olmaganman.

- Kattaqo‘rg‘on shahri adabiy muhiti Qo‘qon shahriga tenglashtiriladi, - deydi shoir Jamshid Nosirov. - Ijodiy ishlarimni daftarga yozib borardim xuddi O‘tkir Hoshimovning «Daftar hoshiyasidagi bitiklar» asaridek. «Tug‘yon» asarim yillik faoliyatimni mahsuli, desam adashmayman. Uni o‘qigan kitobxon o‘ziga kerakli xulosalarni chiqaradi, deb o‘ylayman. 

Munisa Shamsiyeva.