Navoiyning onasi qaysi malikaning kanizi bo‘lgan?

Alisher Navoiyning shaxsini tushunish uchun uning bolaligi, taqdiri, keyinchalik shaxsiy hayotida iz qoldirgan tarixiy shaxslar, voqealar muhim ahamiyatga ega.

Navoiy “Badoye ul-bidoya” devoniga yozgan so‘z boshisida, ularning oilasi temuriylar xonadoniga yaqinligini, o‘zining “ota-onadan yetti pushtigacha”, “oliy darajali xonadonning samimiy xizmatchisi” ekanligini quyidagi satrlarda yanada aniqroq ifodalaydi: 

Otam bu ostonning hokbezi, 

Onam ham bu saro bo‘ston kanizi.

Manga gar xud bo‘lay bulbul va gar zog‘

Ki ushbu dargoh o‘lg‘ay gulshanu bog‘.

Boshqa manbalarda ham, tarjimai holida ham shoirning onasi haqidagi ma’lumotlar keltirilmaydi. Ayrim adabiyotshunoslarning taxminiy ma’lumotlariga ko‘ra, shoir onasining ismi Halima yoki Salima ekanligi aytib o‘tiladi. U Qobulning amirzodalaridan Shayx Abusaid Changiyning qizi bo‘lgan. Otasining ismiga qo‘shilgan “amir” lavozimini inobatga olsak, u ham temuriylarga yillar davomida sadoqat bilan xizmat qilganligini tasdiqlaydi. 

Shoirning ota-onasi, aka-ukalari, u voyaga yetgan oilaviy muhit haqida tasavvurga ega bo‘lish uchun ona tomonidan yaqin qarindosh bo‘lgan tog‘alari haqidagi ma’lumotlar muhim ahamiyatga ega. Tog‘alari haqidagi aniq ma’lumotni Alisher Navoiy o‘zining “Majolis un-nafois” tazkirasida keltiradi: “Mir Said el orasida “Qobuliy” laqabi bilan mashhurdir, faqirg‘a tog‘oyi bo‘lur. Yaxshi tab’i bor erdi, turkchaga moyli ko‘proq erdi deya ma’lumot bersa, yana bir tog‘asi Muhammad Ali (G‘aribiy) haqida “Hush muhovada va xushxulq va xushta’b va dardmand yigit erdi. Ko‘proq sozlarni yaxshi cholar erdi. Uni va usuli xo‘b erdi. Musiqiy ilmidin ham xabardor erdi. Xututni (xatning ko‘pligi) ham bitur erdi” deydi.

Yuqorida keltirilgan ma’lumotdan ularning xonadonida she’riyatga alohida mehr, xattotlik san’atiga e’tibor, musiqa ilmi chuqur o‘rganilganligini bilib olishimiz mumkin. Otalarining ismiga “Changiy” taxallusining qo‘llanishi ham bu xonadonda musiqa ilmiga e’tibor katta ekanligini tasdiqlaydi. Oila muhitidagi yuksak madaniyat, san’atga oshuftalik shoirning onasiga ham ta’sir etmasligi mumkin emas edi. Xuddi shunday ma’rifatli muhit G‘iyosiddin Kichkina avlodlari xonadonida ham davom etgan. Alisher Navoiyning ota-onasidagi she’riyatga qiziqish bo‘lajak shoirning uch yoshidayoq she’r yod olishi tasodifiy hol bo‘lmay, balki irsiyat bilan bog‘liq.

Temuriylar davrida faoliyat olib borgan tarixchilar, oliy tabaqaga mansub ayollar, malikalar, ularga xizmat qilgan kanizlar, joriyalar, cho‘rilar haqida ma’lumot berishda nihoyatda ehtiyotkorlik bilan ish tutgan. Lekin umumiy ishora tarzida berilgan ma’lumotlar ichkarida makon tutgan sohibalarning hayoti, his-tuyg‘ulari, orzu-o‘ylari, hatto iztiroblari va fojialarini tasavvur qilish imkonini beradi.

Shohruh Mirzo, Abulqosim Bobur saroyidagi malikalarga bo‘lgan munosabat boshqa xonlaru amirlarnikidan farq qilgan. Ularning saroyda tutgan mavqeiga qarab alohida saroy va ko‘shklar, Hirotning orombaxsh va go‘zal joylarida har biriga atab bog‘lar barpo qilingan. Mazkur saroy va ko‘shklar malikaga atab qurilganidan kelib chiqib, ayrim ma’lumotlar xalq orasida tarqalgan. Bu kabi bunyodkorliklar asosan mamlakatda hukm surgan tinchlik, osoyishtalik davrida amalga oshirilgan. Hirotdagi malikalarga yaratilgan shart-sharoitlarda shubhasiz, bosh malika Gavharshodbegimning o‘rni beqiyos ekanligini muarrixlar e’tirof etadi. Ayniqsa, malikalarga xizmat qiladigan xodimlarni, kanizlarni tanlash, saroy ichkarisida bo‘lib o‘tadigan to‘y-hashamlar, turli tadbirlar, ko‘ngilochar mashvaratlar uning xohish-irodasiga qarab amalga oshirilgan. Aynan ana shu davrda o‘iyosiddin Kichkina xonadoni temuriylar e’tiborida bo‘lib, saroyning nufuzli oilalaridan biri hisoblangan.

G‘iyosiddin Kichkina taxminan 1438-1439 yillarda Shayx Abu Said Changiyning qiziga uylanadi. Bu nikohdan amir Shayx Baxlul, amir Alisher Navoiy va Darvesh Ali dunyoga keladi. Ularning qizlari bo‘lgan yoki bo‘lmaganligi haqidagi ma’lumotlar biror manbada uchramaydi. G‘iyosiddin Kichkina xonadoni, yosh oila Hirotda istiqomat qilganida mamlakatni temuriyzoda Shohruh Mirzo boshqargan.