Natijasi maxfiy Rossiya va AQSh muzokaralari ortidan AQSh va Ukraina muzokaralari. Isroil G‘azoda qachon urush tugashini aytdi. Tel-Aviv aeroportiga zarba

🔹 Bugun Ar-Riyodda Ukraina va AQSh o‘rtasidagi muzokaralarning ikkinchi (birinchisi yakshanba kuni o‘tgan) bosqichi bo‘lib o‘tdi. Aytilishicha, unda Qora dengizdagi energiya infratuzilmasiga hujum va harbiy harakatlarni 30 kunga to‘xtatish muhokama qilingan. Bir kun avval Ar-Riyodda o‘tgan Rossiya va AQSh o‘rtasidagi 12 soatlik muzokaralarda Ukrainada qisman o‘t ochishni to‘xtatish masalasi ko‘tarilgani aytilayotgan bo‘lsa-da, «muzokara natijalari Moskva va Vashingtonga yetkazilgan va hozirda tahlil qilinmoqda. Ammo muzokaralar mazmuni, albatta, e’lon qilinmaydi, chunki aloqalar texnik xususiyatga ega», dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

🔹 G‘azo sektoridagi harbiy amaliyot radikallar ushlab turgan barcha garovdagilar ozod qilingach, G‘azo qurolsizlantirilib, HAMAS hamda Islomiy jihod radikal guruhlari qurolli tuzilmalari sektordan chiqib ketganidan so‘ng yakunlanishi mumkin. Bu haqda Isroil tashqi ishlar vazirligi rahbari Gideon Saar ma’lum qildi.

🔹 26 yanvarda o‘tgan saylovlarda Belarus prezidenti etib yettinchi muddatga saylangan Aleksandr Lukashenko rasman o‘z lavozimiga kirishdi. Bugun Minskda prezidentning inauguratsiya marosimi o‘tkazildi.

🔹 Yamanlik isyonchi hutiylar Tel-Avivdagi Ben Gurion aeroportiga hujum qildi. Shuningdek, ular Qizil dengizdagi AQSh aviatashuvchi kemasi va boshqalarga zarbalar bergan. "Biz G‘azo bo‘ylab tajovuz va qamal tugamaguncha Isroil kemalariga to‘sqinlik qilishda davom etamiz", demoqda hutiylar.

🔹 AQSh prezidenti Donald Tramp avval ajratilgan “favqulodda byudjet xarajatlari”ni qariyb 3 milliard dollarga qisqartiradi, shundan 2,5 milliard dollari tashqi yordamga, ya’ni migratsiya va qochqinlar bilan shug‘ullanuvchi nohukumat tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlash, Moldova va Gruziyadagi iqtisodiy rivojlanish hamda inklyuziya bilan bog‘liq loyihalarga ajratilishi mo‘ljallangan edi.

🔹 Noqonuniy muhojirlar Polshaga bostirib kirishmoqda. Kechaning o‘zida Belarusdan Polsha chegarasiga kirishga deyarli 90 ta urinish qayd etilgan.

🔹 Yaponiyaning Sidzuoka prefekturasi okrug sudi to‘rt kishilik oilani o‘ldirgani uchun soxta ayblovlar bilan 47 yil qamoqda o‘tirgan 89 yoshli Ivao Xakamadaga taxminan 217 million iyen (taxminan 1,44 million dollar) tovon puli to‘lashga majbur qildi.

G.Xoldorova tayyorladi.