"Boysun gazni qayta ishlash zavodi" bo‘lajak muhandislarning ilk amaliyot maskaniga aylandi

Samarqand xalqaro texnologiya universitetining o‘quv dasturi 2022-2032 yillarga mo‘ljallangan reja asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, u tog‘-kon, geologiya va neft-gaz muhandisligi bo‘yicha dunyoda yetakchilardan biri – Kolorado konchilik maktabi (AQSh Davlat tadqiqot universiteti) bilan hamkorlikda tayyorlangan. Ushbu istiqbolli rejaga ko‘ra universitet talabalari o‘qishning dastlabki oylaridanoq O‘zbekistondagi eng yirik neft-gaz kompaniyalari hamda korxonalarida amaliyot o‘tash bilan muhandislik kasblarining murakkabligini tushunish va mas’uliyatni his qilishlari, ishlab chiqarish jarayonlarini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishlari uchun imkoniyat yaratilgan.

Shundan kelib chiqib, 2023 yilning 27 martidan 1 apreligacha SXTUda tahsil olayotgan 1-kurs talabalari uchun ishlab chiqarish amaliyoti tashkil etildi. Talabalar amaldagi o‘quv rejaga asosan, dars jarayonidan ajralgan holda “Boysun gazni qayta ishlash zavodi” qurilishi hamda «Samarqand turistik markazi» MChJda amaliyot o‘tadilar.

Malakaviy amaliyot mobaynida talabalar uchun zavodda barcha shart-sharoitlar yaratildi. Samarqand shahar mexanizatsiya departamenti talabalarni manzilga yetkazish va ularning xavfsizligini ta’minlash uchun bitta avtobus hamda unga hamroh mashina ajratishni o‘z zimmasiga oldi.

Amaliyot jarayonida talabalarning yashash shart-sharoitlari bilan bog‘liq masalalarga ham alohida e’tibor qaratildi. Talabalarning har biriga qurilish maxsus kiyim boshlari tarqatilib, ular zavod ma’muriyati tomonidan shinam yotoqxona, uch mahal bepul ovqatlanish va sport maydonchasi bilan ta’minlanildi.

Amaliyotning birinchi kunida talabalarga zavodning ichki tartib-qoidalari, zavod loyihasi haqida mas’ullar tomonidan taqdimot qilinib, umumiy ma’lumotlar berildi.

 - Dastlab tanlagan sohamga, u qadar ishtiyoqim yo‘q edi, - deydi universitet talabasi Komron Rahmatullayev. - Endi esa muhandislik sohasiga qiziqishim tobora ortib bormoqda. Chunki “Boysun gazni qayta ishlash zavodi”da malakaviy amaliyot o‘tash men uchun qiziq kechdi. Ya’ni, u yerda juda ulkan qurilish ishlari, ko‘plab yirik uskunalar, poydevorlardagi reaktorlar, sovutish ustuni, absorber nasoslar, bug‘ qozonlari, sovutish minoralari, gaz pistonli qurilmalar va pechlarning ishlash fuksiyalari haqidagi qiziqarli va foydali ma’lumotlar kursdoshlarim singari meni ham juda qiziqtirib qo‘ydi. Sababi, bunday katta zavodlarni ilgari faqat oynai jahon yoki internet tarmoqlari orqali ko‘rgandim. Amaliyotning birinchi kuni bizga zavod menejeri Azizjon To‘rayev zavodning joylashish tartibi, 70 gektar maydonda joylashgan qurilish maydonida 2263 nafar mutaxassis va 380 ta qurilish texnikasi bilan ish jarayonini borishi to‘g‘risida ma’lumot berdi.

- Hozir aytmoqchi bo‘lgan fikrlarim kimlar uchun havoyi gapdek tuyilishi mumkin, - deydi talaba Yelena Lashuk. - Ammo men orzu qilganimdek, talabalik nashidasini surmoqdaman. 40 yoshimda talabalik baxtiga musharraf bo‘ldim va shu kundan boshqa insonga aylandim, kursdoshlarim qatori zavq bilan ta’lim olyapman. Aynisqa, biz uchun uzoq Surxon vohasida tashkil etilgan amaliyot bu quvonchlarimni yanada oshirdi. Bir tomondan kursdoshlarim bilan bir oila bo‘lib bilim va tajriba orttirdim, ikkinchi tomondan menda jamiyat a’zolariga nisbatan mehr-oqibat tuyg‘ulari yanada oshdi.

Ishonchimiz komilki, O‘zbekistondagi eng yirik neft-gaz kompaniyalari ob’yektlarida amaliyot o‘tab, o‘qib, “double degree” qo‘sh ixtisosligi va “double diploma” diplomlarini oladigan talabalar uchun mamlakatimiz va xalqaro maydonda talab katta bo‘ladi.

Darhaqiqat, Samarqand xalqaro texnologiyalar universiteti talabalarining “Boysun gazni qayta ishlash zavodi” qurilishida bo‘lib o‘tgan malakaviy amaliyoti kelgusida ularning nimalarga ko‘proq e’tibor qaratish kerakligini anglab yetishida muhim omil bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.

Universitet axborot xizmati.