Kadrlar zaxirasi qanday shakllantiriladi?
Viloyatda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish istiqbollariga muvofiq kadrlar zaxirasini shakllantirish tizimini takomillashtirish va yanada rivojlantirish maqsadida viloyat hokimi qarori qabul qilingan.
Qarorda qayd etilishicha, hokimliklarda kadrlar tayyorlash tizimining bugungi davr talabi darajasida emasligi, bu borada axborot bazasi to‘liq shakllantirilmaganligi, mutaxassis kadrlar bilan ta’minlash yuzasidan oliy o‘quv yurtlari va jamoat tashkilotlari bilan uzviy hamkorlik yo‘lga qo‘yilmaganligi viloyat, shahar va tumanlar xokimliklarida malakali, zamonaviy dunyoqarash va bilimga ega kadrlar taqchilligini keltirib chiqarmoqda.
Hujjatda viloyat, shahar va tumanlar hokimliklarining kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish, ularning zaxirasini shakllantirish sohasidagi faoliyati qoniqarsiz, deb topilgan.
Qaror bilan viloyat, shahar va tuman hokimliklarida bo‘sh turgan lavozimlarni yuqori malakali mutaxassislar bilan ta’minlash va kadrlar zaxirasini yaratish masalalari bo‘yicha ishchi guruh tarkibi, viloyat hokimligi tizimida kadrlar bilan ishlash va kadrlar zaxirasini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlangan.
Shuningdek:
malakali kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish;
ularning kasbiy tayyorgarligini tubdan takomillashtirish, yangicha fikrlaydigan, mas’uliyatli, tashabbuskor, vatanparvar kadrlarni jalb etish;
yangicha hamda mustaqil fikrlaydigan, mas’uliyatli, tashabbuskor, ilg‘or boshqaruv usullarini puxta o‘zlashtirgan, halol, o‘z Vatani va xalqiga sodiq kadrlar zaxirasini yaratish;
yuqori turuvchi lavozimlarga tayinlash va ko‘rsatish, kadrlar zaxirasini shakllantirishda jamoatchilik tashkilotlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;
oliy o‘quv yurtlari bilan birgalikda o‘qishni tugatgan, chuqur bilimga ega yoshlar to‘g‘risida kadrlar zaxirasi uchun ma’lumotlar axborot bazasini yaratish Ishchi guruhining asosiy vazifalari etib belgilansin:
Viloyat hokimining o‘rinbosarlari, tashkiliy-nazorat guruhi rahbari hamda shahar va tuman hokimlari amalga oshirilayotgan islohotlar talablariga muvofiq hokimliklar zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish qobiliyatiga ega bo‘lgan kadrlarni tanlash va joy-joyiga maqsadli qo‘yish, o‘z vazifalarini vijdonan bajarayotgan xodimlarning xizmatda ko‘tarilishini ta’minlovchi kadrlar zaxirasini shakllantirishga shaxsan mas’ul ekanligi belgilangan.