Nevara: Xudobobo, karanovirusni o‘ldir. Dadam bilan oyim bizni istirohat bog‘iga olib borishsin!
Yaratgan Egam uchta qizimdan yetti nevara bergan – besh o‘g‘il, ikki qiz. Faqat nevaram Temurbekka qarindosh, deb murojaat qilaman. Haqiqatan u menga qondosh. Kenja qizimning bo‘yi yetib, sovchilar tinchlik bermaganidan so‘ng rahmatli otamga amaki bo‘lgan qarindoshimizning menga hamteng bo‘lgan nevarasini qudalikka tanlaganman. Uning o‘g‘li va mening qizim aka-ukaning nevaralariga farzandlar bo‘lib, yoshlar uchinchi avlodga taalluqli bo‘lgani uchun tibbiyotning yaqin qarindoshlar o‘zaro oila qurishi tavsiya etilmaydi, degan yo‘rig‘iga mos tushmagandi va shundan keyin hech bir xavotirsiz quda bo‘lgandik. Qizimni o‘zim tug‘ilib o‘sgan qishloqqa uzatishim bilan qarindoshchilik rishtalari yanada mahkamroq bog‘landi, ota avlodim bilan bordi-keldi ko‘paydi.
Kenja qizim ikkinchi farzandli bo‘lganidan so‘ng unga qarashish uchun onasini hafta-o‘n kunda qishloqqa olib borardim va ko‘pincha xotinim Temurbekni o‘zi bilan olib qaytardi.
- Ukasiga tinchlik bermaydi. Bir qarasangiz sutini ichib qo‘ygan, bir qarasangiz beshikni yiqitgan. Olib keldim, bir-ikki kun tursin, keyin dadasi olib ketadi.
Xotinimning hadiksirab aytgan gapiga e’tibor bermayman. Aksincha, bizning qarindoshni ergashtirib kelganiga xursand bo‘laman.
- Qarindosh qanday, - deyman engashgancha iymanib turgan nevarani o‘zimga tortib.
- Yaxshi, - deydi u va kattalar quchoqlashib ko‘rishgani kabi. Bir-birimizni bag‘rimizga bosib, yelkalarimizni qoqib qo‘yamiz. Shunday ko‘rshishni unga o‘rgatganman va bu ishni mehr va ishtiyoq bilan bajarganidan ko‘nglim cheksiz huzur tuyadi.
Xotinim uni ogohlantirgani bejiz emas. Ikki katta qizim maktabga qatnay boshlagan. Bolalari bilan dam olish kunlari bizni yo‘qlab kelishsa, uy “Siyob bozori”ga aylanadi. Ularning qiy-chuvidan xonamda o‘tirolmay qolaman. Chiqib tartibga chaqiraman, tanbeh beraman. Bir necha soniya uy sukutga cho‘kkandek bo‘ladi, keyin yana o‘sha shovqin-so‘ron. Ko‘nikmasdan iloj yo‘q, gapirish befoyda.
Pensiyaga chiqqanimdan so‘ng Temurbekni o‘zim olib keladigan bo‘ldim. Uningsiz uy huvvilab qolganga o‘xshardi, zerikardik. Uning bir joyda tura olmasligi, tinim bilmay gapirishi xayolda jonlanib, yurakni entiktiruvchi sog‘inch uyg‘otardi bizda. Er-xotin mutolaaga o‘ch bo‘lsak ham o‘zimizni kitoblar bilan uch-to‘rt kundan ziyodga ovutolmasdik. Qizimning oyisi bilan telefonlashganidan nevaramizning ham bizni qumsayotgani ma’lum bo‘lardi. U mendan ham ko‘ra, buvisiga juda o‘rganib qolganini sezardim. Bizga talpinishining asosiy sababi uning erkaligini ko‘tarishimizda edi.
Galdagi olib kelganimning ikkinchi kuni karantin e’lon qilindi. Pandemiya shunchalar xatarli ediki, odamlarga zaruratsiz ko‘chaga chiqmaslik talabi qo‘yildi. Uyga qamalib qoldik.
Kunlik holatdan voqif bo‘lish maqsadida e’tiborimiz telexabarlarda bo‘lar, vaziyatning og‘irligi hatto besh yoshni endigina qarshilagan nevaramga ham ta’sir qilgani yaqqol ko‘zga tashlanardi. Kechki ovqatdan keyin bahorning salqin havosida bir soat ko‘cha aylanish odatimizning birinchi kunlar esimizga solgan bo‘lsa, buvisi ahvolni tushuntirgan bo‘lsa kerak, keyin bu haqda og‘iz ochmadi. Bir necha kun o‘tib esa o‘sha sayrlarni eslab, bizni yupatadigan bo‘ldi.
- Koronaviros o‘lsa, keyin yana ko‘cha aylanishga chiqamiz, xo‘pmi bobo.
- Albatta, qarindosh.
Gap bilan boshini qotirgani uchun buvisi oldimga yuborgani aniq, ba’zan xonamga kelib, qanday kitob o‘qiganimni so‘rab qoladi. Aytaman, diqqat bilan eshitadi. Keyin javondagi kitoblardan birini olib, o‘qishga tutinadi. Uning o‘ziga xos xislati, ovoz chiqarib o‘qishida. Kulgim keladi. Harfni bilmaganning o‘qishi qiziq-da. Lekin ravon o‘qidi. Ertak bo‘lsa kerak, qandaydir hayvonlarning nomlari yangraydi tilida. Yo‘q, hozirgi zamonga o‘xshaydi. Oilaviy bo‘lib istirohat bog‘iga borganlari, halinchakka uchgani haqidagi so‘zlar. Keyingi tafsilot xolalarining bolalari bilan bo‘lgan suhbatlarga ko‘chdi.
- Qanday kitob o‘qiyapsan, - deyman o‘zimni kulgidan bazur saqlab.
- Zo‘r kitob.
Kitobni qanday o‘qigani haqida buvisiga gapirib berarkanman, bolani harfga o‘rgatish kerakligini ham aytdim va ko‘nglini ko‘tarish uchun xotinlarning asabi erkaklarnikiga nisbatan kuchli ekanini ta’kidlab, bu ishni unga topshirdim.
Temurbek xonamga kirib, “A” harfini o‘rganganini, u qanday yozilishini ko‘rsatdi. Daftarda buvisi namuna sifatida ko‘rsatgan “A” harf va yonida o‘zi davom ettirgan bir necha qator “A”lar yozilgandi. Albatta, bu harfni “A” deb bo‘lmasdi. Lekin boshlanishi yomon emas, deb uni maqtadim. U mashqini davom ettirish uchun chiqib ketdi. Bir oz o‘tib yangi yozganlarini namoyish etish uchun keldi. Tajriba, mahoratni oshirish kerak edi, aksi bo‘libdi. Ko‘proq mashq qilishini aytib chiqarib yubordim. Ancha vaqt ko‘rinmay qoldi. Ko‘zimga dam berish uchun oshxonaga chiqdim. Buvisi ovqatga unnar, nevara xontaxtaga daftarni qo‘yib, yozish bilan ovora edi. E’tibor bersam, rasm chizyapti. Xayolimdan boshlang‘ich sinf o‘qituvchilariga oson emasligi o‘tdi. 30-40 bolaga harf o‘rgatishning o‘zi bo‘ladimi.
Temurbek daftardan boshini ko‘tardi.
- Qani, musavvir, asaringizni ko‘rsatingchi.
Daftar sahifasida beo‘xshov bo‘lsa ham odamlar shakli chizilgan, yonma-yon turgan ikki kishi, bu dadasi bilan oyisi bo‘lsa kerak. Ular biri kichik, ikkinchisi katta bolaning qo‘lidan tutishgan, demak o‘zi bilan ukasi. Sahifaning ostki qismida yana bir odam shakli, lekin yotgan holati chizilgan.
- O‘xshatibsan, - deyman uni maqtab. - Bu dadang va oying. Bunisi sen va ukang. Qo‘llaringda nima ushlagan sizlar.
- Bu pichoq, - deydi u rasmdagi odamning tana shaklidan chiqqan chiziqqa ulangan yana bir kichik chiziqchani ko‘rsatib.
- Dadangning pichog‘i uzunroq ekan.
- Dadamning qo‘llarida qilich-ku.
- Senda uchta pichoqmi?
- Avtomat bu.
- Yotgan odamni ko‘zini ruchkani bosib chizibsan. Teshilibdi.
- Ruchka teshmagan. Avtomat bilan ko‘ziga otganman. U o‘lgan.
Sergak tortdim. Yoshgina bolaning, hali esini tanimay turib, kimnidir o‘ldirganini tasvirlashi vahima uyg‘otgandi menda.
- Kim bu?
- Koronavirus-ku. Tanimadingizmi?
Birdan ta’sirlandim. O‘lib yotgan nusxa badbashara bo‘lib, boshidagi sochlari paxmoq qilib chizilgandi. Dahshatli virus faqat kattalarning emas, bolalarning ham nafratiga uchraganini his etdim.
- Zalga o‘tinglar. Iftor yaqinlashyapti, dasturxon tuzay.
Iftorlik duosini o‘qib, bir qultumdan suv ichib, bir dona xurmo bilan og‘izni ochib, taomlarga qo‘l uzatdik. Dasturxonda turli yeguliklar qo‘yilgandi. Tinch va faravon hayotda yashayotganimizni yana bir bor xayolimdan o‘tkazib, Yaratganga shukronalar keltirdim.
Iftorlikni tugatib, ominga qo‘l ochdim va barchaning tanasiga sog‘lik, ishlariga baraka tiladim. Xalqimiz, davlatimiz omon bo‘lsin!
- Bobo, men ham omin aytaman, - dedi qo‘lini duoga ochgan nevaram.
- O‘qi, - to‘g‘risi, undan banday gap chiqishini kutmagandim.
- Ey Xudobobo! Tezroq karanovirusni o‘ldir. Odamlar yana ko‘chaga chiqishsin. Dadam bilan oyim ukam bilan meni istirohat bog‘iga olib borishsin. Muzqaymoqlar yeylik. Omin, Allohu Akbar.
Yuzimga bosgan qo‘llarimni bir lahza olmay turdim. Ko‘zimdan oqqan yoshlarni negadir nevaram ko‘rishini istamadim.
Xurshid NURULLAYeV.