Naqshinigorlar jozibasi

Har qanday arxitektura va shaharsozlik jamiyatning ijtimoiy hayoti, insoniyatning ta’lim olishi, madaniy-ma’rifiy ehtiyojlarini qondiruvchi moddiy asos bo‘lib xizmat qiladi. Demak, biz qurayotgan har bir bino va inshoot ham ko‘rinishi, ham uzoq vaqt xizmat qilishi borasida unda istiqomat qilayotgan fuqarolar, xizmat sohasi xodimlari didiga mos barpo etilishi lozim. Tan olib aytishimiz kerak, bundan o‘ttiz-qirq yil avval qurilgan turarjoylar, madaniy-maishiy inshootlar ana shu talablarga javob bermasligi keyinchalik ayon bo‘lib qoldi.
Yanada aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, arxitekturadagi bu "qolip" oddiy gugurt qutisi yoki uning badiiy obrazi edi, xolos. Mazkur "qolip" keyingi yillarda, hatto hozirda ham kun tartibidan tushmadi va aksincha, rivojlantirildi. Natijada arxitektura ob’yektlarining aksariyatida ko‘rkamlikka putur yetdi.


To‘g‘ri, bu davr arxitekturasida ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berdi. Biroq ular asosan qurilishda qo‘llanilgan yangi binokorlik ashyolari, konstruksiyalar, tashqi va ichki pardozlar, muhandislik jihozlari hisobidan amalga oshirildi. Shuning uchun bunday obrazlarga deyarli yangilik kiritiladi. Masalan, 1966 yili Toshkentda ro‘y bergan kuchli zilzila tufayli O‘zbekistonda ko‘p qavatli baland turarjoy binolarini qurish mumkin emas, degan noto‘g‘ri fikrlar paydo bo‘ldi. Ayniqsa, Samarqandda qurilayotgan turarjoy binolari shaharning qaysi hududida joylashtirilishidan qat’i nazar, to‘rt qavatdan oshmasligi to‘g‘risida ko‘rsatmalar berildi. Bu esa hozirga qadar shahar ko‘chalari arxitekturasi va kelajagining bir xilligini keltirib chiqardi. Oqibatda uylar bir-biriga o‘xshash, bir xil qavatda va hatto bir xil ranglarda barpo etildi. Ko‘chalar "kelajagi" mutlaqo me’moriy aksentlarsiz, fazoviy-badiiy his-hayajonlarsiz, ularning me’moriy qiyofasi zerikarli tarzda shakllantirildi.


Samarqandning tarixiy qismi, ya’ni eski shaharda esa vaziyat tamomila aksincha: baland peshtoqlar, osmono‘par minoralar, ko‘kka bo‘y cho‘zgan feruza gumbazlar, xususiy uylarning boloxonalari va shiyponlari, chorrahalardagi chorsular shahar qurilishi hamda qiyofasining o‘ziga xosligini asrlar osha ta’minlab kelmoqda. Nafaqat o‘zimizda, balki respublikamizning shahar va qishloqlarida ham bir qolipdagi imoratlar barpo etish avj olgan edi.


Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bunday holatga keskin chek qo‘ydi. Endi shahar va qishloqlarimizda qurilayotgan madaniy-maishiy, turarjoy binolari mahalliy sharoitdan kelib chiqqan holda zamon andazalariga mos tarzda barpo etilmoqda. Binolarning nafaqat arxitekturasi va tipologiyasi, balki ko‘rinishi, me’moriy yechimlari ijobiy tomonga o‘zgardi. Ikki qavatli uy-joylar, 2 va 4 sotixli hovlilar arzon narxlarda turlicha me’moriy yechimlarda barpo etilmoqda. Boshqacha aytganda, respublikamiz arxitekturasi va shaharsozligiga bo‘lgan munosabat ham o‘zgardi. Endi shaharsozlik leksikoniga "aqlli shahar", "aqlli bog‘", "aqlli mahalla" kabi atamalar kirib kelmoqda.


Jumladan, Samarqand shahrida sobiq "Alpomish" zavodi hududida xalqaro biznes va turizm markazi, ipak yigiruv fabrikasi yonida ko‘p qavatli turarjoy binolari, Cho‘ponota hududida kelgusida qurilishi mo‘ljallangan yangi shaharcha, eshkak eshish kanali yonida barpo etilishi rejalashtirilgan «Samarqand siti» ham shaharsozligimizda qaror topayotgan yangi yo‘nalishlardir.
Davlatimiz rahbarining parlamentga Murojaatnomasida respublikamiz arxitekturasi va shaharsozligida yangi davr boshlanishi aytildi. 2018 yildan e’tiboran qurilish sohasini butkul isloh qilish va uning 2030 yilgacha innovatsion rivojlantirish dasturi ishlab chiqilishini davrning o‘zi talab qilmoqda.


Murojaatnomada aytilgan gaplar biz, arxitektor-pedagoglarni ham yangilikka intilib ishlashga da’vat etishi shubhasiz. Bu zamonaviy bilimga ega yosh arxitektorlarni tayyorlashimiz zarurligiga bir ishoradir. Institutimiz professor-o‘qituvchilari azaldan qaror topgan me’moriy-arxitekturaviy merosimizni yanada boyitib, bir paytlar jahonni lol qoldirgan naqshi-nigorlarimizni yangicha zamonaviy bichim va o‘lchamda namoyish etishda o‘z hissamizni qo‘shamiz.

Sulton AHMEDOV,
Samarqand davlat arxitektura va qurilish instituti rektori. 
Ahtam O‘ROLOV,
me’morchilik fanlari doktori,
professor.