Nega direktorlik o‘rinlari bo‘sh?
Yangi tartibga ko‘ra, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari maktab direktorlarini tanlash jarayonini Direktorlar kengashi hal qiladi.
To‘g‘rirog‘i, Direktorlar kengashining suhbatidan o‘tgan nomzod Kengash tavsiyasiga asosan hududiy boshqarmalar tomonidan maktab direktorligi lavozimiga tayinlanadi. Bunday tartib Respublika Prezidentining 2023 yil 26 mayda “Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda uning tizimidagi tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari Direktorlar kengashi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi buyrug‘ida belgilangan.
Vakant direktor lavozimiga menejerlik sertifikatiga ega nomzodlar hujjat topshira oladi. Masalaning yana bir nozik tomoni, menejerlik sertifikatiga ega nomzodlarning hammasi ham suhbatdan o‘ta olmaydi. Bo‘lajak direktordan bilim, tajriba va rahbarlik qobiliyati talab etiladi.
Fakt va raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, 2025 yilda Samarqand viloyati Direktorlar kengashi tomonidan 97 nafar nomzod suhbatdan o‘tgan hamda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan direktorlikka tayinlangan. Shuningdek, ayrim nomzodlar Kengash suhbatidan o‘ta olmagan.
To‘g‘ri, menejerlik sertifikatini olish oson emas. Ammo sertifikatga ega bo‘ldim degani, direktor bo‘ldim, degani emas. Rahbarlikning ham o‘ziga yarasha burch va vazifalari bor. Ba’zida suhbat jarayonida bo‘lajak direktor katta ishlarni bajarishni va’da beradi. Ayrimlari so‘zining ustidan chiqadi, ayrimlari aksincha. Masalan, yangi tayinlangan direktorlardan Toyloq tumanidagi 8-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Nodirjon Melikov, Urgut tumanidagi 156-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Azamat Vahobovlarni namuna sifatida keltirsak bo‘ladi. Ularning faoliyati Kengash tomonidan a’lo baholandi. Ammo, ba’zi direktorlarning faoliyatida xato va kamchiliklar ko‘pligi ham kuzatilmoqda. Hali rahbarlik tajribasi kam, yetarli malakaga ega bo‘lmagan maktab direktorlariga maslahatlar berilyapti.
Bizni o‘ylantirayotgan muammo vakant direktorlik o‘rinlaridir. Shahar joylarda muammo yo‘q, ammo olis qishloq joylarda ayrim maktablarda direktorlik vazifasi vakant bo‘lib turibdi. Bu muammoning oldini olish uchun ko‘p yillik pedagog sifatida menda bir taklif bor. Har bir maktab direktori menejerlik sertifikati mavjud ikki nafar zaxira tayyorlashi kerak. Masalan, o‘quv ishlari bo‘yicha va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari menejerlik sertifikati olsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Shu o‘rinda Direktorlar kengashining faoliyatiga ham biroz to‘xtalsak. Kengash nafaqat direktorlarni suhbatdan o‘tkazadi, balki ularga boshqa vazifalar ham yuklangan. Masalan, Kengash yangi tayinlangan direktorlarning 2 yilgacha shaxsiy rivojlanish rejasini kuzatib boradi va maktab ma’muriyati (direktor va o‘rinbosarlar) uchun har chorakda kamida bir marta o‘quv seminar-treninglar o‘tkazadi. Maktab boshqaruvida sog‘lom muhitni ta’minlash maqsadida pedagoglar va ota-onalar o‘rtasida so‘rovnomalar o‘tkazib, o‘rganishlar olib boradi.
Bugungi kunda viloyat Direktorlar kengashida 9 nafar a’zo mehnat qilmoqda. Ular jamoatchilik nazorati asosida faoliyat olib boradi. Kengash a’zolari viloyatdagi eng namunali, tashabbuskor, mahoratli direktorlar ichidan saralab olingan. Masalan, o‘zim rahbarlik qilayotgan Toyloq tumanidagi 26-umumta’lim maktabi har sohada yetakchi bo‘lib, o‘quvchilarning oliy ta’limga kirishi va bir qator ko‘rsatkichlari bo‘yicha tumanda birinchi o‘rinda, viloyatda ham bir necha yildan beri yetakchi o‘rinlarni egallab kelmoqda. Maktab pedagoglarining 60 foizga yaqini oliy va 1-toifali o‘qituvchilar bo‘lib, bundan tashqari, 30 foiz o‘qituvchida xalqaro va milliy sertifikatlar mavjud. Kelgusida bu ko‘rsatkichni yanada ko‘tarishga harakat qilmoqdamiz. Bu esa o‘z-o‘zidan ta’lim sifati va samaradorligining oshishiga zamin yaratadi.
Yulduz Abdurahmonova,
Samarqand viloyati direktorlar kengashi a’zosi, geografiya fanlari nomzodi.