(Tuman)ga gazeta kerak

"Bugungi zamonaviy axborot asrida-ya? Qo‘limizdagi telefonda hamma yangilik, gap-so‘z ko‘rinib, dunyoning nafasi sezilib turibdiku", deyishga shoshilmang. Qavs ichiga balki “viloyat”, biror soha yoki tarmoq, balki o‘zingiz istagan hududni ham qo‘yib olishingiz mumkin. Bunisi sizning gazeta bilan nechog‘lik tanishligingiz, gazeta o‘qishingiz va tahririyatlar, ularda faoliyat ko‘rsatayotgan ijodkorlar mehnatiga qanday baho berishingizga bog‘liq.

Sarlavhani bunday nomlashimizga (xabar berganimizdek) Paxtachi tumanining “Paxtachi” gazetasi tashkil etilganining 90 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirlar turtki bo‘ldi.

Bu nashr ham boshqa ko‘plab gazetalar qatori sobiq tuzum davriga aholiga axborot yetkazish (chunki o‘sha paytda boshqa ommaviy axborot vositasi bo‘lmagan), partiya g‘oyalarini targ‘ib etish va mafkura targ‘ibotchisi sifatida tashkil etilgan. Nomi ham (“Uchqun”) o‘sha davrga mos bo‘lgan, albatta. Gazeta dastlabki paytlarda rayon partiya qo‘mitasi birinchi kotibi A.Shirinxo‘jayev rahbarligida chop etilgani ham uning qanchalik muhim “qurol” bo‘lganini ko‘rsatadi. Unda kichik bir tumanning barcha hududlari va sohalarini qamrab olishga harakat qilingan. Masalan, gazetaning 1935 yildagi 10-sonida 51 muallif imzosi bilan 60 ta xabar berilgan. Albatta, bu materiallar juda katta, salmoqli emas, to‘rt-besh satrdan iborat bo‘lgan. Ushbu xabarlarni faqatgina tahriyatning 10-15 nafar xodimi yozmagan, jamoatchi muxbirlar (ularni ishchi-dehqon muxbirlari ham deb atashgan) – o‘qituvchi va o‘quvchilar, kolxozchilar, turli kasb egalari yo‘llab turgan, xuddi hozirgidek istagan odam ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida turli xabarlarni, atrofidagi voqea-hodisalarni berib borayotgani kabi. Lekin ular bugungidek “layk” yig‘ish, obunachilarini ko‘paytirish uchun yolg‘on-yashiq, “oldi-qochdi” xabarlarni tarqatmagan, jamiyat uchun, umummanfaat uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni yozgan.

Ta’sis etilgan yili gazeta 1200 nusxada chop etilgan ekan. Bugun  - oradan 90 yil o‘tib, “Paxtachi” gazetasi 1700 nusxada chiqmoqda. O‘sish “yuqori”-ya? Gazeta muassisi – tuman hokimligi mas’ullari tahririyatni qo‘llab-quvvatlab, kelgusi yilda uning adadi ko‘payishini aytishdi.

Gazetaning bosma nusxasi kam bo‘lsa ham uning ijtimoiy tarmoqlardagi “Muhim24.uz” nomi bilan yuritiladigan sahifalarini kuzatuvchilar, obunachilari umumiy soni 70 mingdan oshadi. Ana shu minglab kuzatuvchiga nafaqat Paxtachi tumani hayoti, balki respublikamiz va xorijdagi voqea-hodisalar haqidagi axborotlarni, jamiyatdagi nuqson va illatlar haqidagi tahlillarni tunu-kun, hozirgi til bilan aytganda, 24/7 rejimida uzatish gazeta tahririyatining 10 nafarga yaqin xodimi va ular atrofiga jamlangan jurnalistikaga havasmand yoshlar tomonidan tarqatiladi. Bu materiallar faqat maqola tarzida emas, videolavha, videosharh, audioxabar shaklida berilmoqda. Tahririyat xodimlari bugun “gazetchi”, teleboshlovchi, reporyotr, montaj ustasi, o‘z o‘rnida, sun’iy intellektdan faol foydalanuvchi.

Uch yil oldin tahririyat qoshida “Kelajak jurnalistlari” to‘garagi tashkil etilgan edi. Bugungi kunda to‘garak respublika bo‘ylab 50 nafardan ortiq yoshni birlashtirgan holda onlayn tarzda ishlamoqda. Yana ko‘plab yoshlar tahririyatga kelib, tajribali jurnalistlardan kasb sirlarini o‘rganyapti va jamoada o‘ziga xos ijodiy maktab shakllanmoqda.

– Bugun axborot asrida xabar va yangiliklar internet orqali soniyalar ichida butun dunyoga tarqatilayotgan bir paytda bosma ommaviy axborot vositalarini  nashr etish va tarqatish oson kechmayapti, – deydi “Paxtachi” gazetasi muharriri Sanjar Qurbonov. – Odamlar gazetani axborot yetkazuvchi vosita, deb qabul qilgan va shuning uchun bugun ijtimoiy tarmoqlar ommalashgach, bu vazifasini bajara olmay qoldi. Lekin jamiyat hayoti, voqea-hodisalarga nisbatan aholi fikrini shakllantirish, turli muammolarni tahlil qilish, tanqid orqali yechim taklif qilish funksiyasini yo‘qotgan emas. Biz bugun gazetamiz faoliyatini shu kabi talablar asosida tashkil etyapmiz, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizni gazeta orqali targ‘ib qilyapmiz. Gazeta o‘z vaqtida obunachi qo‘liga tegishi uchun kurerlik xizmati tashkil edik, ya’ni gazetamizni bosmaxonadan kelgan zahoti o‘zimiz tarqatamiz. Gazetani bir hafta – o‘n kunda chop etsak ham tuman hayotiga doir xabarlarni har kuni, voqea-hodisalarni o‘sha paytning o‘zida kuzatuvchilarimizga yetkazamiz. Samarqand viloyati hokimligi ko‘magida 2020 yilda qurib berilgan "Matbuot uyi"da videolavhalarni suratga olish, montaj qilish uchun zarur sharoit qilib olganmiz. Imkon qadar so‘nggi rusumdagi fotoapparat, kamera va boshqa kompyuter texnikalari olganmiz, bularsiz ish oldinga ketmasligini yaxshi bilamiz. O‘zimizning imkoniyatimiz yetmaganda tuman hokimligi yordam beryapti. Chunki biz tumanning asosiy ommaviy axborot vositasi sifatida, avvalo, Paxtachi va paxtachiliklar manfaati uchun xizmat qilamiz, tuman hokimligining bu boradagi ishlarini yoritamiz, oqsayotgan yoki muammolar to‘planib qolgan sohalarni tanqid qilish orqali tuman rahbariyatiga yo‘nalishni to‘g‘ri olishga ko‘maklashamiz. Tumanimiz rahbarlari buni yaxshi tushunadi va shuning uchun ham bizni doim qo‘llab-quvvatlaydi.

Ha, gazeta tashkil etilganining 90 yilligini muhim sana sifatida nishonlash va viloyat ommaviy axborot vositalari vakillarini Paxtachiga taklif etib, o‘zaro tajriba almashishga imkoniyat yaratish, tahririyatning sobiq xodimlari hamda bugungi jamoasi mehnatlarini e’tirof etish ham muassisning e’tibori, qo‘llab-quvvatlashi natijasi, albatta.

Tumanda yaqinda ish boshlagan hokim Qayum Xushboqov boshqa sohalar qatori gazeta tahririyati bilan ham yaqin hamkorlikda ishlayotganini qayd etib, gazeta ijodkorlarini jamiyatning yuzi, tumanning eng ilg‘or ziyolilari sifatida e’tirof etdi. Shu tahririyatda mehnat qilib, tuman ijtimoiy hayotida faol qatnashgan ijodkorlarga minnatdorlik bildirdi, ularga hokimlik tomonidan esdalik sovg‘alari taqdim etildi.

– Qirq yildan ortiq vaqt gazeta tahririyatida ishlab, oila tebratdim, elga tanildim, ozmi-ko‘pmi tumanimiz rivojiga hissa qo‘shdim, – deydi mehnat faxriysi Izzatulla Norquvvatov. – Pensiyada bo‘lsam-da, hozir ham tez-tez tahririyatga kelib turaman, yoshlarning ish jarayonlarini kuzatib, ularga havas qilaman. Bugun jurnalistika sohasida ishlash oson emas, lekin qaniydi yosh bo‘lib qolsam-u ulardek jo‘shib ishlasam, deyman.

“Paxtachi” gazetasida faoliyat ko‘rsatgan va ayni paytda “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari bosh muharriri Farmon Toshev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, paxtachining fidoyi farzandi Ismat Sanayev, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi raisi Akram Haydarov va boshqalar tuman bilan bir vaqtda tashkil etilgan “Paxtachi” gazetasining qariyb bir asrlik yo‘li haqida gapirib, bugungi jamoa ishiga muvaffaqiyat tiladilar.

G‘olib Hasanov.

Husan Eltoyev (suratlar).