Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Nega qovun ichidan ba’zan qurt chiqadi? Soha vakillari izohi

Viloyat o‘simliklar karantini va himoya boshqarmasiga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda nisbatan ko‘proq kuzatilayotgan, yurtimizga asosan Kavkaz va Kavkazoldi hududlaridan qovun pashshasi kirib kelgan. U poliz ekinlariga jiddiy zarar yetkazib, hatto eksport xajmini kamayishiga sabab bo‘lishi mumkin. Albatta, unga qarshi kurashilmasa.

Ba’zi hollarda ishtaha bilan yuvib, endigina qovunni kesganingizda unga ichki o‘rta qismiga qurt tushganiga guvoh bo‘lasiz. Bu ham biz yuqorida aytgan, ilmiy nomi Sarromua pardalina Bigot deb ataluvchi mazkur zararkunandaning “ishi”.

Qovun pashshasi bizning sharoitda mavsum davomida uch va undan ko‘p miqdorda avlod beradi. Qish mavsumida 5-15 santimetr tuproq ostida soxta g‘umbak holida saqlanib, may, iyun oylarida, ya’ni qovun palaklarining gullashi va meva tugishi davrida uchib chiqadi.

Pashsha qovun yoki tarvuzning yosh nihollari shirasi bilan oziqlanadi. Har bir yetilgan nasldan keyin zararkunandalarda yana 23-30 kundan so‘ng nasl paydo bo‘ladi. Bitta pashsha qovun po‘sti ostiga bir dona tuxum qo‘yadi, hammasi bo‘lib 120 donagacha tuxum qo‘yadi. 3-4 kundan so‘ng tuxumdan qurt chiqib qovun (tarvuz)ning yumshoq qatlamiga ilonizi yo‘l qoldirgan holda kirib boradi va oziqlanadi. Qurt oq-sarg‘ish rangda bo‘lib, uzunligi 5-12 mm. bo‘ladi. Qurt qovun ichida 10 kun atrofida yashagandan so‘ng u yerni tark etadi va 15 sm. chuqurlikda, tuproq ichida g‘umbakka aylanadi. Oqibatda, qovunlar pishmasdan dalada chirib, aynib ketadi. Yoki pishganda ham uning ichida bakteriya va hatto qurtlar tushadi.  

O‘simliklar karantini va himoya boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, qovun pashshasiga qarshi biologik kurash ham yaxshi samara berishi mumkin. Bugungi kunda bu zararkunandaning tabiatdagi kushandalari aniqlangan. Oltinko‘zlar oilasiga mansub hasharotlar alohida o‘rin egallaydi. Qovun pashshasiga qarshi ularni qo‘llash yaxshi samara beradi. Ayni damda ham mazkur hasharotga va boshqa zararkunandalarga qarshi dolzarb 15 kunlik davom etmoqda.