Davlat idoralariga kadrlar tanlanish jarayoni shaffofmi?
2020 yilda davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlari uchun yagona ochiq portalida tanlov e’lon qilinib, 44 ta g‘olib aniqlangan va ishga joylashtirilgan.
Viloyat matbuot uyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat xizmatini rivojlantirish agentligi viloyat filiali vakillari ishtirokida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
2020 yil davomida agentlik tomonidan amalga oshirilgan ishlar hamda davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlariga yagona ochiq portal orqali o‘tkazilgan tanlovlar natijalari bo‘yicha o‘tkazilgan anjumanda agentlik viloyat bo‘limi rahbari Rustam Qobilov mavzu yuzasidan axborot berdi.
- Bugungi kunda agentlikning hududiy filiali xodimlarni boshqarish va inson resurslarini rivojlantirishga innovatsion uslublarni joriy etish sohasida bir qator ishlarni amalga oshirib kelmoqda, - dedi R.Qobilov. - Xususan, “Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlari yagona ochiq portali” - vacancy.argos.uz sayti orqali tanlovlar o‘tkazib kelinmoqda. Xususan, Samarqand viloyati bo‘yicha portal orqali 180 marta e’lonlar berilgan bo‘lib, shundan 128 tasi bo‘yicha jarayonlar yakunlangan. O‘tkazilgan tanlovlarda 44 ta g‘olib aniqlangan va 81 holatda tanlov g‘oliblari aniqlanmaganligi, ya’ni arizachilar tegishli talablarga javob bermagani tufayli qayta e’longa berilgan.
Ushbu e’lonlar davomida fuqarolarimizdan jami 1 554 ta ariza kelib tushdi, shundan 571 tasining mutaxassisligi malaka talablariga javob bergan. Ularning 185 nafari test sinovlaridan o‘tib, suhbat bosqichiga taklif etilgan. Hozircha viloyatdagi 17 ta boshqarma, tashkilot hamda 5 tuman hokimligi agentlik orqali kadrlar tanlash imkoniyatiga ega. Kelgusida barcha davlat idoralarini qamrab olishni rejalashtirganmiz.
Shuningdek, agentligimiz tomonidan boshqaruv idoralari rahbarlarining funksional vazifalarini bajarish natijasi bo‘yicha montirong natijalari ham yaqin kunlarda keng jamoatchilikka taqdim etiladi. “Kelajak liderlari” loyihasi bo‘yicha klub tashkil etilishi rejalashtirilgan. Ayni kungacha ushbu klub a’zoligigi 500 dan ziyod arizalar kelib tushgan.
Matbuot anjumani davomida jurnalistlar agentlik faoliyati bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga jaob oldi.
Gulruh Mo‘minova.