Naslli yoki mahalliy qoramol ularning qaysi biri mahsuldor?

– Zotdor mollar asosan, Germaniya, Polsha, Gollandiya, Qozog‘iston, Ukraina, Belorus va Avstriya davlatlaridan keltirilmoqda, – deydi jamiyat raisi Shuhrat Toshpo‘latov. – Chorva mollarini keltirayotgan davlatning ob-havosidan kelib chiqib, respublikamizning nisbatan yuqori harorat kuzatiladigan viloyatlariga issiqsevar zotlar yoki salqinroq iqlimga yaxshi moslashadigan va tez rivojlanadigan chorva zotlari hudud sharoitidan kelib chiqib taqsimlanadi. Masalan, viloyatimizga asosan "Golshtin", "Simmental" va "Qizil cho‘l" zotlari keltiriladi. Chunki bu zotlar hudud iqlimiga tezda moslashadi va mahsuldorligi ancha yuqori hisoblanadi. Qoramollar buyurtma asosida talab va xo‘jaliklarning imkoniyatidan kelib chiqib, tumanlarga beriladi. 2006-2015 yillarda keltirilgan 6266 bosh naslli qoramoldan o‘tgan yillar davomida 10383 bosh buzoq olinib, zotdor mollar soni 16,5 ming boshdan oshdi.
Viloyatimizda chorva naslini yaxshilash va mahsuldorligini oshirishga qaratilgan dasturlar asosida yil boshidan buyon 1800 boshdan ziyod zotdor qoramollar keltirildi. Natijada ehtiyojga kerakli go‘sht va sut mahsulotlari bilan ichki bozorni yanada yaxshiroq to‘ldirish imkoni yaratilmoqda.
Tumanlarda ham xo‘jaliklarning sharoitidan kelib chiqib, naslli chorva mollari ko‘paytirilmoqda. Masalan, Jomboy tumanida bu borada salmoqli ishlar olib borilmoqda.
– Tumandagi 86 ta chorvachilik xo‘jaliklari 2011-2016 yillarda xorijdan 640 bosh naslli qoramol keltirib, sun’iy urug‘lantirish orqali 450 boshdan ortiq naslli buzoq oldi, – deydi tuman qishloq va suv xo‘jaligi chorvashunosi Ravshan Rustamov. – Qishlovni betalafot o‘tkazish uchun 7051 tonna dag‘al xashak jamg‘arildi va mollarda uchraydigan 9 turdagi xavfli kasalliklarga qarshi emlandi. Joriy yilda "Pure Milki Products" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Germaniya davlatidan 1200 bosh "Golshtin" zotli naslli qoramol keltirilib, karantin holatida saqlanmoqda. Yil yakuniga qadar yana 250 bosh zotdor buqa va 50 bosh sog‘in sigir olib kelinadi.
Raqamlarda solishtiradigan bo‘lsak, o‘tgan yillarda har bir naslli qoramol 8 million so‘mgacha xarid qilingan bo‘lsa, hozirda bir bosh zotdor qoramol 9-10 million so‘mgacha baholanyapti.
Endi mahalliy va naslli qoramolning afzalliklarini taqqoslab chiqsak. Xo‘sh, naslli qoramol olish uchun katta mablag‘ sarflash to‘g‘rimi? Aytaylik, mahalliy qoramol bozorda 3-4,5 million so‘mgacha baholanadi. Bir yilda 1,5-2 tonnagacha sut berishi, buzog‘ining tug‘ilgandagi og‘irligi 15-20 kilogramm va u bir yosh vaqtidagi vazni 100-120 kilogramgacha yetishi mumkin. Demak, mahalliy qoramoldan bir yilda olinadigan 2 tonna sutni bozor narxida baholaganimizda 4 million so‘m bo‘ladi. Go‘sht narxini ham qo‘shadigan bo‘lsak, bir yilda 8 million so‘m atrofida daromad olishingiz mumkin. Naslli qoramoldan esa bir yilda kamida 5 tonna sut olinadi, bu bir yilda 10 million so‘m daromad, yana ham aniqroq aytadigan bo‘lsak, naslli qoramolning xarid narxi undan olingan sutning o‘zidan qoplanadi deganidir. Bundan tashqari, olinadigan buzoq tug‘ilgan vaqtda 55 kilogramgacha bo‘ladi. Bir yilda 200-250 kilogramgacha, bo‘rdoqiga boqilganlari esa 800-900 kilogramgacha tosh bosadi. Ko‘rinib turibdiki, naslli qoramollar mahsuldor hisoblanadi.
"Abdurahmon Mardon chorvasi" fermer xo‘jaligi tumandagi 6 ta naslchilik xo‘jaliklaridan biri hisoblanadi. Xo‘jalikka 2016 yilda Avstriya va Germaniya davlatlaridan 206 bosh "Simmental" va "Golshtin" zotli naslli qoramollar olib kelindi.
– Bir yil davomida 120 bosh sog‘in sigirdan 58 bosh naslli buzoq, 1 tonna go‘sht, 157,8 tonna sut olindi, – deydi fermer xo‘jaligi ish yurituvchisi Qahramon Mardonov. – Xo‘jaligimizga 63 gektar maydon biriktirilib, u yerda chorvaga kerakli ozuqa yetishtiryapmiz. Bu yilgi qishlov mavsumini ko‘ngildagidek o‘tkazish uchun jami 200 tonna dag‘al xashak va 800 tonna shirali ozuqa jamg‘ardik. Chorva mollaridan birinchi buzoq olinishidan keyin o‘rtacha 20-25 litrdan sut olayotgan bo‘lsak, ikkinchi tug‘ishdan so‘ng har bir qoramoldan o‘rtacha 40 litrdan sut olishni mo‘ljallayapmiz. O‘tgan yili Germaniya davlatiga borib, chorvachilik borasida tajriba oshirib keldim. Chorvani oziqlantirishdan tortib, sog‘ish jarayoni, oziqlantirish, barcha-barchasi kompyuterlashtirilgan.
Tumanning Tut mahallasida joylashgan "T.Kamoljon" fermer xo‘jaligida 42 bosh naslli va mahalliy qoramol, otlar va 30 bosh qo‘y boqiladi. Ular bir necha yil oldin tajriba tariqasida naslli chorva mollari keltirishgandi.
– 2013 yili Polshadan 4 bosh yosh g‘unajin olib kelgandik, hozir 8 bosh bo‘ldi, bundan tashqari 4 bosh bo‘rdoqini sotdik, – deydi xo‘jalik boshlig‘i Fazliddin To‘raqulov. – Naslli chorva mollariga talab bu qadar ortib borayotganligini o‘z tajribamda ko‘rdim. "Sigirning suti tilida", degan maqol bejiz emas. 17 xil komponentdagi ozuqasini vaqtida berib tursangiz, mahsuldorligi pasaymaydi, qolaversa, yilda bittadan zotdor mollar soni ortadi. Xullas, xorijdan keltirilgan naslli chorva zotlarini mahalliylashtirish yaxshi samara beradi. Biz ham shu yo‘nalishda ishni davom ettirmoqchimiz. Yaqinda Toshkent viloyatining Angren va Ohangaron tumanlaridagi fermerlarning Avstriyadan olib kelgan shifobaxsh sut beradigan naslli echkilarini ko‘rib keldik. Bizga ma’qul bo‘ldi. Keyingi yildan xo‘jaligimizda naslli echkichilikni yo‘lga qo‘yib, shifobaxsh sut yetishtirmoqchimiz. Buning uchun Rossiyaning Ufa shahridan 200 bosh zotdor echki olib kelishni rejalashtiryapmiz.