Navoiy viloyatining “Do‘stlik bayrog‘i” va “Znamya drujbi” gazetalari ilk soni chop etilganiga 40 yil to‘ldi

Ushbu nashrlar o‘tgan vaqt mobaynida chin ma’noda xalqning “so‘z minbari”ga aylandi, hokimiyat hamda aholi o‘rtasida mustahkam “ko‘prik” vazifasini o‘tay oldi.

Hudud hayotiga daxldor bo‘lgan voqealar, yangilanishlar, sohalarda olib borilayotgan islohotlar, jamiyat hayotida ro‘y bergan muhim voqeliklar gazetalar sahifalarida o‘z aksini topdi.

Tahririyatlarda faoliyat yuritayotgan xodimlarning gazetxonlarga aytadigan so‘zi hamisha yoniq, ishonarli, bosgan qadami xayrli, nurli bo‘lgan. Shubhasiz, mazkur xayrli ishlarda soha rivoji uchun ilk tamal toshini qo‘ygan, matbuotimizni yuqori darajaga olib chiqishga hissa qo‘shgan ustozlarning mehnati beqiyos.

Biz uchun ahamiyatli jihati, “Do‘stlik bayrog‘i” va “Znamya drujbi” gazetalari tahririyatida samarqandlik ko‘plab jurnalistlar, ijodkorlar mehnat qildi. Bu maskan viloyatimiz qalam ahli uchun ham o‘ziga xos ijodxona bo‘ldi.

Davr shiddatiga hamohang, odamlarning kundalik axborotlarga bo‘lgan talabini qondirishga harakat qilib kelayotgan mazkur ijodiy jamoani qirq yillik tarixiy va ijodiy sana bilan muborakbod etamiz.

Ijodingizga baraka, aziz hamkasblar!

"Zarafshon" va "Samarkandskiy vestnik" gazetalari

tahririyati hamda Zarnews.uz sayti jamoasi.