«Navoiy azot»ga qarashli zavodda 4 kishi gazdan zaharlandi

Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, “Navoiy azot” AJga qarashli “PVX” zavodida yuz bergan favqulodda holatdan jabrlanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Joriy yilning 28 oktyabr kuni taxminan soat 16:00 da Navoiy viloyati «Navoiy azot» AJga qarashli “PVX” zavodida noma’lum kuydiruvchi gazdan ingalyasion zaharlanish yuz bergan.

Mazkur holat yuzasidan tez tibbiy yordam brigadasi voqea joyiga zudlik bilan yetib borgan. Favqulodda vaziyatda jarohatlangan 4 nafar bemor Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi toksikologiya bo‘limiga yotqizilgan.

Tajribali shifokorlar tomonidan bemorlarning ahvoli baholanib, ularga zamonaviy davolash standartlari bo‘yicha malakali tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Mazkur holat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan qat’iy nazoratga olingan bo‘lib, bemorlarning ahvoli yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot beriladi.