Namunali mahallada qotillik
Tasodifan emas, aniq niyat bilan, bir qo‘lida qurol – temir parchasi, yana birida tansiq taom bilan opaxonining uyiga kirib borgan yoshgina juvon nahotki bir inson umriga zomin bo‘lishning ayanchli oqibatlarini o‘ylamagan bo‘lsa?! Yoki u ham mashhur adib F.Dostoyevskiyning "Jinoyat va jazo" romani bosh qahramoni Raskolnikov singari sudxo‘rning bu hayotda yashashga haqqi yo‘q, deb o‘yladimikan? Ha, asar qahramonidagi qarash ayolda ham yo‘q emasdi, ammo mudhish xulosaga kelishga yana bir sabab – juvonning "opasi"dan yirik qarzida edi.
Gap shundaki, sudxo‘rlik bilan shug‘ullanayotgan opadan doimiy ravishda pul olib, savdo-sotiq bilan shug‘ullanayotgan ayolning qarzlari kundan-kunga ko‘payib borayotgandi. Voqeaning qisqacha mazmuni shunday. Opa-singilchilik o‘z yo‘liga-yu, qarzni to‘lash kerak. Qarz girdobida qolgan ayolning ko‘ziga sudxo‘r "opasi" ajdahodek ko‘rina boshlaydi. Ayol vaziyatga tiniq aql bilan baho berib, muammoni hal qilish yo‘lini izlashdan ko‘ra, qo‘lini qonga botirish afzalroq deb bildimikan? U Dostoyevskiyning asarini o‘qiganida edi! Bu qaror har qanday holatda ham eng halokatli, ayanchli, insonning o‘zi oldidagi bir umrlik azobli yo‘l ekanligini anglab yetarmidi?..
Payariq tumanida yaqinda sodir etilgan ushbu jinoyat mahalla faollari, keng jamoatchilik bilan muhokama etildi. Viloyat hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi M.Fafurova, hududlarda jinoyatchilikning oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish respublika komissiyasi ishchi guruhi a’zosi A.Ergashev va boshqalar mahalladagi muhit bilan yaqindan tanishdi, salbiy holatlarning oldini olish borasida qanday ishlar yo‘lga qo‘yilishi bo‘yicha mulohazalarini bildirdi.
– Joriy yilda viloyatda xotin-qizlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar oz bo‘lsa-da, kamaygan, – dedi M.Fafurova. – Xususan, bu ko‘rsatkich Urgut, Narpay, Ishtixon, Jomboy tumanlarida kamaygan bo‘lsa, Oqdaryo, Past Darg‘om, Nurobod, Payariq tumanlarida keskin oshgan. Eng achinarlisi, xotin-qizlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning yettitasi qotillikdir. Ayolning sha’ni-yu ona deb atalmish xilqat uchun aslo yarashmaydigan bu holatning kelib chiqishiga nima sabab bo‘lmoqda? Oiladagi notinchliklar nega mahallaning o‘zida, o‘z vaqtida hal etilmayotir?
Diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilar notinch oilalar bilan ishlash deganda asosan, mahallaga o‘zaro kelishmovchiliklar bilan murojaat qilgan oilalarni tushunmoqda. Vaholanki, bir nechta qo‘ni-qo‘shniga ma’lum bo‘lgan muammoli oilalar ham talaygina. Ko‘chaboshilar, mahalladagi komissiya a’zolari birgalikda harakat qilsa, bu kabi salbiy holatlarni o‘z vaqtida aniqlashga imkon topilardi. Eng yomoni, mahalla faollari e’tiboridan chetda qolgan bunday oila a’zolari tomonidan kutilmaganda jinoyatlar sodir etilyapti. Xotin-qizlar bilan ishlashda mahalla maslahatchisiga boshlang‘ich xotin-qizlar tashkiloti raisi asosiy ko‘makchi bo‘lishi lozim.
Tumandagi Mirzo Ulug‘bek mahalla fuqarolar yig‘ini faollari hududda sodir etilgan jinoyatlar yuzasidan o‘z fikrini bildirar ekan, hudud profilaktika inspektoridan norozi ekanliklarini aytishdi. Faollarning aksariyati garchi ish boshlaganiga ikki oy bo‘lsa-da, uni hanuzgacha tanimasligini bildirdi.
– Mahallamiz tumandagi namunali fuqarolar yig‘ini safida edi, – deydi mahalla faoli, voyaga yetmaganlar bilan ishlash bo‘yicha komissiya raisi Gulnora Shoxdorova. – Yaqinda sodir etilgan mudhish jinoyat ko‘pchilik qatori meni ham larzaga soldi. Ushbu holat darhol mahallada muhokama etildi. Unda mahalladagi ish tartibini keskin o‘zgartirish taklifi bilan chiqdim. Har bir komissiya raisi mahalladagi 1400 ta oilaning ahvolidan doimiy xabardor bo‘lishi va bu natijalarni har hafta umumlashtirgan holda kerakli choralarni ko‘rishni belgilab oldik.
Ushbu mahalladagi jinoyat ko‘rsatkichining oshishiga sabab bo‘layotgan omillardan yana biri hududda joylashgan to‘yxona ekan. Kechasi to‘ydan chiqqan mast kishilarning o‘zaro janjali mushtlashuvga aylanib ketadi. Bu holatda profilaktika inspektorining posbon bilan hamkorlikdagi faoliyati muhim ahamiyatga ega. Afsuski, faollarning aytishiga qaraganda, ularning bu borada omadi chopmagan.
Mahallada sudxo‘rlik bilan shug‘ullanayotgan ayollar yana bor ekan. Ular o‘rtasida ogohlantirish ishlari olib borilishiga qaramay, hamon o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.
Mahallada bitta notinch oila qayd etilgan, shu yil hisobidan ikkita ajrim sodir bo‘lgan ekan. Mahalla raisi M.Kazakovaning aytishiga qaraganda, ikkita oila ajralish arafasida. "Afsuski, ularni yarashtirishning imkoni bo‘lmayapti", deydi opa. Tafsilotlarga to‘xtalib o‘tirmaymiz, sababi, ajralish uchun ro‘kach qilingan bahonalarni yozishga ham istihola qiladi, kishi. Qiziq, uzoq yillar namunali sanalgan hududda bu oilalarga so‘zi o‘tadigan kayvonilar nahotki bo‘lmasa?
Yig‘ilish qatnashchilari shu tumanda sodir etilgan yana bir jinoyatni muhokama etish, mahalladagi vaziyatni o‘rganish maqsadida Taraqqiyot mahalla fuqarolar yig‘iniga kelishdi.
Axborot yashin tezligida tarqalayotgan bir paytda bu voqea allaqachon internet saytlari orqali minglab kishilar qalbini larzaga soldi. 21 yoshga kirgan yigit ayni navqiron payti juvonmarg bo‘ldi. Uning qotiliga aylangan 18 yoshli yigit esa umrining go‘zal chog‘larini temir panjara ortida o‘tkazishga majbur.
– Voqea sodir bo‘lgan kuni mahalla raisi bilan reyd o‘tkazib yurgandik, – deydi voqea tafsilotiga to‘xtalar ekan, hudud profilaktika inspektori Dilmurod Saydullayev. – Qotillik sodir etgan yigit tungi 12 larda o‘rtoqlari bilan ko‘chada yurgan ekan. Uni tuman ichki ishlar bo‘limiga olib borib, tushuntirish ishlari o‘tkazdik, yarim kechasi bemaqsad yurish yaxshilikka olib kelmasligi, kollej o‘quvchisi ertalab darsga borish kerakligini tushuntirdik. U bo‘limdan chiqqach, to‘g‘ri uyiga boradi. Ammo uyi yonida singlisini bir yigit bilan ko‘rgach, buni boshqa ma’noga yo‘yadi va jahl ustida yigitni o‘sha atrofdagi dehqonchilik asbobi bilan uradi. Yigit voqea joyida vafot etadi. Oiladagi muhitdan xabardormiz, doim ogoh bo‘lib turardik. Afsuski, ota-onaning e’tiborsizligi mudhish voqeaga sabab bo‘ldi.
Haqiqatan ham yarim kechasi ota-ona farzandlarining qayerda ekani bilan nega qiziqib ko‘rmadi? Joriy yilda voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning katta foizi ota-onalarning nazoratsizligi tufayli kelib chiqqan.
Hudud bilan bog‘liq yana bir masalaga to‘xtalib o‘tish joiz. Bu yerda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish uchun deyarli sharoit yo‘q. Mahallada joylashgan 96-umumta’lim maktabiga borganimizda bog‘cha uchun moslashtirilgan binoda ham maktab, ham maktabgacha ta’lim muassasasi joylashganiga guvoh bo‘ldik. Ta’mirtalab, ko‘rinishi, sinf xonalari bugun biz ko‘nikib qolgan ta’lim muassasalariga sira o‘xshamaydi. Shuning uchun bu maskandan kutubxona, sport zali so‘rashning o‘zi noo‘rin.
Mahallada joylashgan 11 ta savdo do‘konida esa noqonuniy ravishda spirtli ichimliklar sotuvi yo‘lga qo‘yilgan ekan. Profilaktika inspektori mahalla raisi bilan hamkorlikda soliq idoralariga bu holatni bartaraf etish yuzasidan xat bilan chiqqanligini bildirdi.
Viloyat hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi M.Fafurova mahalladagi muhit bilan tanishish chog‘ida kelishmovchiliklar tufayli ajralish arafasida turgan oilaga ham borib, xonadondagi vaziyat bilan tanishdi va oilani yarashtirish choralari ko‘rildi.
Ikki mahalladagi vaziyat o‘rganilishi barobarida, u yerdagi muhitni yanada yaxshilash borasida aniq tavsiyalar berildi. Xususan, har bir xonadondagi muhit puxta o‘rganilib, ish olib borilishi, mahalladagi asosiy ko‘chalarga videokuzatuv moslamasini o‘rnatish, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish uchun tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqilishi belgilandi.