Zirabuloq magistral gaz quvuri yorilishi oqibatida kelib chiqqan yong‘in bartaraf etildi
Bugun ijtimoiy tarmoqlarda "Samarqand viloyati Narpay tumani hududida katta magistral gaz quvuri portladi", mazmunida xabar va videolavha tarqaldi.
Ushbu holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz: «Haqiqatan ham Samarqand viloyati Narpay tumanidagi Zirabuloq magistral gaz quvurida bugun, 2 fevral kuni soat 16:45 larda «BGR-TBA» magistral gaz quvurlari 1- va 4-tarmoqlarining gaz quvuri yorilishi oqibatida yong‘in sodir bo‘lgan. Avariya natijasida jarohatlanganlar va qurbonlar yo‘q.
"O‘ztransgaz" aksiyadorlik jamiyatining Zirabuloq magistral gaz quvurlari boshqarmasi maxsus ishchi guruhining tezkor harakatlari natijasida soat 17:15 da yong‘in bartaraf etildi.
«BGR-TBA» magistral gaz quvurlarining 2-3 tarmoqlari orqali gaz transport tizimi uzluksiz ishlashi yo‘lga qo‘yildi.
Ayni paytda Zirabuloq, G‘allaorol, Muborak va Gazli magistral gaz quvurlari boshqarmalarining maxsus ta’mirlash brigadalari talofatni bartaraf etish maqsadida voqea joyida ish olib bormoqda. Qisqa muddatlarda magistral gaz quvurlari qayta ishga tushiriladi va barqaror ishlashi ta’minlanadi.
Yong‘in kelib chiqish sabablari o‘rganilmoqda.
Tabiiy gaz iste’molchilaridan kelib chiqishi mumkin bo‘lgan noqulayliklar uchun “O‘ztransgaz” AJ oldindan uzr so‘raydi».
“O‘ztransgaz” AJ axborot xizmati.